«Radar ovlovchi» – Andijonda haydovchi 52 ta radarni pnevmatik miltig‘i bilan ishdan chiqardi
49 yoshli fuqaro Andijon shahrining markaziy ko‘chalariga o‘rnatilgan o‘nlab kuzatuv kameralariga pnevmatik miltiqdan o‘q uzgan. Moddiy zarar miqdori 1,1 milliard so‘mga baholanmoqda. Andijon viloyati IIB Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Foto: Videodan kadr
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida 52 ta radar kamerani tosh bilan urib sindirganini aytgan fuqaroning murojaati tarqaldi.
«Achchiq ustida, jarimalar ko‘p kelaverganiga, ko‘chada – markaziy joylarda turgan jami 52 ta kameraga zarar keltirdim. Ekspertlar jami zararni o‘rganib chiqib, 1 milliard so‘m zararni yelkamga ilib qo‘yishdi. Zarar ko‘rib, kattaroq zararga tushib qolganimni bilmay qoldim. Mashinam ham jarima maydonida. Shu yoshimga kelib 1 milliard pul ushlamaganman», – deydi u.
Shuningdek, u o‘z murojaatida plastik karta raqamlarini qoldirib, fuqarolardan zararni qoplash uchun imkon qadar moddiy yordam so‘ragan.
Andijon viloyati IIB axborot xizmati Kun.uz'ga bergan izohida mazkur holatni tasdiqlab, 1976 yilda tug‘ilgan Mahmudjon Sirojiddinov Andijon shahridagi chorrahalarga o‘rnatilgan kameralarga pnevmatik miltiq bilan zarar yetkazganini ma’lum qildi.
«M.S. Andijon shahri hududidagi 29 ta chorrahaga o‘rnatilgan «TELECOM SOFT» MChJga tegishli bo‘lgan 51 dona «Hikvision» rusumli yo‘l harakati qoidalari buzilganini aniqlaydigan maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd qilish dasturiy-texnik vositalari va 1 dona «Hikvision» rusumli radar kompleksiga, o‘ziga tegishli bo‘lgan «SRKET» rusumli pnevmatik miltiqdan o‘q otish orqali qasddan shikast yetkazgan.
Ish bo‘yicha o‘tkazilgan sud-tovarshunoslik ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, moddiy zarar miqdori jami 1 milliard 147 million so‘mni tashkil qiladi», – deyiladi Andijon viloyati IIB taqdim etgan ma’lumotda.
Holat yuzasidan Andijon shahar IIB Tergov bo‘limi tomonidan ushbu fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksi 173-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Shuningdek, IIB rasmiysiga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan hozircha hech qanday ehtiyot chorasi qo‘llanmagan.
Jinoyat kodeksining 173-moddasi «v» bandida – «ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda» o‘zganing mulkini qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish harakati uchun javobgarlik belgilangan. Ushbu huquqbuzarlik uchun BHMning 75 barobari miqdoridan jarimadan boshlab 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari mavjud.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Andijon shahridagi zarar yetkazilgan radarlarni o‘rnatgan tashkilot – «TELECOM SOFT» MChJ Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan. Kompyuter dasturlashtirish sohasida faoliyat yuritadi, kompaniyaning 90 foizdan ortiq hissasiga ega ta’sischi – «O`ZBEKTELEKOM» AJ hisoblanadi.
Mavzuga oid

18:38 / 21.04.2025
“Fuqarolarga zarar keltirmoqda” – Namangan shahar hokimi viloyat YHXBdan noqonuniy radarlarni olib tashlashni so‘radi

09:04 / 18.04.2025
40 mlrd so‘mlik kuchli ta’sir qiluvchi moddani olib kirmoqchi bo‘lganlar ushlandi

22:28 / 16.04.2025
Toshkentda yo‘l talashgan Spark haydovchisi temir bilan Matiz haydovchisini urdi

20:21 / 16.04.2025