O‘zbekiston | 10:00 / 12.04.2025
38027
16 daqiqa o‘qiladi

Sirli eshiklar va yashirin yo‘laklar: Toshkent metrosi xavfsiz boshpana bo‘la oladimi?

Kunduz kuni odamlar bilan gavjum bo‘ladigan metroda tunda ham hayot qaynashi haqida bilarmidingiz? Tunnellar orasida yashirin yo‘llar borligi-chi, hech qulog‘ingizga chalinganmi? Balki siz ham bekatlarda yashirin eshik va sirli yo‘llar bor deb o‘ylarsiz. Xo‘sh, bu haqiqatga qanchalik yaqin? Kun.uz jamoasi metroning 1 sutkalik faoliyatini kuzatib, uning shu vaqtgacha noayon bo‘lgan ko‘plab jihatlarini o‘rgandi.

1977 yilning 6 noyabr kuni Markaziy Osiyodagi ilk metro tizimi – Toshkent metropoliteni yo‘lovchilar uchun o‘z eshiklarini ochdi. Mana, 47 yil o‘tibdiki, u poytaxt avto hayotidagi muhim transport vositasi sifatida o‘z o‘rnini yo‘qotmay, shahardagi tirbandliklarni kamaytirishga hissa qo‘shmoqda.

Ushbu yer osti transportida dastlab, "Chilonzor" yo‘nalishida 9 ta bekat mavjud edi. Yillar davomida tarmoqlar kengayib, 1984 yilda "O‘zbekiston" yo‘nalishi, 2001 yilda "Yunusobod" yo‘nalishi ishga tushirildi. 2020 yilda esa "Yer usti halqa yo‘li" yo‘nalishi foydalanishga topshirildi va shu tariqa yo‘nalishlar soni to‘rttaga yetdi. Hozirda Toshkent metrosi 71 km uzunlikdagi yo‘llari va 50 ta bekati bilan shaharning turli nuqtalarini o‘zaro bog‘lab turibdi. Uning yordamida atigi 3 ming so‘m evaziga shaharning u chetidan bu chetiga taksida yurgandan ko‘ra tezroq yetib olish mumkin: bu orqali ham vaqtingizni tejaysiz, ham naqdingizni.

Toshkent metrosi dunyodagi eng arzon metrolardan biri. Biroq uning bekatlari jahondagi eng yirik metro – Shanhay metrosidan ham hashamatliroq, Nyu York metrosidan xavfsizroq, Parij metrosidan tozaroq, Moskva metrosidan tinchroq. Mustahkamligi-chi deysizmi?

Zilzilaga bardoshliligi Tokio va Istanbul metrolaridan kam emas. Yer osti va yer usti yo‘llari seysmik zonada joylashgani sababli yer qimirlashiga chidamli konstruksiya asosida qurilgan va qalin beton qatlamlar bilan qoplangan. Ba’zi bekatlari yer ostidan bir necha metr pastda joylashga bo‘lsa-da, u yerda hatto zah va namlikni deyarli sezmaysiz. Bir so‘z bilan aytganda, poytaxt metrosi yuqori chidamlilik asosida uzoq yillar davomida foydalanishga mo‘ljallab barpo etilgan.

Mana, yarim asrga yaqin vaqt o‘tyaptiki, eng birinchi qurilgan bekatlarning noyob arxitekturasiga shikast yetmagan, ilk marta foydalanishga topshirilgandagi holatini saqlab qolgan. Ish boshlagan vaqtimizda metro kotlovan holatida edi. Ushbu inshoot ochiq metod asosida loyihalashtirilgan, gidrogeologik sharoit taqozosi bilan stansiyalar yer yuzidan chuqur bo‘lmagan hududda qurilgan. Jarayonda 99 foiz mahalliy qurilish mahsulotlari ishlatilgan, ular orasida mustahkamligi va chidamliligi bilan ajralib turuvchi tabiiy toshlar ham mavjud. Masalan, “Langar”, “Sevasa”, “Labradorit” granitlari yurish yo‘laklarida qo‘llangan, bu toshlar ishqalanish koeffitsiyenti eng yuqori materiallardan bo‘lib, odamlar uning ustida intensiv ravishda qancha ko‘p harakatlansa, 150-200 yilgacha o‘z sifatini yo‘qotmay turishi mumkin. Ustunlarda Nurota marmarlari qo‘llangan. Stansiyalarning yo‘nalish devorlari esa keramik sopol bo‘laklar bilan bezatilgan.

Sovet ittifoqi davrida O‘zbekistonda birinchi marta metro qurilishida nou-hau sifatida temir-beton konstruksiyalar qo‘llangan. Ungacha hech qaysi davlatda bu usuldan foydalanilmagan. Toshkent metrosi mazkur tajribasi keyinchalik boshqa davlatlardagi metro qurilishiga andoza bo‘lgan”, – deydi “Soyuzmetrospesstroy” va “ToshMetroQurilish” trestlarida ish boshqaruvchi sifati faoliyat yuritgan injyener-quruvchi Sobir Shermuhammad.

Yo‘lovchilarni tez va oson manziliga yetkazuvchi Toshkent metrosi nafaqat mustahkamligi, balki xavfsiz ekani bilan ham o‘ziga xosdir. Bekatlarga kirishingiz bilan tartibli muhit va texnologiyalar asosida tashkil etilgan nazorat tizimi e’tiboringizni tortadi: avval metall detektorlardan o‘tasiz, so‘ngra xavfsizlik xodimlari qo‘l yuklaringizni tekshiradi. Har bir bekatda kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, yo‘lovchilarning xavfsizligi doimiy ravishda nazorat qilinadi. Hatto, eskalator faoliyatini kuzatish uchun ham alohida xodim ajratilgan.

Eskalatordan foydalanayotgan ota-onalar yosh bolalarining qo‘lidan ushlamay, ularni erkin qo‘yib yuboradi, ehtiyotsizlik natijasida bolalar yiqilib tushadi. Ba’zida keksa yo‘lovchilarning boshi aylanib, tobi qochib qoladi. Shuningdek, kiyim etagi eskalator zinasiga kirib ketishi kabi turli vaziyatlar uchraydi. Ana shunday paytlarda odamlarning xavfsizligini ta’minlash uchun eskalatorni to‘xtatamiz va birinchi yordam ko‘rsatamiz. Yo‘lovchilarning diqqatini oshirish uchun ogohlantirish yozuvlarini qo‘yamiz. Odamlar yo‘q paytda qurilmani o‘chiramiz, yo‘lovchilar yaqinlashganda ishga tushiramiz, bu esa elektr energiyasining tejalishiga xizmat qiladi”, – deydi eskalator kuzatuvchisi Mahbuba Turdialiyeva.

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda yer osti bekatlarida texnik jihatdan eskirgan eskalatorlarni yangisiga almashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. “Xalqlar do‘stligi” hamda “Novza” bekatlariga zamonaviy eskalatorlar o‘rnatilgan, “Paxtakor”, “Mustaqillik maydoni”, “Hamid Olimjon” bekatlarida jarayonlar davom etmoqda.

Hozirga kelib Toshkent metrosini har kuni milliondan ortiq yo‘lovchi o‘zi uchun qulay transport vositasi sifatida tanlaydi, ya’ni metropolitenning kunlik odam tashish hajmi 1 milliondan oshgan. Tasavvur qilyapsizmi, tong sahar 05:00 dan faoliyatini boshlaydigan bekatlarda kechki soat 00:00 gacha ya’ni 17 soat davomida O‘zbekiston aholisining 2,7 foizi harakatlanadi.

Yo‘lovchi oqimi ko‘paygani sabab yerosti bekatlaridagi 2-vestibyuli yopiq bo‘lgan 5 ta bekatning (“Milliy bog‘”, “Yunus Rajabiy”, “G‘afur G‘ulom”, “O‘zbekiston” va “Mashinasozlar”) vestibyullarini ochib, ishga tushirish, shuningdek, 9 ta bekatda ona va bola xonasi hamda hojatxonalar qurish rejalashtirilgan.

Toshkent metrosida nafaqat zamonaviylik, balki o‘tmishning ham nafasi ufuradi. “Tinchlik” bekati noyob qandillari bilan insonni o‘ziga rom etsa, undan ikki bekat avvalda joylashgan “Paxtakor” stansiyasi nafis ganch o‘ymakorligi va mozaikalari bilan noyob sanaladi. Nostalgia kayfiyatni beradigan atmosferalarni “Alisher Navoiy”, “Kosmonavtlar”, “Beruniy”, “Chilonzor”, “Bodomzor” bekatlarida ham uchratishingiz mumkin.

Eng gavjum bekatlar “Alisher Navoiy”, “Paxtakor”, “Amir Temur xiyoboni”, “Chilonzor” bekatlari bo‘lib, ish va o‘qish boshlanish yoki tugash vaqtida bu yerda bo‘lib qolsangiz, o‘zingizni go‘yo Hindistondagi tirbandliklarga tushib qolgandek his qilasiz.

“Turkiston”, “Milliy bog‘”, “Mirzo Ulug‘bek”, “Tinchlik” bekatlari esa yo‘lovchi soni nisbatan kam bo‘lgan bekatlardan – shahar markazida joylashganiga qaramay, bu yerda diqqinafas tirbandliklarni deyarli kuzatmaysiz.

Umumiy olganda, ayrim vaqtda odamlar hosil qiladigan tirbandliklar, tartibsizliklar va ba’zi noxush hidlar bilan bog‘liq vaziyatlar sizni qiynamasa, metroda yurish deyarli noqulaylik tug‘dirmaydi. To‘lov usullari ham qulay, hozir avvalgidek kassalar oldida navbat kutib turmaysiz, shaxsiy plastik yoki transport kartalaringiz orqali bemalol to‘lovni amalga oshirishingiz mumkin. Hamyoningizni uyda unutib qoldiradigan bo‘lsangiz, mobil ilova yoki face-ID, palm-ID orqali ham yo‘l haqini o‘tkazish imkoniyati mavjud.

Ertalab ishga shoshayotganingizda yoki kechqurun charchoq bilan poyezd kutayotganingizda – vaqt eng muhim omilga aylanadi. Ana shunday paytlarda vagonlar to‘lib kelishi-yu, unga chiqmay keyingisini kutishga majbur bo‘lib qolish odamni biroz xunob qiladi. Bu kabi noqulaylikni bartaraf etish uchun so‘nggi uch yilda poyezdlar qatnovi oraliq vaqti, ya’ni interval avvalgiga nisbatan qisqargan. Xususan:

  • “Chilonzor” yo‘nalishi - 1,5 daqiqaga;
  • “O‘zbekiston” yo‘nalishi - 3 daqiqaga;
  • “Yunusobod” yo‘nalishi - 4 daqiqaga;
  • “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishi - 9 daqiqaga kamaygan. Ammo shunga qaramay, ba’zi paytlarda poyezdlarning yetib kelish vaqti kechikib qoladi. Metropoliten matbuot kotibi To‘ychi Mirzayev bu holatning qanday omillarga bog‘liq bo‘lishini tushuntirib berdi:

Ba’zan yo‘lovchilar tomonidan turli buyumlar vagonlarda unutib qoldiriladi. Aksar hollarda uning ichida nima borligini bilib bo‘lmaydi. Bunday vaziyatlarda yo‘lovchilar eng yaqin bekatga tushirilib, poyezd zaxira harakatlanish yo‘liga o‘tadi, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida odamlardan uzoqroq zonaga borib, unutilib qoldirilgan sumka yoki buyumlar tekshiriladi va rasmiylashtirilib, buyumlarni saqlash xonasiga jo‘natiladi. Aynan shunday holatlar tufayli poyezdlar kechikishi kuzatilishi mumkin. Yo‘nalishlararo harakatlanish intervallari esa bekatlardagi odamlar soni bilan bog‘liq bo‘ladi, yo‘lovchilar qancha ko‘p bo‘lsa, interval shuncha qisqa bo‘ladi”, – deydi To‘ychi Mirzayev.

Yo‘lovchilar uchun metroning eng katta afzalligi – uning hech qachon “propka”larda qolib ketmasligida. Yomg‘ir bo‘ladimi, qor yog‘adimi, metro har doim jadvalga muvofiq harakatlanadi. Ayniqsa, ertalabki tig‘iz paytlarda vaqt yo‘qotishni istamaganlar uchun ushbu transport vositasi eng qulay yechim bo‘ladi. Kechikishlarsiz harakatlanishi shart bo‘lgan yer osti va yer usti transportini boshqarish ham katta mas’uliyatni talab etishi shubhasiz. Bu kabi mas’uliyatli jarayonni har kuni boshidan o‘tkazadigan va hatto prezident chiqqan vagonni ham boshqargan mashinist o‘z ishi noodatiy voqealarga boy bo‘lishi, jarayonda katta e’tibor talab etilishi haqida so‘zlab berdi:

Men uchun Toshkent ko‘chalarida mashina haydashdan yer ostida poyezd boshqarish osonroq, sababi yo‘llarda tirbandliklar bo‘lmaydi. Ammo jarayonda ishdan chalg‘imaslik, diqqatli bo‘lish zarur, negaki poyezdning stansiyalar oralig‘ida belgilangan tezlikda o‘z vaqtida harakatlanishi, odamlarning xavfsizligini ta’minlashga javobgarmiz.

Ba’zan yo‘lovchilarning vagon ichida ahvoli yomonlashib, hushidan ketish holatlari uchrab turadi. Bunday paytlarda eng yaqin stansiyaga to‘xtab, birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatamiz. Vagonlarga o‘rnatilgan aloqa tizimlari orqali odamlardan hazilomush murojaatlar ham kelib turadi: kimdir “tezroq yuring, uyda xotinim kutyapti” deb baqirsa, kimdir yashash uchun kvartira so‘raydi – bunaqa vaziyatlar faqat va faqat mashinistning vaqtini olib, uni chalg‘itishga xizmat qiladi xolos”, – deydi poyezd boshqaruvchisi.

Toshkent metrosida bekatlar doimo ozoda saqlanadi, poyezdlar esa soat mexanizmi kabi aniq harakatlanadi. Lekin bu tartib o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Metroning uzluksiz va tartibli xizmat ko‘rsatishi ortida 6000 ga yaqin insonning mehnati turadi. Ularning orasida eng xavfli jarayonlar bilan bog‘liq vazifalarni metroning yuragi bo‘lmish depo hududidagilar bajaradi. Depo – poyezdlar dam oladigan va erta tongda uyg‘onadigan joy bo‘lib, u yerda vagonlar ta’mirlanadi, harakatga chiqishidan avval tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Poyezdlar harakatlanish vaqtida ularning g‘ildiraklarida siljish, boltlarining bo‘shashi kabi nosozlik holatlari yuzaga keladi. Kun davomida vagon birikmalari parametrlarini tekshiramiz: mexanik va elektr o‘lchovlarni amalga oshirib, g‘ildirak juftliklaridagi nosozliklarni o‘rganamiz. Qismlarda biror muammo aniqlansa, zudlik bilan tuzatiladi, sababi mexanik qismlar poyezdlarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega”, – deydi depo xodimasi Marhabo Berdiyeva.

Boshqa bir depo xodimining aytishicha, ko‘pincha quloqchinlar va ayollar poshnasi kabi buyumlar tiqilib qolishi oqibatida vagon eshiklari nosoz holatga keladi. Shu sabab har 12 kunda vagon ichi tekshirilib, eshiklarning ochilish-yopilishi, oyna va ushlagichlar nazoratdan o‘tkaziladi, boltlarining bo‘shab qolgan qismlari mustahkamlanadi.

Metropoliten hududining ko‘pchilikka tanish bo‘lmagan qismi – dispetcherlik markazi. Bu yerni “metropolitenning aqli” desak ham adashmaymiz. Dispetcherlik markazida har bir poyezdning aniq joylashuvi maxsus monitorlar va GPS tizimlari orqali kuzatiladi. Poyezdlarning vaqt jadvaliga mos harakatlanishi ta’minlanadi, har bir bekatda to‘xtash va jo‘nash vaqtlari kabi ishlar nazorat qilinadi. Favqulodda holat yoki texnik nosozlik yuzaga kelsa, dispetcherlik markazi tomonidan poyezdlar harakati to‘xtatilib, yo‘lovchilarni xavfsiz hududga ko‘chirish va favqulodda yordamni tashkil etish ishlari amalga oshiriladi.

Ko‘pchilikka ma’lum, sovet davrida qurilgan Toshkent metrosi faqat transport vositasi sifatida emas, favqulodda vaziyatlarda boshpana bo‘lishga ham mo‘ljallangan deyiladi. Xo‘sh, metro haqiqatan bunday holatlarga bardoshlimi? Va bekatlarda rostdan yashirin yo‘laklar bormi? Metro mas’uli bu savollarga javob berar ekan, bekatlardagi eshikka o‘xshash qismlar ortida hech qanday sirli yo‘laklar mavjud emasligini ma’lum qildi.

Metro tunnellariga turli kabel va simlar o‘rnatilgan. Bekatlar dizaynini buzmaslik maqsadida ular devorlar ortidan o‘tkazilgan. Harakatlanish devorlaridagi eshiklar ortida hech qachon sirli yo‘l yoki yashirin tunnellar mavjud emas, u yerda kabellarga texnik xizmatlar ko‘rsatiladi. Toshkent metrosining inshootlari, ayniqsa, yer osti bekatlari mustahkam konstruksiyalarga ega va yuqori darajada himoyalangan – tabiiy ofatlar, masalan, zilzila yoki yong‘indan himoya qilishga mo‘ljallangan, shu sabab metro favqulodda holatlarda boshpana sifatida ishlatilishi mumkin”, – deydi metropoliten matbuot kotibi.

Injyener-quruvchi Sobir Shermuhammadning aytishicha, Toshkent metrosi fuqaro mudofaasi obekti sifatida barpo etilgan unikal obekt hisoblanadi.

Inshoot mustahkam konstruktiv elementlarga ega bo‘lib, 9 balli zilzilaga bardosh bera oladi. Buni yillar o‘tsa ham metro stansiyalarining ta’mir holatiga kelmagani tasdiqlaydi – tabiiy yemirilish yoki eskirish holatlari yo‘q. Bundan tashqari, metroning mustahkam darvozalari mavjud, favqulodda holatlarda eshiklar yopilsa, bekatlar germetik holatga keladi va natijada metro zarb to‘lqinlari va radiatsiya kabi tahdidlardan odamlarni himoya qila oladi”, – deydi u.

Ko‘rsatuvning to‘liq qismini Kun.uz YouTube kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Mualliflar: Diyoraxon Nabijonova, Ibrohim Samadov
Operatorlar: Ziyaddin Mamatjonov, Abdulloh Hasanov
Montaj ustasi: Abdulloh Hasanov.

Mavzuga oid