Isroilning Eronga zarbasi Tramp tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi
Isroil shu yil may oyida Eronning yadroviy obektlariga zarba berishni rejalashtirgan, ammo bu niyatidan voz kechishga majbur bo‘ldi. Chunki AQSh prezidenti Donald Tramp bunday chorani qo‘llab-quvvatlamagan.

Foto: The White House
Bu haqda New York Times nashri Oq uydagi manbalariga asoslanib xabar bermoqda.
Nashr manbalarining ta’kidlashicha, Tel Aviv rasmiy Vashington bu hujumga faol tayyorgarlik ko‘radi, Amerika aviatsiyasini jalb qiladi va Eronning ehtimoliy javob zarbasidan Isroilni himoya qiladi, deb ishongan. Isroil tomoni zarbalar orqali Tehronning yadroviy qurol yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kamida bir yilga to‘xtatishni maqsad qilgan.
Biroq bir necha oy davom etgan muhokamalardan so‘ng Eron bilan diplomatik yo‘l tutish yoki Isroilni qo‘llab-quvvatlash masalasida Tramp o‘z maslahatchilari bilan Tehronning yadroviy dasturini cheklash bo‘yicha muzokaralar yo‘lini tanladi. Oq uy rahbari bu haqda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuga aprel oyida Vashingtondagi uchrashuv chog‘ida ma’lum qilgan.
NYTʼning yozishicha, shundan so‘ng Isroil yashirin qo‘poruvchi amaliyotlar va yadroviy sohada faoliyat yuritayotgan eronlik olimlarni yo‘q qilishga qaratilgan maqsadli hujumlarga e’tibor qaratishni ma’qul ko‘rdi.
AQSh va Eron o‘rtasidagi muzokaralarning birinchi raundi 12 aprel kuni O‘monda bo‘lib o‘tdi. Ular Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchiy va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiven Uitkoff orqali vositachi shaklida olib borildi. Agar Vashington sanksiyalarning bir qismini bekor qilsa Tehron 2015 yildagi kelishuvda belgilangan uran boyitish darajalariga qaytishga tayyorligini bildirgan.
The Guardian ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Eronga o‘zining yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini uchinchi davlatga, masalan, Rossiyaga topshirishni taklif qilgan. Ammo Tehron ular mamlakat ichida qolishi va BMTga qarashli Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) nazoratida bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Eron rasmiylari buni AQShning kelgusi ma’muriyati 2018 yilda Donald Tramp qilgani singari kelishuvdan chiqib ketsa, kafolat sifatida ko‘rmoqda.
Bungacha Tramp Eron rahbariyatiga ikki oy muddat berib, yangi yadroviy kelishuv imzolashni talab qilgan edi. U bu haqda tegishli maktubni Eronning oliy rahbari oyatulloh Ali Xominaiyga yuborgan va agar taklif rad etiladigan bo‘lsa «oqibatlar» bilan tahdid qilgan.
Mavzuga oid

20:47 / 28.04.2025
Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida doimiy sulh bo‘lishini istaydi – Oq uy

16:21 / 28.04.2025
Zelenskiydan mamnun, Rossiya zarbalaridan hafsalasi pir bo‘lgan. Trampning oxirgi bayonotlaridan asosiy gaplar

13:05 / 28.04.2025
Eron portidagi dahshatli portlash, Kanadada fojiaga aylangan festival va Suvaysh kanaliga «ko‘z olaytirayotgan» Tramp - kun dayjesti

09:45 / 28.04.2025