Jamiyat | 14:46 / 01.04.2025
17096
6 daqiqa o‘qiladi

“Yetim qolgan nevaralarim ko‘ziga qaray olmayapman” - Popda oyog‘i sinishi bilan operatsiya qilingan bemor vafot etdi

Namangan viloyati Pop tumanida 36 yoshli Hojiakbar Qirg‘izov dalada ishlayotib yiqilib tushadi va shu kuniyoq tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinadi. Tekshiruvga ko‘ra, chap oyoq son qismi singani aniqlanadi. Jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatsiz yakunlanib, bemor ikkinchi marta yana jarrohlik amaliyotini o‘taydi. Bu gal Farg‘onadan mutaxassis chaqiriladi. Biroq amaliyot yana kutilgan natija bermaydi. Shifoxonaga singan oyog‘ini hisobga olmaganda soppa-sog‘, yaxshi kayfiyatda kirib ketgan bemor ahvoli og‘irlashib, komaga tushib qoladi va bir necha kundan keyin joni uziladi.

Kun.uz muxbiri o‘lim holati bilan bog‘liq hodisani o‘rganish uchun Pop tumanida bo‘lib marhum Hojiakbar Qirg‘izovning yaqinlari va bemorni operatsiya qilgan shifokorlar bilan suhbatlashdi.

Marhum Hojiakbar Qirg‘izov (suratda chapdan birinchisi)

Hojiakbar Qirg‘izov 1989 yilda tug‘ilgan. 3 nafar farzandning otasi. “Qirg‘izboy ota asalarichi” fermer xo‘jaligini boshqarib kelgan. Namangan viloyati Pop tumanining Chinor mahallasida istiqomat qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, u shu yilning 13 mart kuni dalada mineral o‘g‘it yuklayotib yiqilib tushadi va shu kuniyoq Pop tumani tibbiyot birlashmasining shoshilinch qabul bo‘limiga olib kelinadi. Unga chap oyog‘i son qismi suyagini sinishi tashxisi qo‘yiladi. Marhumning otasi Muhammadjon Qirg‘izov bemor o‘g‘lini avvaliga tuman shifokorlariga ishonmay viloyat markaziy shifoxonasiga olib bormoqchi bo‘ladi.

Muhammadjon Qirg‘izov, marhumning otasi

Biroq shu tumanning travmatologi Ikromjon Xo‘janazarov jarrohlik amaliyoti yengil o‘tishi va bunday holatdagi jarohatlar operatsiyasi ular uchun juda oson kechishiga otani ishontiradi.

Oxir-oqibat Pop tuman shifoxonasi travmatologi Ikromjon Xo‘janazarov va tuman tibbiyot birlashma boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Bunyod Yunusovlar jarrohlik amaliyotiga bosh-qosh bo‘lishadi. Bunyod Yunusov singan oyoqqa temir qo‘yish uchun bemor yaqinlaridan 1 000 AQSh dollari so‘raydi. So‘ragan pulni Bunyod Yunusovga bemorning ukasi Ahmadjon Qirg‘izov olib borib beradi. Bundan tashqari shifokorlar marhum Hojiakbar Qirg‘izovning yaqinlaridan yana 200 AQSh dollari so‘rashadi. Keyingi so‘ralgan pul ham beriladi.

Marhumning farzandlari

Birinchi jarrohlik amaliyoti 16 mart kuni o‘tkaziladi. Amaliyot kutilganidek o‘tmaydi. Shundan keyin bemor keyingi bo‘lajak operatsiyani viloyat markaziy shifoxonasida o‘tkazish kerakligi, Popda shifokorlar uni o‘ldirib qo‘yishlarini aytib otasiga iltimos qiladi. Biroq birinchi operatsiyani amalga oshirgan Ikromjon Xo‘janazarov va Bunyod Yunusovlar bu safar ham kelgusi amaliyot yaxshi o‘tishini aytib bemor yaqinlarini ishontirishadi. Bu safar Farg‘onadan Bobur ismli shifokor yordamga chaqiriladi. Jarrohlik stoliga yaxshi kayfiyatda, soppa-sog‘ kirib ketgan Hojiakbar Qirg‘izovning ikkinchi amaliyotdan keyin ahvoli yomonlashib komaga tushib qoladi. Bir necha kun komada yotgan bemor 27 mart kuni vafot etadi.

O‘lim holati bo‘yicha izoh olish uchun Pop tumani tibbiyot birlashmasida bo‘lib marhumni operatsiya qilgan Bunyod Yunusov va Ikromjon Xo‘janazarov bilan suhbatlashdik. Shifokorlarning aytishicha, bemor nima sababdan o‘lgani sud tibbiy ekspertiza xulosasidan keyingina ayon bo‘ladi. Ularning qo‘shimcha qilishicha, operatsiya jarayoni har doimgidek barcha tibbiy talablar asosida amalga oshirilgan. Kutilganidek, aybni hech bir shifokor o‘z bo‘yniga olgisi kelmayapti.

Bunyod Yunusov, Pop tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari
Ikromjon Xo‘janazarov, travmatolog

Shifokor Bunyod Yunusov nima uchun marhum yaqinlaridan 1000 AQSh dollari so‘ralgani haqida so‘rovimizga aniq javob bera olmadi.

Pop tumani tibbiyot birlashmasi hududida Davron G‘ulomov ismli bemorni uchratdik. Uning aytishicha, bir qo‘li sinib shifoxonaga kelgan paytda unga travmatolog shifokor qo‘lini tuzatish uchun 300 AQSh dollari so‘ragan.

Davron G‘ulomov

Shundan keyin u Namangan shahridagi viloyat tez tibbiy markazida qo‘lini bepulga gips qildirgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Pop tumani tibbiyot birlashmasi travmatologiya bo‘limida keyingi paytda ko‘plab ko‘ngilsiz holatlar kuzatilyapti. Shifokorlar noto‘g‘ri operatsiya qilishi oqibatida bir nechta bemorlar majruh bo‘lib qolgan.

Ayni paytda o‘lim holati bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.

Mavzuga oid