Jahon | 22:36 / 17.04.2025
3333
2 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Xitoyni Rossiyaga qurol yetkazib berishda aybladi

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Xitoy vakillari RF hududida qurol ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanishi mumkin.

Foto: AP

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xitoyni Rossiya armiyasiga qurol yetkazib berishda aybladi, deb xabar bermoqda «Interfaks-Ukraina».

«Biz nihoyat Xitoy Rossiyaga qurol yetkazayotganiga oid ma’lumotlarni oldik. Bugungi kunga kelib, [Ukraina] Xavfsizlik xizmati va razvedka organlaridan porox, artilleriya haqida umumiy ma’lumotlarga egamiz. O‘ylaymanki, kelasi hafta bu borada batafsil ma’lumot bera olamiz», — deydi Zelenskiy.

Ukraina prezidentining qo‘shimcha qilishicha, Kiyev ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoy vakillari, shuningdek, Rossiya hududida qurol ishlab chiqarish bilan ham shug‘ullanishi mumkin.

Xitoy Rossiya—Ukraina urushida rasman betaraf pozitsiyani egallagan va tomonlarni muzokaralar yo‘li bilan urushni yakunlashga chaqiradi. Shu bilan birga, mamlakat Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qo‘shilmagan.

Aprel boshlarida Ukraina Qurolli kuchlari Rossiya tomonida turib jang qilgan ikki nafar Xitoy fuqarosini asirga olgan edi. Rasmiy Pekin mamlakat o‘z harbiylarini Ukrainaga yubormaganini rasman ma’lum qildi. Asirlarning o‘zlari esa Rossiyaga pul ishlash uchun kelgani, biroq aldov yo‘li bilan urushga yuborilganliklarini bildirdi.

Mavzuga oid