Sport | 20:31 / 16.04.2025
18052
17 daqiqa o‘qiladi

«Butun dunyo o‘yin tugadi, deb o‘ylagandi». «Real»ning YeChL pley-offlaridagi 5 ta kambeki

«Arsenal»ga qarshi birinchi o‘yindagi yirik mag‘lubiyat - hali hammasi tugadi degani emasmi?

Foto: Irina R. Hipolito/Getty Images

Madridning «Real» klubi bir hafta oldin YeChL chorakfinali birinchi uchrashuvida «Arsenal»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandi — 0:3. Javob o‘yini 17 aprelga o‘tar kechasi Ispaniyada o‘tkaziladi: endi 1/2 finalga chiqish uchun Karlo Anchelotti jamoasiga uch yoki undan ko‘p to‘p farqi bilan g‘alaba kerak.

XXI asrda «Real» YeChL pley-off bosqichlarida birinchi o‘yinlarda mag‘lub bo‘lganidan keyin besh marta keyingi bosqichga o‘tgan. Lekin hozirgacha birinchi uchrashuvdagi uchta to‘p farqini yo‘qqa chiqarish ushbu jamoaga nasib etmagan. Quyida madridliklarning yaqin o‘tmishdagi qahramonliklari eslanadi.

«Real» — «Galatasaroy», YeChL 2000/2001 yillar mavsumi 1/4 finali

Birinchi o‘yin: 2:3
Ikkinchi o‘yin: 3:0

«Real» Chempionlar ligasining 2000/2001 yillar mavsumida turnirning amaldagi g‘olibi sifatida qatnashgan. Klub birinchi guruh bosqichida «Bayyer», Lissabonning «Sporting» va Moskvaning «Spartak» klublarini ortda qoldirgan. 1/8 final vazifasini o‘tagan ikkinchi guruh bosqichida — «Lids», «Anderleht» va «Latsio» bilan kvartetda birinchi bo‘lgan. Chorakfinalda Visente del Boske shogirdlarini UYeFA Kubogining amaldagi g‘olibi «Galatasaroy» kutib turardi.

Istanbulliklar ham turnirdagi ishtirokini birinchi guruh bosqichida boshlagan, ikkinchi guruh bosqichida «Milan» va «PSJ» kabi nomdor jamoalardan ustun kelgandi. Shu tariqa, chorakfinalda turklar va ispanlar ikki asosiy yevrokubokning amaldagi g‘oliblari sifatida to‘qnashdi.

«Galatasaroy» o‘shanda Yevropaning eng kuchli klublaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqlaydi. Istanbuldagi birinchi uchrashuvda Mirchi Luchesku shogirdlari «Real»ni ham mag‘lub etadi — 3:2. Mehmonlar birinchi bo‘lim yakunlariga ko‘ra ikki to‘p farqi bilan oldinda borganiga qaramay, tanaffusdan keyin «Galatasaroy» mehmonlar darvozasini uch bor ishg‘ol etadi. Natijada istanbulliklar Madridga yarimfinalga chiqish uchun yaxshi imkoniyatga ega holda yo‘l olishadi.

Ammo «Real» «Santyago Bernabeu»da raqibni ayamaydi. Jamoa birinchi o‘yindagi xatodan saboq chiqargandi: birinchi bo‘limning o‘zida uchta gol uriladi, ikkinchi bo‘limda darvoza daxlsizligi saqlab qolinadi. Yengil kambek va yarimfinal. Lekin 1/2 finalda «Real»ni «Bavariya» to‘xtatgandi. Myunxenliklar ikki o‘yinda ham g‘alaba qozongan (1:0, 2:1), keyin esa finalda «Valensiya» penaltilar seriyasida mag‘lub etilgan (1:1, 5:4).

«Real» — «Bavariya», YeChLning 2001/2002 yillar mavsumi 1/4 finali

Birinchi o‘yin: 1:2
Ikkinchi o‘yin: 2:0

Chempionlar ligasining keyingi mavsumida «Real» «Bavariya»dan revansh oladi. «Real» bu mavsumda birinchi guruh bosqichida «Roma», «Lokomotiv» va «Anderleht» kabi klublar bilan kvartetda birinchi bo‘ladi, ikkinchi guruh bosqichida «Panatinaikos», «Sparta» Praga va «Portu» klublarini ortda qoldiradi. «Bavariya» ikkinchi guruh bosqichida «Manchester Yunayted» ortidan ikkinchi bladi. Qur’a chorakfinalda Visente del Boske va Ottmar Hitsfeld jamoalarini yana uchrashtiradi.

Myunxendagi birinchi o‘yinda «Bavariya» g‘alaba qozonadi. Holbuki o‘yin oxirigacha «Real» hisobda oldinda borgandi: 11-daqiqada mehmonlar yarimhimoyachisi Jyeremi Njitap hisobni ochgandi. Ammo 82- va 88-daqiqalarda Shtefan Effenberg va Klaudio Pissaro «Bavariya»ga g‘alaba olib kelgan gollarni uradi.

«Real» ustozi del Boske javob uchrashuvidan oldin shogirdlari kambek qilishiga ishonchi komil edi. U jamoa quroli «Xuanitoning ruhi» bo‘lishini aytadi — madridliklarning o‘tgan asr 80-yillaridagi afsonaviy forvardi «Bernabeu»da 90 daqiqa juda ko‘p» iborasi bilan mashhur bo‘lgandi. Va ispanlar ushbu stadionda «Bavariya» darvozasiga ikkita javobsiz gol yo‘llaydi. Ikki gol ham ikkinchi bo‘limda uriladi: 69-daqiqada Ivan Elgera Roberto Karlosning qanotdan uzatmasidan keyin hisobni ochadi, 85-daqiqada xuddi shu kabi hujumda Raulning pasidan keyin Guti yakuniy hisobni o‘rnatadi.

«Real» yarimfinalda ashaddiy raqibi — «Barselona»ni yo‘ldan oladi (2:0, 1:1). Sovrin uchun o‘yinda esa madridliklar «Bayyer»ni mag‘lub etadi — 2:1. Zinedin Zidan aynan o‘sha uchrashuvda Chempionlar ligasi tarixidagi eng chiroyli golni urgandi. «Real» esa to‘qqizinchi sovrinni qo‘lga kiritgandi.

«Real» — «Volfsburg», YeChLning 2015/2016 yillar mavsumi 1/4 finali

Birinchi o‘yin: 0:2
Ikkinchi o‘yin: 3:0

«Real» 2015/2016 yillar mavsumini Rafael Benites rahbarligida boshlaydi. Ammo YeChL pley-offi boshlanganida madridliklar Zinedin Zidan boshqaruviga o‘tgandi. 1/8 finalda ispanlar «Roma» bilan ikki o‘yinda ham 2:0 hisoblarida g‘alaba qozonadi. Chorakfinal uchun qur’ada ham «Real»ning omadi keladi – u qadar kuchli bo‘lmagan «Volfsburg» raqib bo‘ladi.

Biroq, birinchi uchrashuvdan so‘ng, Madriddagilar nemislarga duch kelishganidan afsuslanishadi. «Volfsburg» o‘z uyida «Real»dan ustun keladi – 2:0. Vaholanki, bir necha kun oldin Zidan jamoasi ichki chempionatda safarda «Barselona» ustidan g‘alaba qozongandi (2:1). O‘shanda ko‘pchilik madridliklar bor kuchini klasikoda qoldirgani haqida gapiradi.

Javob o‘yini oldidan Zidan jamoani g‘alaba uchun ilhomlantiradi: «Oldimizda juda muhim o‘yin bor, ammo sovuqqonlik bilan o‘ynashimiz kerak. Biz raqibga faqat 10-15 daqiqa bosim qilib, bu qarama-qarshilikda ustun kelolmaymiz. Agar raqib gol urib olsa, yanada qiyinroq bo‘ladi. Shuning uchun ilk daqiqadanoq diqqatni jamlash kerak. Biz gol urishimiz kerak va buning uchun bir yarim soat vaqtimiz bo‘ladi. Xotirjamlikni saqlash kerak».

Biroq, «Real» tarkibida bunday so‘zlarsiz ham maydonni yondirib tashlashga tayyor bo‘lgan futbolchi bor edi — Krishtianu Ronaldu. «Santyago Bernabeu»da portugaliyalik yulduz het-trik qayd etib, madridliklarni keyingi bosqichga olib chiqadi. O‘sha uchrashuv Zidanning shim yirtilib ketishi bilan ham yodda qolgan: fransuz murabbiy vaziyatlardan biriga haddan tashqari hissiy munosabatda bo‘lgandi.

«Futbolda qiynalib bo‘lsa ham g‘alaba qozonish yaxshiroq. Bu klub uchun bayram va biz baribir yurishda davom eta olganimizdan hamma xursand. Oson g‘alabalar bo‘lmaydi. Birinchi o‘yindagi mag‘lubiyatdan so‘ng xarakter ko‘rsatib, oxirigacha kurashdik. Men jamoamdagi barcha o‘yinchilar bilan faxrlanaman. Ronaldu — o‘ziga xos futbolchi. Uning harakatlari hal qiluvchi xarakterga ega edi. Het-trik qayd etib, Krishtianu o‘zining xizmati kerak bo‘lgan pallada klubga yordam berdi», – deydi o‘yindan keyin Zidan.

O‘sha g‘alabadan keyin «Real» yarimfinalda qiyinchilik bilan «Manchester Siti» to‘sig‘idan o‘tadi (0:0, 1:0). Finalda esa uch yil ichida ikkinchi bor «Atletiko» bilan to‘qnashadi. «Qirollik klubi» yana g‘alaba qozonadi, bu safar ish penaltilar seriyasida hal qilinadi (1:1, 5:3 ).

«Real» — «PSJ», YeChLning 2021/2022 yillar mavsumi 1/4 finali

Birinchi o‘yin: 0:1
Ikkinchi o‘yin: 3:1

2021/2022 yillar mavsumi starti oldidan Karlo Anchelotti Madridga qaytadi. Klub xo‘jayini Florentino Peres uning oldiga Chempionlar ligasida g‘olib chiqish vazifasini qo‘yadi. Bu vaqtga kelib «Real» asosiy yevrokubokka 2018 yildan buyon ega chiqmagandi.

Guruh bosqichida madridliklar besh o‘yinda g‘alaba qozonib, faqat Moldovaning «Sherif» klubiga sensatsion tarzda mag‘lub bo‘ladi (1:2), mehmonlarning o‘yinda hisobni ochuvchi goliga o‘zbekistonlik Jasurbek Yaxshiboyev mualiflik qilgandi. 1/8 finalda esa «Real»ni «PSJ»ga qarshi ikki o‘yin kutayotgandi. Madridliklarga o‘z guruhidan ikkinchi o‘rin bilan chiqqan klublar orasidagi eng kuchlisi raqib bo‘lgandi. Mbappe, Messi va Neymardan iborat supertrioni jamlagan parijliklar o‘zining ilk yevrokubogini qo‘lga kiritishni maqsad qilgandi. Kilian bilan bog‘liq tarix qo‘shimcha intriga hosil qiladi: OAVda ushbu forvard «Real»ga o‘tishi keng muhokama qilina boshlagandi.

Va aynan Mbappe Parijdagi uchrashuvda yagonaligini saqlab qolgan gol muallifi bo‘ladi. «Real» uchun yanada alamlisi, u golni 90+4-daqiqada urgandi. Shunday qilib, «PSJ» Ispaniyaga kichik ustunlik bilan yo‘l oladi.

Javob o‘yinida yana fransuzlar birinchi bo‘lib gol urishadi — va yana Mbappe! 39-daqiqada u Tibo Kurtuani xato qilishga majbur qilib, «Real» darvozasining yaqin burchagini nishonga oladi. Ammo ikkinchi bo‘limda mezbonlar hujumchisi Karim Benzema het-trik qayd etib, «Oltin to‘p» uchun dastlabki qadamni tashlaydi.

«Biz juda og‘ir o‘yinda g‘alaba qozondik, ayniqsa, Mbappening golidan keyin, juda qiyin o‘yin. «Real» mashg‘ulotlarda bo‘lgani kabi yuqori pressing qilishga harakat qildi va shu tariqa birinchi gol urildi. Muxlislar bizni oldinga boshlashdi va biz tobora ko‘proq vaziyatlar yaratdik», – deydi o‘yindan keyin Anchelotti.

O‘sha o‘yindagi qahramonlikdan keyin Benzema «Oltin to‘p» uchun asosiy da’vogarga aylandi. Chorakfinalda «Real» yana bir top raqib — YeChLning o‘sha vaqtdagi g‘olibi «Chelsi» bilan to‘qnash keladi. Londondagi ilk o‘yinda ispanlar 3:1 hisobida g‘alaba qozonadi (Karim yana het-trik qayd etdi), Madridda esa qo‘shimcha bo‘limlarda mag‘lub bo‘ldi — 2:3. Ammo Benzemaning birinchi ekstra-taymdagi goli evaziga «Real» yarimfinalga yo‘l oladi.

«Real» — «Manchester Siti», YeChLning 2021/2022 yillar mavsumi 1/2 finali

Birinchi o‘yin: 3:4
Ikkinchi o‘yin: 3:1 (qo‘shimcha vaqt)

Chempionlar ligasi 2021/2022 yillar mavsumi 1/2 finalida «Manchester Siti»ga qarshi o‘yinlar «finaldan oldingi final» maqomini oladi. So‘nggi yillarni juda kuchli o‘tkazgan Xosep Gvardiola jamoasi o‘z tarixidagi birichi YeChL g‘olibligini orzu qilayotgandi. Undan oldingi mavsumda «shaharliklar» finalgacha yetib borgan, ammo «Chelsi»ga yutqazgandi (0:1). Shu yillarning eng kuchli ikki jamoasining o‘zaro o‘yinlaridan muxlislar katta narsa kutishardi.

«Etihad»dagi birinchi uchrashuv muxlislar kutganidan ham yaxshiroq bo‘ldi. «Manchester Siti» ustunlik qildi, to‘rtta gol urdi, ammo... «Real» bir o‘yinda 2,5 imkoniyat yaratgani holda raqib darvozasini 3 bor ishg‘ol qildi. Eng muhim golni 82-daqiqada Karim Benzema penaltidan kiritib, hisobni 3:4 ko‘rinishiga keltirdi. Madridliklar safarda mag‘lubiyatga uchradi, ammo finalga chiqish imkoniyatini saqlab qoldi.

«Birinchi o‘yin biz uchun yaxshi natija bilan yakunlanmadi. To‘rtta gol o‘tkazib yubordik, yaxshi himoyalanmadik. Bu natija qarama-qarshilik natijasini hal qilishi mumkin. «Manchester Siti» — kuchli raqib, bugun ular buni ko‘rsatishdi. Salbiy tomoni — to‘rtta gol o‘tkazib yuborganimiz, ijobiy tomoni — uchta gol urganimiz», – deya qayd etdi Anchelotti o‘yindan keyin.

«PSJ» va «Chelsi» bilan ko‘rsatgan qahramonliklaridan keyin madridliklardan «Manchester Siti»ga qarshi javob o‘yinida ham kambek kutiladi. Gvardiola esa bo‘lajak o‘yin haqida nimanidir oldindan his qilgandek gapiradi: «Balki birinchi o‘yindagiga qaraganda yaxshiroq o‘ynashimiz kerakdir, ammo yomonroq o‘ynashimiz va baribir g‘alaba qozonishimiz mumkin. Ba’zan haqingni olasan, ba’zan esa yo‘q. Biz nihoyatda sifatli futbol ko‘rsatib, g‘alaba qozonishimiz kerak».

Ammo javob o‘yini inglizlar uchun yaxshi kechdi. 73-daqiqada «Manchester Siti» vingeri Riyoz Mahrez gol urdi. Ikki o‘yin natijasiga ko‘ra umumiy hisob inglizlar foydasiga 5:3 ko‘rinishini oladi. Ammo Rodrigo «Real»ning qo‘lidagi navbatdagi joker bo‘lib chiqdi. Braziliyalik futbolchi ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida maydonga tushdi va o‘yin oxirida madridliklarni qutqarib qoldi. U 90-daqiqada Benzemaning uzatmasidan keyin to‘pni Ederson darvozasiga to‘g‘irlab yuboradi. Keyingi hujumda esa o‘ng qanotdan uzatilgan to‘pni darvozaga joylab, dubl qayd etadi. «Santyago Bernabeu» aqldan ozishni boshlaydi.

Overtaymlarda esa «Real» raqibni taslim etadi: 95-daqiqadayoq Benzema penaltini aniq ijro etadi. Madridliklar yana mo‘jizaviy kambek qayd etib, Chempionlar ligasi finaliga chiqadi.

«G‘alati voqea yuz berdi. Biz juda kuchli jamoalar bilan o‘ynadik, ular mavsum boshida Chempionlar Ligasida g‘alaba qozonishiga ishongan jamoalar edi. «PSJ», «Chelsi», «Manchester Siti...» Futbolchilarga tan berish kerak. Ular borini berishdi. Butun dunyo o‘yin tugadi deb o‘ylagandi. Ammo biz yaxshi kombinatsiyalar uyushtirdik, Rodrigo esa gollar urdi. Biz bor kuchimizni sarfladik», – dedi o‘yindan keyin madridliklar ustozi.

Parijda kechgan finalda yana «Real»ning omadi keladi. «Liverpul» butun o‘yin davomida madridliklarga bosim uyushtiradi va Kurtuani tahlika ostida ushlab turadi (zarbalar bo‘yicha 23:4). Ispanlarga esa navbatdagi marta YeChL g‘olibi bo‘lish uchun o‘yin davomida darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan birgina zarba (1:9) kifoya qiladi. 59-daqiqada Vinisius Federiko Valverdening uzatmasini golga aylantiradi va madridliklarga Chempionlar ligasidagi 14-sovrinni keltiradi.

Endi esa YeChLning 2024/2025 yillar mavsumi yarimfinaliga chiqish uchun «Real» XXI asrda o‘zining eng katta kambekini amalga oshirishi talab etiladi. Ammo madridliklar «Santyago Bernabeu»da vaqti-vaqti bilan mo‘jizalar ro‘y berishiga o‘rgatib qo‘ygan.

Mavzuga oid