Sport | 08:07 / 10.07.2025
13925
9 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» «Real»ga ham hech qanday imkon qoldirmadi

Teng kurash o‘rniga muxlislar madridliklar jamoasining kamsitilishiga guvoh bo‘lishdi. Dembele amalda «Oltin to‘p» masalasini hal qildi.

O‘yin taqdiri birinchi bo‘lim yarmidayoq hal bo‘ldi

JCh. Yarimfinal.

«PSJ» – «Real Madrid» (4:0)
Gollar:
Ruis (6, 24), Dembele (9), Ramush (87).
«PSJ»: Donnarumma, Mendesh (Kan In, 79), Beraldo, Markinos, Hakimi, Ruis (Emeri, 66), Vitiniya, Nevesh, Xvicha (Barkoli, 59), Dembele (Ramush, 59), Due (Meyulyu, 66).
«Real Madrid»: Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Asensio (Militao, 64), Valverde, Bellinghem (Modrich, 64), Chuameni, Guler (Vaskes, 83), Gonsalo Garsiya (Karvaxal, 71), Mbappe, Vinisius (Dias, 65).
Ogohlantirishlar: Chuameni (28), Nevesh (45+2), Karvaxal (73).

Klublar o‘rtasidagi jahon chempionatining «PSJ» va «Real» o‘rtasidagi yarimfinal o‘yini katta afishaga qaramay, intriga yo‘qligi bilan muxlislarning hafsalasini pir qildi. Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibi top darajadagi navbatdagi raqibni yo‘ldan oldi. Endi 13 iyul kungi finalda Luisa Enrike shogirdlari «Chelsi» bilan bosh sovrin uchun kurash olib boradi.

Shu kuni «Real»da yangi bosh murabbiy davrida ilk bor Mbappe – Vinisius Juniordan iborat hujum juftligi harakat qildi. Fransiyalik forvard sobiq jamoasiga qarshi o‘yin oldidan kasallikdan tuzalib qaytdi. Habi Alonso «PSJ»ga qarshi o‘yinda Kilianni zaxirada qoldira olmasdi, shu bilan birga, turnir kashfiyoti Gonsalo Torresga ham boshlang‘ich tarkibdan o‘rin topib berdi. «Real» mudofaasida esa, aksincha, yo‘qotishlar bor edi. Chorakfinal o‘yinida Hausen diskvalifikatsiyaga uchragandi, yetmaganiga erkin agent bo‘lganiga qaramay, aynan shu turnirda o‘ynatish uchun pul to‘lab olib kelingan Trent jarohat oldi.

O‘yin boshlanganida, «Real» 4-4-2 sxemasi bilan yarimhimoyada «romb» hosil qildi. Gonsalo Torres Mbappe va Vinisius ortida joylashdi. Ammo himoyalanishda fransuz va brazil hujumchilari ham orqaroqqa tushishdi. Habi Alonso maydon markazini nazorat qilishni, bu yerda «PSJ» futbolchilari to‘pni erkin olib yurishiga yo‘l qo‘ymaslikni istagandi. Ammo markaziy himoyachilarning individual xatolari tufayli «qaymoqranglilar» ustozining rejalari buzilib ketdi. To‘qqizinchi daqiqaga keliboq ikki gol o‘tkazib yuborilganida raqibga kurash taklif etish qiyin bo‘ladi.

Shu bilan birga, «PSJ» hisobni ochishidan oldin ham deyarli 100 foizlik imkoniyatga ega bo‘lgan, madridliklarni Kurtua qutqarib qolgandi. Golli hujum ham chiziqlar orasidan o‘tkazilgan pas bilan boshlandi, «Real» tig‘iz himoyalanayotganiga qaramay, bu pas o‘tishiga yo‘l qo‘yildi. Keyin esa turnirning eng omadsiz futbolchisi nomiga da’vogar bo‘lgan Asensio qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Guruh bosqichida «Al-Hilol» bilan o‘yinda penaltiga sababchi bo‘lgan, keyin esa «Pachuka» bilan o‘yinning 7-daqiqasidayoq qizil kartochka olib, jamoadoshlarini qiyin ahvolga solib qo‘ygan, faqat tarkibdagi muammolar tufayli maydonga tushgan himoyachi to‘pni uzoqlashtirish o‘rniga texnik xatoga yo‘l qo‘ydi va Dembelening pressingi qurboni bo‘ldi. Kurtua raqib hujumchisini yiqitishga majbur bo‘ldi, agar to‘p Ruisga borib tushib, u darvozani ishg‘ol etmaganida baribir penalti qo‘yilgan bo‘lardi.

Keyin esa umuman kutilmaganda tajribali Ryudiger ham golga olib kelgan xatoga yo‘l qo‘ydi. Germaniyalik himoyachi ham Kurtuaga pas berish o‘rniga to‘pni Dembelega sovg‘a qildi, hujumchi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketdi. Usmonning o‘zi ikki bor o‘z bosimi bilan «Real» markaziy himoyachilarini xato qilishga majburladi. Bunday vaziyatda gol urish – Dembele uchun oddiy texnik harakat. U zarba berishda aynan texnikasini ishga solib, yerlatib olis burchakni aniq nishonga oldi va mavsumdagi 35-golini nishonladi.

Bu vaziyatda «Real» uchun eng qo‘rqinchlisi «PSJ» ikki to‘p farqi bilan hisobda oldinda borsa ham to‘pga egalik qilishda davom etdi va uni topshirish haqida o‘ylamadi. Madridliklar ilojsiz holatda qolishdi. Masalan, Fran Garsiya ilk pasini (!) o‘yinning yarim soati ortda qolayotganida berishga erishdi. Alonso shogirdlari o‘yinni mudofaadan qura olishmadi, shu tufayli parijliklar markaz yoki qanotlardagi bo‘sh futbolchilarni osonlik bilan yopa olishdi. «PSJ» uchinchi golni ham «Real»ni pressing qilib urdi. Raqib mudofaasi mashg‘ulotlardagi kabi osonlik bilan yorib o‘shtildi, Hakimi devor uslubida o‘ynab, raqib jarima maydoniga yetib bordi va markazda ochilgan Ruisni to‘p bilan ta’minladi, ispaniyalik yarimhimoyachi dublni nishonlab, amalda o‘yin taqdirini hal qildi.

Bu hujumda parijlik futbolchilar o‘z joylashuvini tezlik bilan sinxron o‘zgartirish va to‘pni ham shunday tezlikda harakatlantirish bo‘yicha mahorat darsini o‘tib berishdi. Enrike shogirdlari birinchi bo‘limda zarbalar soni bo‘yicha ham to‘liq ustunlikka erishdi – 12:4 (darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 7:1). Hisob yanada yiriklashib ketishi ham mumkin edi, ammo Kvaratsxeliya va boshqalar «Madrid»ni kechirishdi.

Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, Habi Alonso tanaffusda hech qanday almashtirish qilmadi. Buni mag‘lubiyatni tan olish bilan izohlash ham mumkin. Masalan, shu kuni umuman raqib jarima maydonida ko‘rinmagan Torresni maydondan olish mumkin edi, ammo «Real» murabbiyi uni shunchaki o‘ngroqqa surish bilan kifoyalandi. Ikkinchi bo‘lim boshi ham madridliklarga hech qanday yaxshilik va’da qilmayotgandi. «PSJ» Donnarumma boshlab bergan hujumda yana tezkor gol urdi. «Real» futbolchilari yana hech narsaga ulgurishmadi – «qaymoqranglilar» Due Dembelening uzatmasidan keyin darvozani ishg‘ol etishiga shunchaki tomoshabin bo‘lib turishdi. Faqat bu hujumda Usmon biroz «o‘yindan tashqari» holatda qolib ketgandi va shu tufayli gol bekor qilindi.

Keyin o‘yin ochila boshladi. Ikki darvoza tomon ham ketma-ket hujumlar uyushtirildi. Ikki jamoa uchun ham maydon markazi umuman kerakmasdek edi. Shunga qaramay, «Real» chinakamiga golli vaziyatlar yarata olmadi. Alonso o‘zining ilk o‘zgartirishini qilishidan oldin Luis Enrike hujumdagi asosiy yetakchilari Kvaratsxeliya va Dembeleni zaxiraga oldi. «Real» safida shu kuni Modrich va Vaskes oxirgi o‘yinlarida maydonga tushishdi. Bundan tashqari, Militao noyabrdan, Karvahal – oktyabrdan buyon ilk bor o‘ynashdi.

O‘yinning ikkinchi bo‘limida 87-daqiqaga kelib darvoza tomon to‘g‘ri borgan zarbalar statistikasi – 0:0. Militao ilk zarbani yo‘llashi bilan darhol «PSJ» javob golini urib ketdi. Barkolya raqib jarima maydoni ichida masxaromuz fint ishlatdi va keyin Ramushga assist berdi. Portugaliyalik hujumchi epizodni to‘pga uchinchi teginishida hal qildi va golini Jotaga bag‘ishladi.

Parijliklar mavsum boshidan buyon urilgan gollar sonini 168 taga yetkazdi — bu ularning yetti yil oldingi ko‘rsatkichidan uchtaga kam. Fransuzlar klubi istasa, yirikroq hisobda g‘alaba qozonishi ham mumkin edi.

«Real» esa ayni vaqtda «PSJ» bilan raqobatlasha olmaydi. Vaqt o‘tib — tarkib ideal bo‘lgan holatda buning imkoni bo‘lishi mumkin, lekin hozir emas. Hozircha Enrike jamoasiga qarshi turish retsepti hech bir jamoada yo‘q. Albatta, yakshanba kungi finalda Enso Mareska nimadir o‘ylab topishga harakat qilishi mumkin, ammo hozirda ko‘pchilik «Chelsi»ga faqat achinib qaramoqda. Londonliklar uddalab bo‘lmas ishni uddalashi talab etiladi.

Mavzuga oid