NYT: AQSh Suriyadan 600 nafar harbiy xizmatchisini olib chiqib ketyapti
AQSh harbiylari Suriya shimoli-sharqidagi sakkizta operativ bazadan uchtasini yopmoqda, deb yozadi The New York Times. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, 60 kun ichida kontingentni yanada qisqartirish bo‘yicha qaror qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Foto: REUTERS
AQSh Suriya shimoli-sharqidagi sakkizta harbiy bazasidan uchtasini yopmoqda, mamlakatda joylashgan amerikalik harbiylar soni 2000 dan 1400 gacha qisqartiriladi. Bu haqda 17 aprel, payshanba kuni ikki yuqori martabali amerikalik amaldorga tayanib, The New York Times gazetasi xabar berdi.
Nashrning ta’kidlashicha, Mission Support Site Green Village, MSS Euphrates va yana bir kichikroq obekt yopilmoqda. NYT ma’lumotlariga ko‘ra, 60 kundan keyin amerikalik qo‘mondonlar kontingentni yanada qisqartirish yoki kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilishlari kerak. Mutaxassislar Suriyada kamida 500 nafar amerikalik askarni qoldirishni tavsiya qilgan, biroq AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakatda amerikalik qo‘shinlar qolmasligi bo‘yicha «chuqur shubha bildirdi», deb yozadi gazeta. Uning qayd etishicha, Bashar Asad rejimining qulashi Suriyadagi tahdidlar sonini «hech bo‘lmaganda hozircha» kamaytirgan.
The New York Times manbalarining qayd etishicha, AQSh harbiylarining Suriyadagi ishtiroki kamaygan bo‘lsa-da, ular terrorizmga, xususan, IShIDga qarshi kurashda mamlakatning shimoli-sharqini nazorat qiluvchi kurdlar boshchiligidagi «Suriya demokratik kuchlari» harbiy ittifoqini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish niyatida. 10 mart kuni «Suriya demokratik kuchlari» Suriyaning yangi hukumati bilan o‘z fuqarolik va harbiy tuzilmalarini yangi siyosiy tizimga birlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishgani ma’lum bo‘ldi.
Mavzuga oid

14:15 / 04.05.2025
«Ikki urushni ham biz yutgandik». Tramp amerikaliklarning jahon urushlaridagi g‘alaba kunini nishonlashga qaror qildi

23:59 / 03.05.2025
AQSh Xalqaro kosmik stansiyani moliyalashtirishni qisqartiradi

22:42 / 03.05.2025
AQShda jismoniy shaxslar buyurtma qilgan xorijiy tovarlar uchun bojsiz rejim bekor qilindi

21:31 / 03.05.2025