O‘zbekiston | 12:35 / 17.04.2025
14830
6 daqiqa o‘qiladi

Ayrim hududlarda harorat nol darajagacha pasayadi. Bog‘dorlar va dehqonlar nima qilishi kerak?

17—18 aprel respublikaning ko‘plab viloyatlarida kuchli yog‘ingarchiliklar, 19 aprel tonggi muddatlarda tog‘ va ayrim tog‘ etaklarida harorat nol darajagacha pasayib, sovuq urish hodisasi kuzatilishi mumkin. Bog‘dor, dehqonlar nima qilishi kerak? Kun.uz studiyasida iqlimshunos Erkin Abdulahatov o‘z tahlillari bilan bo‘lishadi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

-      Bo‘lib o‘tgan yog‘ingarchiliklardan xulosa qilib, bu yog‘iga nimalarni kutishimiz mumkin?

-      Har kunlik prognozlar bo‘yicha o‘xshashliklar bo‘lyapti, biz aytadigan taxminlarimiz ustma-ust tushyapti. Bahor boshlanishi ko‘p o‘simliklar uchun asosiy hal qiluvchi palladir – yomg‘irlar yog‘ishi kerak yoki sug‘orish kerak. Va respublikaning ko‘plab qishloq xo‘jalik ekin maydonlari mavjud bo‘lgan viloyatlarimizda yomg‘irlar kuzatildi. Ijobiy vaziyat kartamizda ko‘rinyapti. Surxondaryo, Qashqadaryo hamda Toshkent viloyati, Namangan viloyati, shimoliy hududlari, Andijon viloyati, sharqiy hududlari, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo viloyatlarida yetarlicha yomg‘ir yog‘di.

Bu yil boshi lalmi hududlarimiz: Jizzax, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo uchun yetarlicha namlik keltirdi. Afsuski, Buxoro, Navoiy viloyatlarida vaziyat yaxshimas, Buxoro viloyatining Qorako‘l, Olot tumanlarida bir tomchi yomg‘ir tushmadi. Tabiiyki, suv xo‘jalik tuzilmasi kelgusi ishlarda buni hisobga olishi kerak. Mana shu karta asosida ham bemalol qaysi viloyatga qancha suv resurslarini yo‘naltirish bo‘yicha chora-tadbirlarini tezkor tarzda ishlab chiqishlari mumkin.

-      Bu yog‘iga kutilmalar qanday?

Ko‘plab hududlarimizda yog‘ingarchilik bor. Binafsha rangli hududlarimizda 12 soat davomida besh-ellik millimetrgacha yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Ya’ni jala quyishi mumkin. Bu bahor oyining boshidagi jala ko‘rinishida emas, ko‘proq qatqaloqni keltirib chiqaradi va o‘simliklarga ko‘proq zarar keltirishi mumkin bo‘lgan jarayonlardir. 18 aprel kuni tog‘li hududlarimiz, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyat hududlarida, ayniqsa, vodiy viloyatlarida yog‘ingarchiliklar bo‘lishi kutilmoqda, ayrim hududlarda hatto 50 millimetr oralig‘ida. Bu qancha? Bu bir gektarga 500 tonnaga yaqin suv degani. Bu paxta, bug‘doyni sug‘orish mumkin bo‘lgan hududlarda sug‘orish uchun kerakli bo‘lgan suvlarning yarmi yomg‘ir ko‘rinishida ta’minlanishi prognozlarda keltirilmoqda.

-      Buxoroliklar nimaga tayyorlanishi kerak? Kuchli shamollar bo‘lishi mumkinmi? Plyonkani uchirib ketishi – shunday hodisalar bo‘lishi mumkinmi?

-      To‘g‘ri savol. Shamol tezligi 15 metr-sekunddan ortganda qishloq xo‘jalik mahsulotlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf yuzaga keladi. Bug‘doylar yotib qolishini masalan. Lekin hozir qishloq xo‘jaligida juda katta talafotlar keltiradigan hodisa kutilmayapti.

-      Turkiyada kuchli sovuqlar bo‘lyapti, hatto qor yog‘ib, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sovuq urishi hodisalari bo‘lyapti. Bu bizning O‘zbekistonga yetib kelishi mumkinmi?

-      Antisiklon asta-sekin bizga tinimsiz janubdan nam havo oqimlari kirib kelishini ta’minlaydi. Antisiklon Qozog‘iston hududlaridan o‘tadi. Harorat nol darajadan pasayib ketishi mumkin. Ya’ni Qozog‘istonda hozir vegetatsiya davri va Qozog‘iston ayni hozirgi uch-to‘rt kunlikda sovuq urish jarayonlariga tayyorlanishi kerak. Bizning hududlarimizda ham, ayrim tog‘li hududlarda shunday prognozlarni ko‘rsatyapti. 19 aprel tonggi muddatlarda nam havo oqimlari to‘liq o‘tib bo‘lganidan keyin quyosh chiqishidan oldin haroratning keskin pasayib ketishi yuz beradi. Ayniqsa, Samarqand viloyatining shimoliy hududlari, Qo‘shrabot tog‘ etaklari, Qashqadaryo tog‘ hududlarida harorat nol darajada pasayib, yomg‘irning qor ko‘rinishiga o‘tishi kutilmalari mavjud.

19 aprel tongida shimoliy hududlarimizda nol darajaga yaqin harorat kuzatilishi mumkin. Nurota tog‘ tizmalari yoki Toshkent, Farg‘ona vodiysi, Namangan viloyatining tog‘ etaklarida nol darajaga yaqin havo harorati kuzatilishi mumkin. Bu o‘z-o‘zidan sovuq urish hodisasini beradi. Hatto Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, So‘x, Shohimardon va Farg‘ona vodiysining janubiy tumanlarida va Namangan viloyatining Yangiqo‘rg‘on hamda Kosonsoy tumanining shimoliy, Chust tumani shimoliy hududlarda, Pop tumani tog‘li hududlarida, tabiiyki Toshkent viloyatining tog‘oldi hududlarida, Qashqadaryo, Surxondaryo hamda Samarqand, Jizzax viloyatining tog‘oldi hududlarida havo harorati nol darajaga bir muddat pasayish prognozlari mavjud, ammo bu davomli emas. Sovuq urishi 6-7 soat yoki 12 soat davom etsa, qishloq xo‘jaligiga ko‘proq ta’sir qiladi. Hozirgi kutilmalarimiz unaqamas.

Kamoliddin Ikromov suhbatlashdi.

Mavzuga oid