O‘zbekiston | 11:36 / 12.04.2025
2557
3 daqiqa o‘qiladi

Talabalarni ishga qabul qilish jarayoni soddalashtiriladi

"Oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining amaliyot o‘tash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining amaliyot o‘tash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish orqali soddalashtirishni nazarda tutuvchi quyidagi tartibni joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi:

Oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarini amaliyot o‘tash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlari maxsus platforma orqali 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab amalga oshirish;
talaba va o‘quvchilarni amaliyot o‘tash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish bilan bog‘liq mavjud tartiblarni raqamlashtirishni nazarda tutgan holda soddalashtirish;
Platformani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Savdo sanoat palatasining tegishli axborot tizimlariga «Elektron hukumat» tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali integratsiya qilish.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi oliy va kasbiy ta’lim muassasalari talaba va o‘quvchilarining amaliyot o‘tash, malaka oshirish hamda ishga qabul qilish jarayonlarini raqamlashtirish va tegishli axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan Platformani ishlab chiqishni tashkil etadi.

Belgilanishicha, Platformani ishlab chiqish va qo‘llab quvvatlash uchun zarur mablag‘lar har yilgi respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida nazarda tutib boriladi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Platformani Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy apparat kompleksiga, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasining tegishli axborot tizimlariga va «Elektron hukumat» tizimining idoralararo integratsiyalashuv platformasiga integratsiya qiladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, Soliq qo‘mitasi va Savdo-sanoat palatasi o‘zlariga tegishli ma’lumotlarni Platformaga real vaqt rejimida taqdim etib borilishini ta’minlaydi.

Mavzuga oid