Jahon | 09:00 / 29.03.2025
10809
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy AQShning harbiy yordamini qarz deb tan olishdan bosh tortdi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy AQShdan foydali qazilma boyliklarni o‘zlashtirish bo‘yicha yangilangan kelishuv loyihasini qabul qilganini ma’lum qildi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, u hali hujjatni o‘rganmagan.

Volodimir Zelenskiy. Foto: TSN

Shunga qaramay, Zelenskiy Ukraina AQSh tomonidan taqdim etilgan harbiy yordamni qarz sifatida ko‘rib chiqmasligini ta’kidlab o‘tdi.

«Biz qarzlarni qabul qilmaymiz. <…> Kamida, o‘tmish haqida gapiryapmiz. Agar kelgusida qandaydir istiqbollar, yangi qo‘llab-quvvatlash paketlari bo‘lsa, u holda Amerika Qo‘shma Shtatlari, ehtimol, muayyan shartlarni qo‘yishi mumkin», — deb prezident so‘zlarini keltirmoqda UNIAN.

Zelenskiyning ta’kidlashicha, u kelishuvning yangi matnini qonunchilik xavf-xatarlari yuzasidan huquqiy tahlildan so‘ng ko‘rib chiqishni rejalashtirmoqda.

«Agar biz uchun qandaydir xatarli jihatlar bo‘lsa, albatta, men ularni jamiyatimiz bilan hech qanday sirsiz muhokama qilaman», — dedi u.

Bundan avval AQSh Ukrainaga foydali qazilmalarni qazib olish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha batafsil taklifni taqdim etgan edi. Ukraina hukumatidagi manbalarga tayanib, mahalliy «Suspilne» nashrining xabar berishicha, ishchi guruh ushbu variantni tahlil qilmoqda. Biroq nashrning suhbatdoshlari fikricha, yangi loyiha avvalroq kelishilgan doiraviy bitim bilan solishtirganda «orqaga qadam» hisoblanadi.

«Yevropeyskaya pravda» nashri hujjat mazmuniga tayanib, yangi kelishuv loyihasi avval Zelenskiy rad etgan shartnomaning dastlabki variantiga juda o‘xshashligini qayd etdi.

Jumladan, unda AQShning harbiy yordami uchun kompensatsiya to‘lash bandi mavjud. Kelishuv shartlariga ko‘ra, Ukraina Amerika Qo‘shma Shtatlariga yetkazilgan qurol-aslaha uchun kamida 100 milliard dollar miqdorida kompensatsiya to‘lashi lozim bo‘ladi, bu summa esa yiliga 4 foizga oshib boraveradi. Ya’ni, Kiyev to‘lovlarni qancha kechiktirsa, shuncha ko‘proq to‘lashga majbur bo‘ladi.

Financial Times’ning xabar berishicha, Ukraina hukumatidagi uch nafar yuqori lavozimli amaldor Kiyev yaqin vaqt ichida ushbu kelishuvni imzolamasligini ma’lum qilgan. Chunki taklif etilayotgan shartlar «adolatsiz» va «talonchilik» ,deb baholangan. Xususan, yangi variant Ukrainadagi barcha foydali qazilma resurslarini, jumladan neft va gazni, shuningdek, asosiy infratuzilmani — temiryo‘llar, quvurlar, portlar va qayta ishlash korxonalarini qamrab oladi.

Bloomberg ma’lumotiga ko‘ra, Donald Tramp ma’muriyati Ukrainadagi infratuzilmaviy va resurs loyihalariga investitsiya kiritishda «birinchi taklif huquqi»ni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Amerika kompaniyalari Ukraina resurslarini xarid qilishda ustuvor huquqqa ega bo‘ladi.

Ukrainani tiklash uchun yaratiladigan maxsus investitsiya jamg‘armasi nazorati AQShning Xalqaro rivojlanish moliya korporatsiyasiga topshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ukraina ushbu jamg‘armaga yangi infratuzilmaviy loyihalar va foydali qazilmalarni qazib olishdan tushadigan daromadlarning 50 foizini o‘tkazishi shart bo‘ladi.

Yangi loyihada AQShning Ukrainadagi yadroviy infratuzilmaga egalik qilish huquqi haqida band mavjud emas, biroq FT nashrining ta’kidlashicha, Kiyevda bu masala keyinchalik ko‘tarilishi mumkinligidan xavotir bor.

Mavzuga oid