Putinning muzokarachisi otashkesim kelishuvi joriy yilda imzolanmasligi ehtimoli borligini aytdi
Ukrainadagi mojaroni hal etish jarayonida ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin, biroq bu o‘zgarishlar yaqin vaqt ichida ro‘y bermasligi ehtimoli ham saqlanib turibdi.

Grigoriy Karasin. Foto: RIA Novosti
Bu haqda Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan muzokaralarda ishtirok etgan Rossiya Federatsiya Kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi Grigoriy Karasin «Rossiya-24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
«Balki, bu yil emas yoki yil oxirida ham ro‘y bermas», — dedi u. Senator o‘tgan uchrashuvlarni «osoyishta» va «konstruktiv» deb baholadi, ammo ularning natijadorligi zaif bo‘lganini tan oldi. «Birinchi uchrashuvning o‘zida qandaydir ulkan yutuqlarga erishishni kutmoqlik — soddalik bo‘lar edi», — dedi u.
Karasinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va AQSh delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralarning asosiy mavzulari Qora dengizdagi kemalar harakati xavfsizligi, Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini tiklash va «Rosselxozbank»ning SWIFT tizimiga ulanishi masalalari bo‘lgan. Senator amerikalik delegatsiya bilan «umuman ishlash mumkin»ligini ta’kidlab, ularning vakillarini «tinglaydi, qabul qiladi, o‘z pozitsiyalarini bayon etadi», deya ta’rifladi. U shunday uchrashuvlar davom ettirilishini va Rossiya muzokarachilar guruhi oldiga yangi vazifalar qo‘yilishini kutmoqda.
Karasinning ta’kidlashicha, Ar-Riyoddagi ko‘p soatlik maslahatlar davomida amerikaliklar avvaliga Rossiya uchun qabul qilib bo‘lmaydigan shartlarni qo‘ygan. Senatorga ko‘ra, AQSh vakillari dastlab ikki tomon nomidan qaror chiqaradigan vositachi rolini o‘z zimmasiga olishga urinishgan, biroq tez orada «bunday usul Rossiya tomoniga o‘tmasligi»ni anglab yetishgan.
Muzokaralar 23 mart kuni boshlangan. AQSh delegatsiyasi alohida holda Ukraina va Rossiya vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan va ular 25 mart kuni yakunlangan. Shundan so‘ng Oq uy Qora dengiz akvatoriyasidagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. AQSh ma’muriyati bayonotiga ko‘ra, kelishuv mintaqada xavfsiz kemachilikni ta’minlash va zo‘ravonlikdan voz kechishni nazarda tutadi. Buning evaziga Vashington Rossiya oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozoriga eksport qilinishini tiklashga ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Biroq ortidan Kreml o‘z talqinini e’lon qildi. Unda urush harakatlarini to‘xtatish faqatgina ma’lum shartlar bajarilsa — jumladan, «Rosselxozbank» va boshqa tashqi savdo amaliyotlarini moliyalashtiruvchi tashkilotlarga nisbatan sanksiyalar bekor qilinsa amalga oshishi mumkinligi ta’kidlandi. Moskva, shuningdek, ushbu banklarning SWIFT tizimiga va valuta korrespondent hisoblariga kirishini tiklashni talab qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bu bayonotlarga javoban Rossiya hukumatini «manipulyatsiya va kelishuvlarni buzib ko‘rsatish»da aybladi. «Rossiya kelishuv mohiyatini buzishib ko‘rsatishga, nafaqat vositachilarni, balki butun dunyo hamjamiyatini chalg‘itishga urinayotganini ko‘ryapmiz. (…) Moskva yana o‘z haqiqatini majburan singdirishga urinmoqda, go‘yoki o‘t ochishni to‘xtatish sanksiyalarni bekor qilishga bog‘liq, degandek», — dedi u.
26 mart kuni Yevropa Ittifoqi muzokaralari doirasida Rossiyaning sanksiyalarni yumshatish to‘g‘risidagi talablari rad etildi. Yevropa Komissiyasi vakili Anitta Hipperning ta’kidlashicha, YeI Rossiyaga nisbatan cheklovlarni faqatgina «Ukrainaga qarshi urushni to‘liq to‘xtatish va barcha qo‘shinlarni hududidan chiqarish»dan keyingina bekor qilishi mumkin.
Keyinroq Parijda Ukraina xavfsizligiga bag‘ishlangan sammitda Yevropaning yetakchi rahbarlari hozirgi vaziyatda Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishning mavridi emasligini yana bir bor tasdiqlashdi.
Mavzuga oid

01:11
Yevropaning oltita davlati «Rossiyaga bosim o‘tkazishni» davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi

20:30 / 31.03.2025
Rossiyaning yana bir hududi migrantlar mehnatiga cheklovlar joriy qildi

20:00 / 31.03.2025
Putin bahorgi harbiy xizmatga chaqirishga oid farmonni imzoladi. Armiyaga 160 ming kishi olib ketiladi

18:19 / 31.03.2025