Eron armiyasini shay holatga keltirdi. Urush ehtimoli qanchalik?
Tramp Tehronning yadroviy dasturini to‘xtatish uchun “kerak bo‘lsa hujum qilishi”ni aytgan. So‘nggi vaqtlarda Eron avvaliga “raketa shaharlari”ni ko‘z-ko‘z qilib, keyin armiyasini jangovar shay holatga keltirdi. Siyosiy tahlilchilar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimov Kun.uz studiyasida vaziyat borasidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida siyosatshunoslar Farhod Karimov va Kamoliddin Rabbimov jonli efirda geosiyosiy jarayonlar haqida tomoshabinlardan kelib tushgan savollarga javob berishadi.
Muloqot Eron atrofidagi murakkab xalqaro vaziyat haqidagi savollar bilan boshlandi.
— AQSh va Isroildan yangragan bayonotlar Yaqin Sharqdagi vaziyatni yana so‘roq ostiga qo‘ymoqda. Eron urush ostonasida turgan bo‘lishi mumkinmi?
Farhod Karimov: Haqiqatda ham oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida bu mavzu juda ko‘p ko‘tarilmoqda. Ukraina urushi masalasida AQSh–Rossiya muzokaralari fonida bir muddat Yaqin Sharq asosiy kun tartibidan tushib qolgandek ko‘ringan edi. Hozir esa yana Eronning Isroil va AQSh bilan munosabatlari OAVda kun tartibiga chiqyapti. Bu bir qator omillar bilan bog‘liq.
Birinchidan, Eronning pozitsiyasi e’tiborga molik. Tehron o‘z armiyasini jangovar shay holatga keltiryapti. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi oxirgi yillarda “raketa shaharlari” deb ataluvchi yerosti qurol omborlari haqida turli nashrlarda ma’lumotlar chiqarib kelardi, oxirgi paytlarda mana shu chiqishlar ko‘paydi. Deyarli kunda-kunora yangi omborlar ko‘rsatilyapti, bu omborlarda raketalarning yangi avlodlari ham yaratilayotgani aytilyapti.
Bu fonda Eron uzoq hududlarga ham zarba bera olish imkoniyatlarini bot-bot eslatyapti. Raketalar yordamida 2 ming kilometrdan ortiq, dronlar yordamida esa 3,5 ming kilometr yoki undan ham ortiq masofada joylashgan nishonlarini ura olishiga sha’ma qilyapti. Bu, AQSh va Britaniyaning Hind okeanidagi bir nechta harbiy bazalarini ham qamrab oladi.
Bu masalani kun tartibiga chiqargan ikkinchi omil – Donald Trampning avvalroq, mart oyida aytgan gaplari. Ya’ni agar yadroviy kelishuv bo‘lmasa, biz Eronga iqtisodiy bosim o‘tkazamiz va kerak bo‘lsa, hujum qilamiz, degan edi. Isroilning pozitsiyasi ham bu jarayonni yangi bosqichga olib chiqyapti, urush yaqinmi degan savollarni uyg‘otyapti.
Rossiya va Xitoyning bu boradagi pozitsiyalari keskin bo‘lmayotgani, tinch yo‘l bilan hal qilish kerak degan umumiy masalalardan uyoqqa o‘tmayotganidan kelib chiqib ham, tahlilchilar Eronning hozirgi global shart-sharoitidan AQSh va Isroil foydalanib qolishi mumkinligini aytishyapti. Ukraina urushi bo‘yicha Rossiyaga qilinayotgan bosim tufayli Rossiya bu mojaroga aralashmasligi mumkin.
Yana bir masala: Eronning ichki matbuoti yoki ijtimoiy tarmoqlarini kuzatib ko‘rsangiz, eronliklar AQSh bilan bo‘lishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy urushdan ko‘ra ko‘proq ichki siyosiy va ijtimoiy ahvoldan qayg‘urmoqda. Hozirgidek tashqi keskinlik faol darajaga chiqqan fonda ham, Eron jamiyati ishsizlik, pulning qadrsizlanishi kabi muammolarni ko‘proq muhokama qilyapti. Biz AQSh bilan urushga tayyorlanishni doim ko‘rganmiz, bu ham navbatdagisi, deyishyapti.
Hozirgi keskinlik ko‘proq Xominaiy va Tramp o‘rtasida kechayotgan, siyosiy elitalarning o‘ziga xos kurashiga o‘xshamoqda. Urushni AQSh emas, Isroil xohlayotgandek.
Bevosita Eronning o‘ziga katta hujumlar emas, birinchi navbatda Eron qo‘llayotgan proksi kuchlarga hujumlar bo‘lishi ehtimoli yuqoriroq. Suriyaga, husiychilarga hujumni ko‘rdik. Eron tarafga qarab ketsa, zarbalar faqat ayrim nuqtalarga, manzilli yo‘naltirilishi mumkin, lekin ungacha proksi kuchlarga hujumlar va iqtisodiy bosim bilan cheklanadi.
— Rossiya-Ukraina urushida Eron Rossiyaga dronlar yetkazib berib, yordam berdi. Hozir esa AQShning o‘zi Rossiya bilan yaqinlashyapti. Shunday vaziyatda, agar Tramp Eronga qarshi urush ochsa, Rossiya Eronni qo‘llagan holda AQShga qarshi chiqadimi?
Kamoliddin Rabbimov: Yuqorida Farhod aka aytganidek, Isroilning AQShga Eronni yo‘q qilish kerak deya da’vat qilib kelishi oxirgi 15 yilda, muttasil o‘zgarmay kelmoqda. Prezident Jorj Bush davrida, 2005 yilda jiddiy bir urushga yaqinlashildi, lekin urush bo‘lmadi, chunki Afg‘oniston va Iroqdagi urushlar og‘irlik qildi, uchinchisini boshlashga Amerikaning kuchi yetmas edi.
Trampning o‘z leksikoni bor. U Zelenskiy bilan uchrashganda “sizning qo‘lingizda karta yo‘q, mening qo‘limda bor” dedi. Karta o‘ynaydigan odam sifatida, Trampning siyosatdagi taktikasi – blef. Karta o‘ynaydiganlar o‘zida yo‘q kartani bor deb ishontirishi va raqibni qo‘rqitishi kerak. Eron va Amerika o‘rtasida bilvosita muzokaralar ketyapti. Ular to‘g‘ridan to‘g‘ri gaplashmaydi, vositachilar orqali muloqot ketyapti. Tramp Xominaiyga xat yo‘lladi, Xominaiy ham javob xati yubordi.
Unutmaslik kerakki, Trampning birinchi prezidentlik muddatida general Qosim Sulaymoniy Iroqda o‘ldirilgan edi. U Xominaiyga eng yaqin generallardan biri edi.
Mening nazarimda, urush ehtimoli judayam kam. Bugun Donald Trampning kun tartibida turgan narsa harbiy urushlar emas, iqtisodiy, savdo urushlari. Qolaversa, Eronga urush boshlash uchun prezident Kongressdan ruxsat olishi kerak, buning uchun esa asoslash kerak.
Rossiyaga keladigan bo‘lsak, Putinning vaziyati juda ham murakkab. U bir tomondan Donald Tramp hokimiyatga kelgan paytda Amerika bilan o‘z muammolarini hal qilib olishi kerak. Sanksiyalarni olib tashlash, Ukrainani nazoratiga olish kerak. Buning uchun Tramp bilan gaplashib turish kerak. Shu fonda Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri Eron yordam beradigan bo‘lsa, bu Tramp va Putin muloqotlariga soya soladi.
Putinning strategik maqsadi – kollektiv g‘arbni dunyo hokimiyatidan yiqitish. U shu maqsadda Eron, Shimoliy Koreya, umuman kimki Amerikaga qarshi bo‘lsa, ular bilan birga harakat qiladi. Hozir Amerikada Rossiya bilan kelishuv bu taktik kelishuv, strategik emas, Tramp ketganidan keyin AQShning Rossiyaga va Putinga munosabati hozirgidek saqlanib qolmaydi. Trampning o‘zi ham 1-2 yildan keyin butunlay teskari pozitsiyaga o‘tishi mumkin, buni Putin ham juda yaxshi biladi. Ya’ni ikki o‘rtadagi hozirgi iliqlik – vaqtinchalik.
O‘ylaymanki, Eron masalasida Putinning pozitsiyasi ochiqchasiga yordam berish yoki qo‘llab-quvvatlash bo‘lmasa-da, u yoki bu shakldagi yordam, albatta, bo‘ladi.
NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.
Tavsiya etamiz
“Yaqin kunlarda rekord issiqlik to‘lqini kutilmoqda” – iqlimshunos Erkin Abdulahatov
O‘zbekiston | 13:00 / 10.04.2025
O‘zbekistonliklarni haqoratlagan tiktoker qamoqqa olindi
Jamiyat | 09:52 / 10.04.2025
Xitoy o‘z fuqarolarini AQShga bormaslikka chaqirdi
Jahon | 22:59 / 09.04.2025
Savdo urushlari: Trampning maqsadi nima?
Jahon | 19:21 / 09.04.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Rossiya hujumidan keyin Dniproda kamida sakkiz kishi jarohat oldi
Jahon | 13:40
-
Yetakchi institutlar Germaniyaning iqtisodiy o‘sish prognozini pasaytirdi
Jahon | 13:39
-
Andijonda Damas oldinda ketayotgan traktorga borib urildi
O‘zbekiston | 13:35
-
O‘zbekistonda doimiy aholining necha foizi mehnatga layoqatli?
O‘zbekiston | 13:34
Mavzuga oid

12:13
Trampning ortga tisarilishi. U nega bojlarni 90 kunga muzlatib qo‘ydi?

11:40
Tramp bojlar AQShga muammo keltirishi mumkinligini tan oldi

10:47
Isroil bilan to‘qnashuvdan so‘ng HAMASdan nima qoldi?

00:11