«Arsenal» «Real»ni YeChLdan chiqarib yubordi. Arteta buni qanday uddaladi va «Madrid»ning muammosi nimada?

«Arsenal» «Santyago Bernabeu»da kechgan ikkinchi o‘yinda ham «Real»ni mag‘lub etdi (2:1). Londonliklar – yarimfinalda, «Spors.ru» kolumnistlari Vadim Lukomskiy hamda Vyacheslav Palagin Karlo Anchelottining rejasi muvaffaqiyatsizlikka uchragani sabablari va Mikel Artetaning kuzirlari nimada bo‘lganini ko‘rib chiqdi.
Anchelotti maydon markazidagi futbolchilarni almashtirdi. Birinchi o‘yinda bu hududga ilk daqiqalardan Luka Modrich va Eduardo Kamavinga javobgar bo‘lgandi. Javob o‘yinida esa diskvalifikatsiyani o‘tab qaytgan Orelen Tchuameni va o‘ng qanot himoyasidan qaytarilgan Fede Valverde markazni to‘ldirdi. Bu esa Lukas Vaskes o‘ng qanot himoyasidan o‘rin egallashiga imkon berdi.
Shuningdek, yulduzli hujum chizig‘i o‘yinga tetik holda yetib kelganini qayd etish mumkin. «Alaves»ga qarshi o‘yinda Kilian Mbappe birinchi bo‘limdayoq qizil kartochka olgan, Jud Bellinghem va Vinisiusga esa dam berilgan va ular faqat ikkinchi bo‘limda zaxiradan tushishgandi. O‘sha o‘yinda eng ko‘p daqiqa faqat Rodrigoda bo‘lgan, ammo u ham maydonda faqat 62 daqiqa bo‘lgandi.
«Arsenal» tarkibida esa birinchi o‘yinda ilk daqiqalardan harakat qilgan futbolchilar bu safar ham startda bo‘lishdi. Arteta faqat Tomas Partining o‘yindagi ishtiroki bo‘yicha intriga yuzaga keltirdi, yarimhimoyachi kichik jarohat tufayli shanba kuni APL doirasida «Brentford»ga qarshi o‘yinni oxirigacha yetkaza olmagandi, ammo Madridda ganalik futbolchi butun o‘yin davomida maydonda bo‘ldi.
«Real» barcha bosqichlarda dadilroq o‘ynadi (birinchi o‘yin bilan solishtirganda) – lekin bu yetarli bo‘lmadi
Anchelotti jamoaning to‘psiz va to‘p bilan o‘ynashiga o‘zgartirish kiritdi. Birinchi o‘yinda to‘p jamoada bo‘lganida Valverde (o‘ng qanot himoyachisi vazifasida) markaziy himoyachilar yonida qoldi, hujum uyushtirilganida markaz muntazam ravishda besh-olti futbolchi bilan to‘ldirildi.
«Bernabeu»da esa muntazamlik boshqa masalada bo‘ldi: hujumdagi kenglikka ikki qanot himoyachisi mas’ul bo‘ldi, to‘p himoyadan olib chiqilishiga esa tayanch yarimhimoyachilari va markaziy himoyachilardan iborat to‘rtlik javob berdi.
O‘zgartirish faktining o‘zi hujumlarni kuchliroq qilib qo‘ymadi, ammo madridliklar dadilroq o‘ynash niyatida ekanini yaqqol ko‘rsatib turdi.
Himoyalanish bosqichida ham o‘zgarishlar qilingandi. Birinchi o‘yinda jamoa 4-4-2 sxemasini ushlashga harakat qilgan, Vinisius va Mbappe himoyalanish vaqtida ham oldinda qolavergandi.
Bu hali yaxshi ishlanmagani ko‘rinib turgan va ayrim epizodlarda futbolchilar sxemadan uzilib qolgandi, ammo jamoa sxema buzilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka tirishdi. «Bernabeu»da esa hujum chizig‘idagi to‘rtlik umuman formatsiyadan tashqarida bo‘ldi. «Real» butun sxema bo‘yicha emas, olti kishi bo‘lib himoyalandi.
Bunda hujumlar qaytarilgach, jamoa maksimal darajada tezlik bilan 4+2 tuzilishiga o‘tishga harakat qildi.
Raqibning hujumlari uzoq cho‘zilgan holatlarda (bunday holatlar esa ko‘p bo‘lmadi) hujumdagi yulduzlar ham kadrda paydo bo‘ldi, ammo shunchaki kuzatuvchi maqomida. Ular raqib futbolchilariga bosim o‘tkazishmadi va himoyada faol qatnashishmadi.
Bellinghemning ham pozitsiyasi o‘zgargandi: endi u markazda Mbappega yaqinroq joylashgan, Vinisius esa – chap qanotda. Ammo ko‘proq shaklan shunday ko‘rinardi, amalda yulduz futbolchilarga keng erkinlik berilgandi.
Mudofaadan bu qadar chetlashish hujum yetakchilarining sabotaji bo‘lgani dargumon. Ular baribir himoyada bo‘sh o‘ynaydi, ammo to‘psiz ishlashda ularning ko‘proq yordami tegishi tayin edi – hech bo‘lmaganda birinchi o‘yinda bo‘lgani kabi. Katta ehtimol bilan, Anchelotti shuni o‘ylagan: ularni o‘tkirroq pozitsiyalarda qoldirib, tetikligini saqlab qolish va ikki tomonda ham ochiq o‘yin bo‘lishiga erishish. Ammo bu yurish ham o‘xshamadi.
Ammo bu reja o‘yindan oldin absurd ko‘rinmasdi. Odatda «Real» navbatma-navbat hujumga o‘tiladigan o‘yinlarda o‘zini juda yaxshi his qiladi. Bunday o‘yinda mudofaadagi risklar va o‘tish epizodlari ko‘p bo‘lishi ikki jamoaga ham yordam berishi mumkin edi.
Uzatmalarga tayanish – navbatdagi xato
Madridliklar hujumda naqadar ilojsiz holatda bo‘lganini – o‘yin davomida to‘p 43 bor jarima maydoniga havodan oshirib berilgani ham ko‘rsatadi. Mavsumning mutlaq rekordi. Oldingisi – kubok doirasida «Selta»ga qarshi o‘yindagi 28 ta shunday uzatma bo‘lgandi. Bunga urg‘u qaratilishining yomon joyi yo‘q, lekin buning ortida g‘oya bo‘lsa. Madridliklarda esa bu narsa yo‘q edi.
Bunday taktikaning muammoli ekanining eng yaxshi indikatori – Tibo Kurtuaning ochiqchasiga tanqidi bo‘ldi: «Tinimsiz oshirishlar o‘rniga biz jamoaviy futbol o‘ynashimiz kerak edi».
43 urinishdan faqat yettitasida to‘p manzilga yetib borgan. Shundan faqat uchta epizodda zarba bo‘lgan. Nisbatan eng xavfli vaziyat qo‘shimcha daqiqalarda Endrikda bo‘ldi – bu vaqtga kelib mezbonlar tavakkalchilik qila boshlagan, Antonio Ryudiger ham jarima maydoniga yo‘l olgandi (keyinroq bu «Arsenal»ga ikkinchi golni urishda qo‘l keldi).
Ish hajmi kattaligiga qaramay, «Arsenal» vazifani osonlik bilan bajardi. Bunda bir qancha sinovdan o‘tgan muhim instrumentlar yordam berdi.
● Uilyam Saliba jarima maydoni ichida top darajasini namoyish etdi. To‘pni uzoqlashtirish bo‘yicha jamoadagi eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi (12 marta). U odatda bu majburiyatni Gabriel bilan bo‘lishib olardi, ammo braziliyalik yo‘qligida u yetakchi rolga chiqdi. U nafaqat o‘z zonasida ishonchli harakat qildi, balki Yakub Kivyor mas’ul bo‘lgan zonada ham yordam berdi.
● Tomas Parti va Deklan Raysning yordami – ular tez-tez jarima maydoniga qaytishdi va uchinchi markaziy himoyachiga aylanishdi. Saliba orqaroqda turib to‘pni kimga oshirishni ko‘rsatib turishda ideal harakat qildi. Biror jamoadoshi o‘ziga yaqin joylashib, keraksiz pozitsiyada turib qolganida, uni turtib bo‘lsa ham tayanch zonasiga chiqardi. Ba’zida esa oldinroqdagi jamoadoshiga raqibning qaysi hujumchisiga yaqinroq o‘ynash kerakligini o‘rgatib turdi.
● David Rayyaning to‘pga chiqishlari. Bo‘yi darvozabonlar uchun o‘lchovdan pastroq bo‘lsa-da, ispaniyalik posbon – APLda to‘pga chiqish bobida eng agressiv darvozabonlardan biri. Bunday epizodlar chastotasi bo‘yicha u ligada ikkinchi. «Bernabeu»da ham uning bu qobiliyati bir necha epizodda qo‘l keldi.
● Yurriyen Timberning e’tibordan chetda qolgan roli. U ikkita muhim funksiyani birlashtirdi. Birinchidan, o‘yindan (standart vaziyatdan emas) uzatilgan paslarni ajoyib tarzda blokladi (olti marta). Va bularning aksari Vinisius bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri duel vaqtida kuzatildi: u esa dribling ishlatib, qaysi oyog‘ida uzatma berishini topish esa juda murakkab edi. Ikkinchidan, burchak zarbalari vaqtida Ryudigerni zararsizlantirdi. Antonio Rayyaga xalal berishga urinib, ataylab darvozabonning oldiga turib olaverdi – lekin bu Timber uchun yangilik emas, uning o‘zi ham boshqa darvozabonlarga nisbatan shunday harakatlanadi. Gavdadagi farq raqib istagan ishini amalga oshirishiga to‘sqinlik qilishiga to‘sqinlik qilishga xalal bera olmadi.
«Arsenal»ning jarima maydoni ichidagi mini-g‘alabasi – Judga biror marta zarba berishga yo‘l qo‘ymaganida ham bo‘ldi. Madridliklarning eng xavfli futbolchisi shuncha uzatmalar bilan ham hech narsa qila olmadi.
«Arsenal» «Bernabeu» bosimini qanday yengib o‘tdi?
O‘yindan keyin «Arsenal» YeChL oqshomida «Santyago Bernabeu»ning afsonaviy aurasidan qo‘rqmadi deyish oson. Ammo aslida unday emas. Stadion Arteta jamoasiga qattiq bosim uyushtirdi – va taktik nuqtayi nazaridan aqlga zid qadamlarga majbur qildi.
Masalan, «Arsenal» qisqa paslar orqali himoyadan chiqishda barcha instrumentlarga ega, «Real» esa tarkibdagi «dangasa» futbolchilari bilan pressingda juda yomon. «Madrid» raqiblarining to‘p uzatishdagi aniqligi 81,7 foiz (La Ligada beshinchi ko‘rsatkich). Ya’ni ushbu jamoa nafas rostlashga imkon beradi va «bo‘g‘ib» tashlay olmaydi.
«Arsenal» himoyadan chiqishdagi qisqa uzatmalar vaqtida tin olish imkoniga ega bo‘lishi mumkin edi – va Anchelotti jamoasiga qarshi bunday yondashuvning plyus tomonlarini aniq bilardi. Birinchi o‘yinda David Rayya o‘yinni boshlashda faqat o‘z yaqinidagi jamoadoshlariga qisqa paslar bergandi. Madridda esa 3-daqiqadagi ilk o‘yinga kiritishdayoq to‘pni shunchaki oldinga tepib yubordi. Quyidagi suratda bu qanday bo‘lganini ko‘rish mumkin. Jamoa qisqa uzatma uchun joylashgan, ammo vaziyatga qarab qaror o‘zgartirilgan.
Raqibni sinab ko‘rishga ham urinib ko‘rilmagan.
Keyingi urinishlarda to‘p manzili ko‘pincha Mikel Merino bo‘ldi, ammo «Arsenal» juda ko‘p holatlarda to‘pni o‘yinga shunday kiritdi. O‘z o‘zidan bunday soddalashtirish – umuman muammo emas. Ammo ma’lumki, «Arsenal» odatda bunday raqibga qarshi o‘yinlarda to‘pni o‘zida saqlashni va raqibni holdan toydirishni maqsadga muvofiq deb biladi. Ammo «Bernabeu»da yig‘ilgan muxlislar bosimi ostida bundan voz kechildi.
Qizig‘i shundaki, to‘p o‘yinga qisqa pas orqali kiritilgan kamdan kam epizodlardan birida Uilyam Saliba o‘ziga xos bo‘lmagan o‘ta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi va buni stadion omili bilan bog‘lash mumkin. Xuddi Bukayo Sakaning penaltisi kabi.
Shuning uchun, «Arsenal» aynan «Bernabeu» omilini yengib o‘tdi deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. Stadiondagi muxlislar azaldan YeChL o‘yinida «Real»ning asosiy kuzirlaridan bo‘lib kelgan. Artetaning baxtiga, jamoasi bunga chidamli va moslashuvchan.
«Madrid» APLning vaqt cho‘zish bo‘yicha chempioniga duch kelgandi
Vaqt cho‘zish – g‘alabali natijani ushlashga e’tibor qaratadigan jamoalar uchun doimiy hodisa. Buning uchun «Arsenal»ni ayblash noo‘rin. «Madrid»ning muammosi shundaki, ular shunchaki vaqt cho‘zadigan emas, o‘yin ritmini yakson etish hadisini olgan professionallarga duch kelgandi.
Yuqori ritm va ketma-ket hujumlar to‘lqini – «Real»ning YeChLdagi mo‘jizalarida muhim komponent bo‘lib kelgan. «Arsenal»ga qarshi esa buni amalga oshirish odatdagidan ancha qiyinroq bo‘ladi .
Mavsum o‘rtalarida The Analyst bu mavzuda katta matn e’lon qilgan, unda «Arsenal»ning niyati raqamlarda aks etgandi. O‘sha vaqtda Arteta jamoasi o‘yinni cho‘zganlik uchun olingan sariq kartochkalar bo‘yicha APLda peshqadamlik qilayotgandi, to‘pni o‘yinga kiritishda (erkin zarba, jarima zarbasi, burchak zarbasi, aut) sarflanadigan vaqt bo‘yicha top-4 da edi.
Bu hodisani bir necha jihatdan tushuntirish mumkin. Birinchidan, birinchi davrada «Manchester Siti»ga qarshi kechgan afsonaviy o‘yin ta’sir qilgan, o‘shanda «Arsenal» o‘n kishi bo‘lib qolgach, g‘alabani saqlab qolish uchun o‘ynagandi. Ikkinchidan, Nikol Joverning o‘gitlari bo‘yicha jamoa raqib darvoza atrofidagi standart vaziyatlarga juda ehtiyotkorlik bilan yondashadi: futbolchilar to‘pni o‘yinga kiritishdan oldin, aynan qaysi variantdan foydalanishni kelishib olish uchun uzoq muloqot qilishadi (bunga o‘rtacha 48 soniya ketadi – bu esa eng yaqin ta’qibchinikiga qaraganda 10 soniyaga ko‘proq).
Bu omillar qo‘shilmaganda ham «Arsenal» hisobda oldinda borayotgandagi o‘yini bilan top-klublardan ajralib turadi. Uzoq muddat davomida himoyalanishga to‘g‘ri keladigan ssenariyda esa bunday ko‘nikmalar juda foydali. «Bernabeu»dagi o‘yin – bunga navbatdagi bir misol bo‘ldi. Hakam bunga qarshi kurashishga urindi (birinchi bo‘limda Rayyaga vaqt cho‘zgani uchun sariq ko‘rsatildi, qolaversa, ikki bor aut vaqtida o‘yinga kiritilmagani uchun to‘p madridliklarga berib yuborldi), ammo «Arsenal» o‘z ishini qildi.
Hujumdagi Merino – xato tanlov emas. U «Arsenal»ning chorakfinaldagi o‘ziga xosligi
Ispaniyalik yarimhimoyachi o‘ziga ishonmagan barcha skeptiklarning og‘zini yopdi. Kilian Mbappe bilan duelda eng sermahsul hujumchi bo‘ldi (1+2). Bu bir yarim oygina oldin meni hech qachon hujum markazida o‘ynatishmaydi deb kulib intervyu bergan, bunday niyat jiddiyligini faqatgina «Lester» bilan o‘yin oldidan (uning hujum chizig‘idagi debyuti) tahlilchining savollaridan keyingina amin bo‘lgan futbolchi uchun yomon natija emas.
Madriddagi o‘yinda u bir vaqtning o‘zia bir necha yo‘nalishlarda juda yaxshi edi.
● Yashirin yarimhimoyachi. «Emireyts»dagi «Arsenal» 3+2+3+2 tuzilmasidan foydalangan birinchi o‘yinda o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Merino amalda Deklan Rays va Martin Edegor bilan birgalikda yarimhimoyachilar uchligini hosil qildi. Qo‘shimchasiga «Real» tayanch himoyachilarini chalkashtirib, to‘pni oldinga olib borishda yordamlashdi.
● Aldamchi to‘qqizlik, u nafaqat to‘p uchun orqaroqqa qaytadi, balki oldindagi sheriklariga yaxshi pas beradi ham. Birinchi o‘yinda Merino Rays bilan yaxshi bog‘lam hosil qilgandi: Mikel orqaroqqa qaytganida aynan Rays uning o‘rniga jarima maydonidagi hujumchi pozitsiyasini egallagandi. «Bernabeu»da ispaniyalik yarimhimoyachi vingerlarning oldinga tashlanishi va ochilishlarini vaqtida payqadi. Ijro ham top darajada bo‘ldi.
● Klassik hujumchi. Merino ikki o‘yinda ham bu rolda yordam berdi. «Emireyts»da, raqib o‘yinning ko‘p vaqti davomida qamal qilinganida, jarima maydonidagi qo‘shimcha variant vazifasini o‘tadi. «Bernabeu»da uzoqdan yo‘llangan uzatmalar uchun magnit vazifasini o‘tadi. «Arsenal» pressingdan chiqishda ham Merinoning ulkan gavdasiga tayanishi mumkin edi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, The Guardian nashriga bergan intervyusida o‘z rolini tasvirlarkan, Merino o‘zini faqat aldamchi yoki sof to‘qqizlik sifatida ko‘rmasligini tan oldi. Uning aytishicha, ko‘p narsa raqibning o‘zini tutishiga va sheriklar qanday sharoitda turganiga bog‘liq bo‘ladi. Qaysi pallada qaysi rolni tanlash kerakligini tushunish – uning megaperfomanslarining asosiy qismidir.
Qisqacha aytganda, Arteta uchun haqiqiy topilma.
Mavzuga oid

02:17 / 08.05.2025
YeChL. "PSJ" javob o‘yinida ham "Arsenal"ni yengib, finalga chiqdi

11:38 / 05.05.2025
«Real» poygada qolmoqda, Shomurodovda muvaffaqiyatli seriya. Kun o‘yinlari

12:27 / 04.05.2025
«Barsa» amalladi, «Bavariya»ning chempionligi kechiktirildi. Kun o‘yinlari

13:50 / 30.04.2025