Samarqandda Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini kengaytirish uchun 217 ta turarjoy binosi buziladi
Madaniy meros agentligiga ko‘ra buzilishi rejalashtirilgan, fuqarolarga tegishli bo‘lgan turarjoy binolari madaniy meros obekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilmagan. Ularning egalariga bozor qiymatida kompensatsiya pullari to‘lab beriladi.

Foto: O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda 220 ta mulk ziyorat markazi uchun tortib olinayotgani haqidagi xabar tarqaldi. Holat yuzasidan Madaniy meros agentligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, prezidentning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi bilan Samarqand shahrining “Chokardiza” qabristonida joylashgan Imom Moturidiy yodgorlik majmuasini rekonstruksiya qilish, majmua atrofidagi buyuk ulamolarning qabrlarni qayta tiklash, hududlarni obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaxshilash orqali yirik ziyorat markazini tashkil etish rejalashtirilgan.
Mazkur farmoyishga asosan Imom Moturidiy yodgorlik majmuasining atrofini kengaytirish maqsadida fuqarolarga tegishli bo‘lgan 217 ta turarjoy binosi buzilishi qayd etilgan. Ushbu binolar Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 846-sonli qarori bilan madaniy meros obekti sifatida milliy ro‘yxatga kiritilmagan.
Prezidentning 2021 yil 19 iyundagi tegishli qarorida moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlarida, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarda, Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda va ularning qo‘riqlanadigan tegralarida obektlarni qurish, buzish va obodonlashtirish ishlarining loyihalarini agentlik bilan majburiy tartibda kelishish belgilangan. Bunda Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlar va obektlar bo‘yicha loyihalar agentlik tomonidan YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi orqali YuNESKOning Umumjahon merosi markazi bilan kelishgan holda amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.
2025 yilning 6 mart kuni agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashining Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan 4-sonli yig‘ilishida ushbu masala atroflicha ko‘rib chiqilgan va yakuniy xulosa berilgan. Kengash xulosasiga ko‘ra, Samarqand shahrida joylashgan Imom Moturidiy majmuasining atrofini kengaytirish ishlari yuzasidan taklif ma’qullangan.
Shuningdek, Ilmiy-ekspert kengashi bayonida Madaniy meros agentligi Imom Moturidiy majmuasi atrofini kengashtirish va obodonlashtirish loyihasi bilan Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi talablariga muvofiq YuNESKOning Umumjahon merosi markazini xabardor qilish choralarini ko‘rish belgilangan.
Hujjatda ushbu hududlarda olib boriladigan har qanday qurilish, obodonlashtirish ishlarining loyihalari o‘rnatilgan tartibda Madaniy meros agentligi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi qat’iyan belgilab qo‘yilgan. Mazkur hududda amalga oshiriladigan kengaytirish va obodonlashtirish ishlarining nazorati Samarqand viloyati Madaniy meros boshqarmasiga yuklatilgan.
Uy-joylari buzilayotgan aholi vakillarining turarjoylari bozor qiymatida hisoblanadi va belgilangan tartibda kompensatsiya pullari to‘lab berilishi rejalashtirilgan.
Oldinroq «Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolangandi. Ushbu qaror asosida 2025 yil aprel oyida Samarqand shahrida “Moturidiylik – bag‘rikenglik, mo‘’tadillik va ma’rifat ta’limoti” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkaziladi. Xorijlik tadqiqotchilar o‘rtasida moturidiylik ta’limoti bo‘yicha ilmiy tanlov o‘tkaziladi, g‘oliblar ishtirokida O‘zbekistonda madaniy-ma’rifiy uchrashuv va seminar-treninglar tashkil etiladi.
Shuningdek, yaqinda Samarqandga tashrifi chog‘ida davlat rahbariga Imom Moturidiy majmuasini qayta ta’mirlash va obodonlashtirish loyihasi taqdimot qilingandi. Unga ko‘ra, Moturidiy majmuasida 1 ming 500 kishiga mo‘ljallangan jome masjid, ma’muriy bino qurilishi ko‘zda tutilgan. U yerda kutubxona, majlislar zali, innovatsion muzey hamda mutaxassislar uchun xonalar bo‘ladi. Majmua yaqinida ziyoratchilar uchun avtoturargoh, tahoratxona quriladi.
Mavzuga oid

11:58
“Efirda uzilish va qotish bo‘lgan” – Samarqand va Andijondagi attestatsiya jarayonlari yuzasidan munosabat bildirildi

11:17
Samarqandda piyodalar yo‘lakchasidagi hodisa oqibatida bir kishi vafot etgan

10:29
Samarqandda Lacetti piyodalar yo‘lakchasidan o‘tayotgan o‘nga yaqin kishini urib ketdi

23:20 / 22.04.2025