O‘zbekiston | 22:01 / 17.04.2025
7152
19 daqiqa o‘qiladi

“Markaziy Osiyo kuchliroq va farovonroq bo‘lishini istaymiz” - YeI elchisi bilan eksklyuziv intervyu

Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Toyvo Klaar Kun.uzʼga eksklyuziv intervyu berdi. Elchi Markaziy Osiyo bilan strategik hamkorlik, uning yo‘nalishlari, iqlim o‘zgarishi, jahondagi urushlar – Ukraina va G‘azo, Afg‘onistondagi vaziyat, mintaqaviy jarayonlar, O‘zbekistondagi ijtimoiy-siyosiy kayfiyat hamda islohotlar xususidagi savollarga javob berdi. Respublikadagi inson huquqlari va media, so‘z erkinligi borasida ham elchi qarashlarini bayon qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlarining aloqalari rasman strategik hamkorlik darajasiga chiqdi. Yevrokomissiya prezidenti mintaqa bilan 4 yo‘nalishda yaqin sheriklikni e’lon qilib, bunga 12 mlrd yevro ajratilishini bildirdi. Kun.uzʼga eksklyuziv intervyu bergan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari – Toyvo Klaar bilan suhbat aynan shu strategik hamkorlikdan boshlandi.

“YeI qandaydir g‘alabani istab strategik hamkor bo‘lmadi”

Yevropa Ittifoqi bugun dunyoning 2-katta iqtisodi, liberalizmning asosiy homiysi va jahonning eng liberal qarashli mintaqasi. Ko‘p qutbli dunyoda gegemonlik uchun asosiy besh nomzodning biri ham – Yevroittifoq. Jahondagi geosiyosiy jarayonlarning borishi hamda asosiy qarorlarning qabul qilinishida Bryusselning pozitsiyasi o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyo bilan ittifoq strategik hamkorlarga aylanarkan, mintaqada geosiyosiy manfaatlari kesishgan gigant davlatlarning bunga qarashi – muhim. Elchi Toyvo Klaarga ko‘ra, Yevroittifoq Markaziy Osiyo bilan eksklyuziv aloqalarni yoki geosiyosiy g‘alabani ko‘zlamaydi.

-Keling, avvalo Samarqandda o‘tgan oxirgi Yevropa Ittifoqi–Markaziy Osiyo sammitiga to‘xtalamiz. Besh davlat rasman ittifoqning strategik hamkoriga aylandi. Xo‘sh, Markaziy Osiyo Yevropa uchun o‘zi prioritetmi?

“Yevropa Ittifoqi uchun Markaziy Osiyo tanlangan hamkor. Biz mintaqaning har bir davlati bilan ham alohida-alohida, ham besh davlatni qo‘shganda bir yagona mintaqa sifatida aloqalarimizni davom ettirib kelyapmiz. Ittifoq mintaqaning qo‘llovchisi bo‘la oladi degan umidimiz bor. Xalqaro munosabatlarda qiziqishlarimiz umumiy va o‘xshash, BMT nizomi va xalqaro huquq qonun-qoidalaridan kelib chiqib, qarashlarimiz ham yaqin. Shu bilan parallel ravishda hozirgi dunyoda savdo aloqalarini yaxshilash va savdo yo‘llarini ochishdan biz ham manfaatdormiz. Siyosiy aloqalarni yaxshilash bilan kelajakda ikki tomon ham bir butun mintaqa sifatida real ishlash imkonini ko‘ryapmiz. Markaziy Osiyoning esa barcha prezidentlari bunga o‘z simpatiyasini bildirib bo‘ldi” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

-Sizningcha ayni masalaga mintaqada manfaatlari kesishgan gigant davlatlarning reaksiyasi qanday bo‘ladi, masalan, Rossiya va Xitoyning, kerak bo‘lsa – AQSh, Turkiya va Hindistonning ham?

“Birinchidan, biz Yevropa Ittifoqi sifatida, hech qanday eksklyuziv munosabatlarga intilmaymiz. Markaziy Osiyo bilan erishmoqchi bo‘lgan va biz taklif qilayotgan narsa bu davlatlarning ham manfaatlarini ko‘zlagan. Va biz qandaydir g‘alaba qozonadigan munosabatlarni o‘rnatish niyatida emasmiz, bunda nafaqat Yevropa Ittifoqi manfaatlari, balki Markaziy Osiyo davlatlari intilishi ham ko‘rinadi. Chunki men chin dildan ishonamanki, Markaziy Osiyo davlatlari qanchalik kuchli bo‘lsa, xalqaro maydonda ular o‘z manfaatlarini shunchalik himoya qila oladi. Bu Yevropa Ittifoqi uchun ham foydali, chunki biz kuchli va g‘ururli Markaziy Osiyo davlatlarini, O‘zbekistonni ko‘rishni istaymiz, bu mamlakatlar ham xalqaro maydonda muhim o‘yinchilar bo‘lishini xohlaymiz” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

“O‘zbekistonda erkinroq jamiyat qurish uchun yordamga tayyormiz”

AQShda Donald Tramp prezidentlikka qayta saylanar ekan, katta qadamlar bilan bu davlat avtoritar tizimga o‘tmoqda. Shunday sharoitda Yevropa eng liberal mintaqa bo‘lib qolmoqda. Markaziy Osiyo bilan aloqalar faqat transport-savdo, energetika yo‘nalishlarida emas, farovon davlatlarning kuchli elementi hisoblangan demokratik, inson huquqlari yuqori ta’minlangan jamiyatni qurish bo‘yicha ham davom etishi kerak.

- Samarqanddagi sammitda so‘zga chiqqan Yevrokomissiya prezidenti Ursula fon der Lyayyen Markaziy Osiyo bilan asosan to‘rt yo‘nalishda hamkorlik belgilanganini e’lon qildi. Bular savdo yo‘llari, muhim va foydali xomashyolar, yashil energiya, sun’iy intellekt va raqamli bog‘liqlik. Lekin mening fikrimcha, Yevroittifoq bilan munosabatlarda qandaydir chegara bo‘lishi yoki shu to‘rt yo‘nalishi bilan aloqalar cheklanishi kerak emas. Mahalliy ekspertlarga ko‘ra, Yevropa bu mintaqani inson huquqlari media va so‘z erkinligini ta’minlash bo‘yicha ham qo‘llashi lozim. Xo‘sh, yana qaysi yo‘nalishlarda birga ishlaysiz, qanday rejalar bor?

“Fakt shuki, bizning aloqalarimiz allaqachon tashkil topgan. O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalarimiz o‘rnatilganiga 30 yil bo‘ldi. O‘tgan yillar mobaynida bizning hamkorligimiz yo‘nalishlari ko‘payib bordi. Ta’limda masalan Erasmus+ dasturlari o‘zbek grant oluvchilari hamda talabalarini Yevropa muhiti, standartlariga moslashtirdi. Albatta, zamonaviy jamiyatni qurishda Yevropa O‘zbekistonga yordam berishni istagan, O‘zbekistonning o‘zida ham bunga ijobiy qaraladi. Shu narsa aniqki, mintaqaning besh davlati bilan biz faqat qaysidir sohalarda hamkor bo‘lib, qolganida chetda turmadik. Xavfsizlikdan tortib iqtisodiy aloqalargacha, Markaziy Osiyodagi jamiyatlarni rivojlantirishda biz mutlaq dialoglarimizga ega bo‘lib keldik” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

-Nega men bu savolni beryapman? AQShda Donald Tramp prezidentlikka kelgach bu davlat liberalizmga qo‘l siltayapti, shunday sharoitda Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng liberal mintaqa va eng asosiy liberalizm homiysi bo‘lib qolmoqda. Ittifoq mintaqa va O‘zbekistondagi demokratiya, media va so‘z erkinligiga, bu borada kelajakda ham o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonadimi?

“Qonun ustuvorligi, individual erkinlikning o‘ta muhim ekanini tan olish – iqtisodiyotning rivoji uchun kerak ekaniga ishonchimiz doim komil bo‘lgan. Jamiyatda yashovchi inson o‘zini erkin tutib, avvalo o‘zining qonun himoyasida ekanini his qilsa, bunday individ tavakkalchilikdan qo‘rqmaydi. U tajriba qiladi, nimadirlarga urinib ko‘radi va oxir-oqibat o‘zi uchun haqiqatlar yaratadi, dunyoni kashf qiladi. Erkin, muvaffaqiyatli jamiyatni qurish esa o‘sha davlatlarning iqtisodiy taraqqiyoti qanday bo‘lishini ta’minlaydi. Buni faqat Yevropa xohlayapti, bu faqat Yevropaga tegishli degan gaplardan yiroq bo‘lish kerak. Bizning pozitsiyamiz aniq, ittifoq qo‘llab-quvvatlashga tayyor, biz O‘zbekistonning boyroq bo‘lishini istaymiz. Insoniy erkinliklarni esa odamlarning o‘ziga qo‘yib berish – hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Ha, O‘zbekistonda islohotlar qilinyapti, Mirziyoyevni tinglasak, bular hali tugamadi. Shunday ekan men yana bir bor ta’kidlayman, bu davlatda ozodroq, erkinroq jamiyat qurish uchun biz qo‘limizni cho‘zishga tayyormiz” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

“Islohotlarga Yevropa emas, rahbarlar va xalqning o‘zi ishonishi muhim”

- O‘zbekistondagi ikkinchi ma’muriyat prezident Mirziyoyev davrida ko‘proq davlatlar bilan kengroq hamkorlikni tanlayapti. Lekin bosimlar ham oshib bormoqda. Mirziyoyev bir necha marotaba Fransiyaga bordi, Germaniya, Vengriya va Italiyaga bordi. Ya’ni O‘zbekiston Yevropa bilan ishlashni xohlaydi. Bryussel rasmiy Toshkentning islohotlariga ishonadimi?

“Umuman olganda, gap bizning ishonish-ishonmasligimizda emas. O‘zbekistondagi hokimiyat organlari, rahbarlar, xalqning o‘zi bu islohotlar natijasiga, insonlar hayotini o‘zgartira bilishiga avvalo ishonishi kerak. Bu o‘zgarishlar to‘xtab qolmasligi, davom etishi juda muhim. Prezidentning o‘zi ham aytganidek, men ham shu fikrdaman, ha ancha ishlar qilindi, lekin undanam ko‘proq qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar hali bor. Yevropa Ittifoqi esa bu yo‘lda faqat qo‘llay biladi” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

“Yevropa bizneslari uchun Markaziy Osiyoga yagona hudud deb qarash – qulayroq”

- Yevropa Ittifoqi dunyodagi ikkinchi katta iqtisodiyot. O‘zbekiston bozori yevropalik tadbirkorlar va ittifoqning o‘zi uchun qanchalik jozibador hamda qiziq?

“Markaziy Osiyoda jami 80 millionga yaqin aholi bo‘lsa, shundan eng ko‘pi bir O‘zbekistonning o‘zida, ya’ni 38 million. Yaqinda prezident Mirziyoyev bilan ko‘rishganimda uning so‘zlaridan O‘zbekiston Markaziy Osiyoga yagona mintaqa deb qarashni ma’qul ko‘rishini, 5 davlat ichidagi o‘zaro to‘siqlarni olib tashlash tarafdori ekanini tushunganman. Investorlar uchun ham tashqaridan mintaqani yagona bozor deb bilish qulayroq, shundagina ularning birgalikdagi iqtisodiyoti jozibaliroq ham bo‘ladi. Region bo‘ylab zavodlar quriladi, investitsiya kiritish osonroq kechib, oldi-sotdi faollashadi. Davlatlar o‘zaro to‘siqlarni olib tashlasa, bizneslar uchun bu iqtisodiyot yaxshiroq foyda olib keloladi, ular shu ko‘z bilan qaraydi” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

“Transkaspiy transport koridoridagi kemalar yetishmasligi muammo tug‘dirmoqda”

- Yevropa komissiyasi prezidenti Lyayyen Samarqanddagi sammitda savdo koridorlari haqida ko‘p gapirdi va 4 yo‘nalishdan biri ham aynan shu. Ayni paytda mintaqa intilayotgan savdo koridorlari, ularning qurilishi va ishga tushishi ishlarida Yevropaning roli qanday bo‘ladi?

“Markaziy Osiyoni Kavkaz orqali Yevropa bilan bog‘laydigan Transkaspiy savdo koridori biz uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Mintaqaning besh davlati bilan doim ishlab kelganimizdek bu savdo koridorini moliyaviy va texnik jihatdan qo‘llashga Yevropa Ittifoqi tayyor. Bundan tashqari, oradagi masofani qisqartirishga xizmat qiluvchi boshqa transport yo‘laklari bo‘yicha ham davlatlar bilan alohida-alohida dialoglarimiz davom etyapti, bu bo‘yicha yordamga ochiqmiz. Biznes doiralari va transport kompaniyalari uchun ham tovarni bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirishda vaqt muhim, kamroq vaqt olib, tezda yetkazish, masofani qisqartiruvchi yo‘llarga muhtojmiz. Boj narxlari, uzoq tekshiruvlar, Kaspiy dengizida kemalarning yetishmasligi kabi muammolar haliyam yechilmagan. Kaspiyda kemalar kamligi bois tovarlar bir necha kun kutishga majbur, bu esa vaqtni oladi. Bundan tashqari, Kavkazni Markaziy Osiyo bilan bog‘lovchi temiryo‘l mavjud emas. Yevropa Ittifoqi 3 milliard yevroni aynan mintaqa bilan savdo koridorlari, yo‘llarni yaxshilash uchun ajratmoqda. Biz bu yo‘llar rostdan ham qulay bo‘lishini va biznes vakillariga ko‘proq foyda olishlari uchun imkon berishini ta’minlash uchun hali qiladigan ishlar ko‘p deb bilamiz” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari 

“Ukraina adolatsiz tinchlikka zo‘rlanmasligi kerak”

  • Mening keyingi savolim O‘zbekistonning dunyodagi voqealar, turli mojaro-yu urushlar bo‘yicha pozitsiyalari xususida. Rasmiy Toshkentning qarashlariga Yevropa Ittifoqining munosabati qanday? Masalan, Ukraina va G‘azodagi urushning tugash pallasida prezident Mirziyoyev bir necha marotaba diplomatiya haqida gapirdi. Lekin urush boshlanganda biror Markaziy Osiyo davlati bu haqida aniq pozitsiyasini aytmadi. Umuman Ukraina urushi 2022 yilda boshlangandan beri O‘zbekistonning harakatlarini qanday baholaysiz?

“Ha, biz qo‘shilamiz, har bitta urush va konfliktlar oxirida diplomatiya va kelishuvlar bilan yakuniga yetishi kerak. Ammo-lekin Ukraina mavzusida Yevropaning qarashi aniq va vaziyat ravshan - urushda yagona agressor davlat bu – Rossiya, yagona qurbon esa – Ukraina. Diplomatiya orqali muvaffaqiyatli kelishuvga erishish uchun Ukraina ushbu muzokaralar yakunida kelgusida ham o‘zini himoyalangan his qilishi kerak, Ukraina mustahkamlanishiga bu xizmat qilishi kerak. Diplomatiya orqali erishilishi kerak bo‘lgan tinchlik Ukrainaning ham milliy manfaatlari va qiziqishlarini himoya qilishi kerak bo‘ladi. Biz kelishuv va diplomatiya prinsiplariga rozimiz, buni tan olamiz, lekin barqaror va adolatli bo‘lmagan tinchlikka Kiyev majburlanmaganiga ishonch hosil qilishimiz kerak bo‘ladi” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

“Media – dushman emas, do‘st”

O‘zbekistonda media muhit juda muhokamalarga boy. Ikkinchi ma’muriyat davrida media kompaniyalarning soni ko‘paydi, biroq erkinlik borasida muammolarimiz bor. Media erkinligi jamiyatda nima bo‘layotganini real ko‘rish va real baholash uchun zarur deb o‘ylayman. Jurnalist va blogerlarning qamalishi, hibsga olinishi borasida xabarlarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. O‘zbekiston media erkinligini ta’minlash uchun nimalar qilishi kerak?

“Birinchi navbatda, erkin ommaviy axborot vositalari farovon jamiyatning muhim vositasi va muhim elementidir. Chunki erkin ommaviy axborot vositalari muvaffaqiyatga ham, muvaffaqiyatsizlikka ham e’tiborni qaratadi. Va buni qaror qabul qiluvchilarning e’tiboriga shunday yetkazamanki, ehtimol, har doim ham siz haq bo‘lmaysiz. Demak, erkin ommaviy axborot vositalari to‘g‘ri qarorlar qabul qilishda juda muhim, davlat rahbarlari to‘g‘ri qaror qabul qilolmadi, media bunga, albatta, e’tibor qaratadi. Buni bilgan, tan olgan rahbarlar esa o‘ylab qaror qabul qiladi. Jurnalist ma’lum bir amaldorlarning nojo‘ya xatti-harakatlariga e’tibor qaratmoqchi bo‘lsa, u qandaydir siyosatni tanqid qilmoqchi bo‘lsa, unda erkin bo‘lishi kerak, chunki bu mamlakat manfaatlariga, jamiyat manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Shunday qilib, biz O‘zbekistonda kuchli ommaviy axborot vositalarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda dadilmiz va buni davom ettiramiz. Kuchli va farovon jamiyatning elementi – erkin mediada deb bilaman” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari

“Saida Mirziyoyeva ishtiyoqi baland insonga o‘xshaydi”

Davlatda media erkinlikni ta’minlashda prezidentning qizi va yordamchisi Saida Mirziyoyevaning faolligi bor. U hokimiyat vektorida allaqachon muhim figura, Samarqand sammitida ham prezidentlar Mirziyoyeva bilan ko‘rishganini kuzatdik. Mirziyoyevaning fondlari, tashkilotlari butun dunyoda o‘zbek madaniyatini targ‘ib qilmoqda. Uning faolligi haqida sizning fikringiz qanday?

“Men Saida Mirziyoyeva bilan uchrashdim va biz juda yaxshi suhbatlashdik. U ayollar va xotin-qizlar huquqlari bo‘yicha ancha gapirdi, u juda ishtiyoqi baland insonga o‘xshaydi va rostdanam bu juda muhim mavzu. Chunki O‘zbekistonda ayollar jamiyatning teng yarmi degani hamda ayollar bugun respublika iqtisodiyotining ham faol ishtirokchisi. Siyosatning faol ishtirokchisi sifatida Mirziyoyevaning bunday targ‘iboti jamiyat uchun muhim. Shunday qilib, biz u bilan juda yaxshi muhokamada bo‘ldik, men u bilan boshqa yo‘nalishlarda ham ishlashni kutib qolaman”. 

“Afg‘oniston bilash ishlashda o‘ta ehtiyotkormiz”

- Afg‘oniston O‘zbekistonning qo‘shnisi, bu davlatda tinchlik va barqarorlik bo‘lishi O‘zbekiston uchun juda muhim. “Tolibon” hukumati hali rasman tan olinmadi, ammo bu hukumat bilan hamkorlik va aloqalar davom etmoqda. Yevropa Ittifoqi tomonidan “Tolibon”ni tan olish yoki ular bilan aloqa o‘rnatish borasida qanday rejalar bor?

“Bilasizmi, Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda haliyam mavjud. Biz Kobuldagi diplomatik vakolatxonamizni hech qachon yopmaganmiz. Biz Afg‘onistonga 100 million yevrodan ortiq gumanitar yordam ko‘rsatmoqdamiz. Shunday qilib, biz Afg‘oniston bilan aloqamizni umuman uzganimiz yo‘q. Siyosiy miqyosda Afg‘oniston tabiiy ravishda O‘zbekiston uchun muhim ustuvor yo‘nalish ekanini tushunamiz va bu Markaziy Osiyoning barcha davlatlari uchun ham muhim masaladir. Biz bu yerda hokimiyat tomonidan tutilayotgan pozitsiyalarni to‘g‘ri tushunamiz. Ammo shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi sifatida biz Kobuldagi amaldagi hokimiyatdan ayollar va qizlarga nisbatan siyosatda haqiqiy o‘zgarishlarni kutyapmiz. Gap shundaki, “Tolibon” hokimiyatni egallab olganidan so‘ng afg‘on jamiyatida ayollar va qizlar butunlay chetga surib tashlandi va biz Yevropa Ittifoqi sifatida bunday bo‘lishini istamaymiz. Biz O‘zbekiston rasmiylari bilan Afg‘oniston bo‘yicha nima qilish kerak deya ko‘p muloqot olib bordik. Shu bilan birga, Afg‘oniston fuqarolarining yarmi asosiy huquqlari oyoqosti qilinayotganini ko‘rayotgan hozirgi sharoitda biz de-fakto hokimiyat bilan hamkorlik qilishda hamon ehtiyotkor bo‘lamiz” – Toyvo Klaar, YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari 

Intervyuni Kun.uzʼning YouTube sahifasida to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.
|
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid