Jahon | 18:22 / 01.04.2025
5426
6 daqiqa o‘qiladi

Marin Le Pen qamoqqa hukm qilindi

Fransiya prezidentligiga oxirgi ikki saylovda Makronning asosiy raqibi bo‘lgan o‘ta o‘ngchilar yetakchisi Marin Le Pen qamoq jazosiga hukm qilindi. U Yevroparlament pullarini o‘zlashtirib kelganlikda ayblandi va hokimiyat organlariga saylanish huquqidan mahrum bo‘ldi. Siyosatchi endi 2027 yilgi prezident saylovida nomzod bo‘lolmaydi, u paytda qamoqda bo‘ladi.

4 yillik qamoq jazosining 2 yili shartli, yana 2 yili esa uy qamog‘i. Reuters xabariga ko‘ra, apellyatsiya shikoyati qanoatlantirilmasa, muxolifat yetakchisi 5 yil davomida davlat lavozimlariga saylana olmaydi.

Albatta, Fransiya sudi chiqargan bu qaror “Milliy birlashuv” partiyasi yetakchisi Le Pen uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Chunki u uzoq vaqtdan beri Yevropadagi o‘ta o‘ng kuchlarning eng taniqli namoyandasi edi. 2027 yilgi saylovlarda esa uning g‘alabasi deyarli aniq edi. Chunki amaldagi prezident Makron 2 muddat ketma-ket saylangani bois keyingi saylovda nomzod bo‘lolmaydi. Jamoatchilik fikri so‘rovlarida ham Le Pen peshqadamlik qilayotgandi. Yuqoridagi jazolardan tashqari, Le Pen 100 ming yevro jarima ham to‘laydigan bo‘ldi. Prokuratura talablari deyarli to‘liq qondirilgan.

56 yoshli Le Pen apellyatsiya berishi e’lon qilindi va uning apellyatsiyalari tugaguniga qadar qamoq jazosi ham, jarima ham qo‘llanmaydi. Ammo lavozimga saylanishni besh yilga taqiqlash chorasi darhol boshlanadi.

Le Penning partiyasi rasmiy rahbari, uning o‘ng qo‘li 29 yoshli Jordan Bardella vaziyatga o‘z munosabatini yozib qoldirgan.

“Bugun nafaqat Marin Le Pen nohaq hukm qilindi, balki Fransiya demokratiyasi ham o‘ldirildi”, deydi u. Keyingi prezidentlik saylovida endi partiya Bardellaning o‘zini nomzod sifatida ko‘rsatishi mumkin.

Le Pen bugungacha uch marta – 2012, 2017 va 2022 yillarda prezidentlikka nomzodini qo‘ygan va 2027 yilda u oxirgi marta nomzod bo‘lishini aytgandi. Endi Le Pen saylov oldidan apellyatsiya tartibida hukm bekor etilishidan umid qilmoqda. Lekin saylovda u baribir nomzod bo‘lolmaydi, chunki 5 yillik hokimiyat organlariga saylanish taqiqi bilan u saylovni o‘tkazib yuboradi.

Ma’lum bo‘lishicha, pullarni o‘zlashtirish ishida yana sakkiz nafar yevroparlament deputatlari va 12 nafar parlament yordamchilari aybdor deb topildi. Sudlanuvchilar pul qonuniy asosda ishlatilganini ta’kidlamoqda.

Le Pen besh yilga hukm qilinganiga qaramay, siyosatdan chekingisi yo‘q, deb yozadi mashhur fransuz nashri Le Figaro. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, Bardella avvalboshidan Le Penning siyosiy vorisi bo‘lishga tayyorlangan. 29 yoshli siyosatchi muxolifatning "B" rejasi, shunday vaziyatlarda u maydonga chiqishi aniq edi.

Donald Tramp mafkuradoshining sud ishi haqida eshitarkan, buni o‘z taqdiriga qiyosladi. Bu xuddi bizning mamlakatimizga juda o‘xshaydi, dedi AQSh prezidenti saylovdan oldingi o‘ziga ochilgan sud ishlariga shama qilib. Va Tramp Le Penga o‘qilgan hukm juda jiddiy masala ekanini ham aytgan.

Muxolifat kutilganidek, bu ish Le Penning keyingi saylovda nomzod bo‘lolmasligini ta’minlash uchun qilingan, demoqda. Partiya yetakchilari Bardella bilan matbuot paradiga chiqmoqchi. Fransuz nashrlari vaziyatni “demokratik janjal” deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, o‘ta o‘ngchilar partiyasi va uning yetakchisi Le Penning takliflari o‘ta shovinistik ruhga ega edi. Ma’noviy jihatdan Le Pen dasturi Fransiya qonunchiligini Yevroittifoq qonunchiligidan ustun qo‘yishga qaratilgan va agar u saylovda yutsa, referendum o‘tkazishini aytgan. Bu bilan Fransiya siyosatida Yevroittifoqdan chekinish yuz berishi mumkin edi yoki ittifoqni butunlay tark etishi ham ajab emasdi. Immigratsiya siyosati bo‘yicha ham u qat’iy takliflar bergan, ishlamagan chet elliklarni chiqarib yuborish, yashash ruxsatnomasidan mahrum etish, kino, matbuot va maktablarda islomiy qarashlarni butunlay taqiqlash, jamoat joylarida ro‘mol o‘rashni taqiqlash, ko‘cha bezorilarini jinsiy jinoyatchilar ro‘yxatiga kiritish, 25 mingta yangi qamoqxonalar yaratish, berilgan jazoni qisqartirish yoki tuzatish imkoniyatini yo‘q qilish, mudofaa xarajatlarini oshirish Marin Le Penning dasturidan o‘rin olgandi.

Fransiya sobiq prezidenti Fransua Olland Le Penni sudni hurmat qilishga biror shikoyati bo‘lsa, apellyatsiya xati yozishga chaqirdi. Oq uyda amal tekkan Trampning o‘ng qo‘li Ilon Mask esa Le Penning hibsga olinishiga qarshi fikr bildirarkan, “radikal so‘llar demokratik ovoz berish yo‘li bilan g‘alaba qozona olmasalar, raqiblarini qamoqqa tashlab, huquq tizimini suiiste’mol qiladilar. Bu butun dunyo bo‘ylab ularning standart kitobi”, dedi.

Braziliya sobiq prezidenti Bolsonaro fikricha: “bu aniq so‘l qanotning ishi. O‘ng qanot qayerda bo‘lishidan qat’i nazar, so‘l qanot va tizim o‘z raqiblarini o‘yindan chiqarish uchun ishlaydi”, deydi u Le Penning yonini olarkan.

"Albatta, biz Fransiyaning ichki ishlariga aralashishni istamaymiz, biz hech qachon bunday qilmaganmiz. Lekin, haqiqatan ham Yevropa davlatlari tobora demokratik me’yorlarni oyoqosti qilish yo‘liga o‘tmoqda”, deydi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Mavzuga oid