Ramazonda ham to‘xtamagan qirg‘in, Yevropa rejalashtirayotgan tinchlik rejasi va Pentagon rahbarining yangi tatuirovkasi - kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Isroil Ramazonda ham qirg‘inni davom ettirmoqda
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an G‘azoda Isroil amalga oshirayotgan amaliyotlarni keskin qoralab chiqdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, G‘arb davlatlarining sukuti ortidan Isroil Ramazon oyida ham G‘azoda havo hujumlarini kuchaytirgan.
«So‘nggi yovuz hujumlar oqibatida 700 dan ortiq falastinlik, asosan bolalar va ayollar halok bo‘ldi», — dedi Erdo‘g‘an Qur’on tilovati tanlovida.
Turkiya rahbari G‘azo hududining 80 foizga yaqini vayron etilganini, shifoxonalar va tibbiy muassasalar ataylab nishonga olinayotganini ta’kidladi.
«Falastinlik birodarlarimizni oxirigacha yolg‘iz qoldirmaymiz. Insonparvar yordam, diplomatiya va prinsipial siyosat orqali ularni qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — deya va’da berdi u.
Bu orada G‘azo sektorida Turkiya tomonidan qurib berilgan, onkologik kasalliklarga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashgan turk-falastin do‘stligi shifoxonasi Isroil armiyasi tomonidan vayron qilingani ham ma’lum qilindi.
Yevropa rejalashtirayotgan tinchlik rejasi
Fransiya, Buyuk Britaniya va Germaniya delegatsiyalari Kiyevga kelishi kutilmoqda. Ular Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha aniq rejalar ishlab chiqadi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya va Britaniya rahbarlari — Makron va Starmer — Yevropa nomidan harakat qiladi. Bu Vashingtonga ham aniq signal bo‘lishi lozim.
Kun tartibidagi asosiy masala — Ukrainada Yevropa tinchlikparvar kuchlarini joylashtirish. Fransiya Dnipro daryosi bo‘ylab, front chizig‘idan uzoqroqda tinchlikparvar kuchlarni joylashtirishni taklif qilmoqda.
Buyuk Britaniya va Fransiya bo‘linmalari yirik shaharlar, portlar va muhim infratuzilma yaqinida turishi kutilyapti. NATO esa urushdan keyingi davr uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Bu orada Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok otashkesimning Putin shartlari bilan imzolanishi urushning yakunlanishi emas, keyingi bosqinga tayyorgarlik ko‘rrish bo‘lishini aytdi.
«Bizning Putin urushiga qarshi javobimiz kuch orqali tinchlikka erishish bo‘lishi kerak. Yevropaning birdamligi va qat’iyati orqali tinchlik», degan Berbok.
Zelenskiy: «Putin o‘ladi va hammasi tugaydi»
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya rahbari Vladimir Putinning umri uzoqqa bormasligiga ishonch bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Putinning o‘limi urushning tugashiga olib keladi.
«U yaqin orada o‘ladi, bu — fakt. Va barchasi tugaydi», — dedi Zelenskiy Eurovision News’ga bergan intervyusida.
U yana bir bor G‘arb davlatlarini Kremlga bosimni kuchaytirishga, sanksiyalar orqali Rossiyadagi vaziyatni izdan chiqarishga chaqirdi.
Zelenskiy Putinni «izolyatsiyadan qo‘rquvchi inson» deb atadi va G‘arbga «superkuch emas, haqiqiy kuchini» namoyon etishni taklif qildi.
Shuningdek, Zelenskiy Putin vaqtdan yutishga urinayotgani, Rossiya qo‘shinlari esa Sumi, Xarkiv va Zaporojjya oblastlariga yangi hujum uyushtirishga tayyorlanayotganini ta’kidladi.
«Ular muzokaralarni cho‘zyapti va AQShni soxta «shartlar» bilan oxiri yo‘q, mazmunsiz bahslarga tortishga urinmoqda. Shunda vaqtdan yutib, keyin yana ko‘proq hududlarni egallashga harakat qilishadi», — dedi Ukraina yetakchisi.
Putin Ukrainadagi otashkesim haqida
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainada otashkesimga erishish masalasiga to‘xtalar ekan, ayni paytga kelib Luhansk oblasti hududlari 99 foizga, Donetsk, Zaporijjya va Xerson oblastlari hududlari esa taxminan 70 foizga Rossiya qo‘shinlari tomonidan nazoratga olinganini qayd etdi.
«Qo‘shinlarimiz har kuni yangi hududlarni ozod qilmoqda», — dedi u.
Putin Ukrainadagi tinchlik muzokaralarini faqat Rossiya manfaatlarini hisobga olgan holda o‘tkazish mumkinligini ta’kidladi.
Unga ko‘ra, Volodimir Zelenskiyning «muddati allaqachon tugagan» va u bilan birga Ukrainadagi barcha rasmiy shaxslar ham lavozimlarida noqonuniy o‘tirishibdi. Shu bois Rossiya «kim bilan muzokara o‘tkazishni ham bilmayapti».
Putinning fikricha, hokimiyatning nolegitimligi sharoitida hozirga kelib Ukrainada «Azov» singari neonatsist tuzilmalar hukmronlik o‘rnata boshlagan. Shu sababli Putin Zelenskiyni hokimiyatdan chetlatib, Ukrainani Papua—Yangi Gvineya, Sharqiy Timor singari BMT boshqaruvi ostida boshqarish taklifini ham o‘rtaga tashlagan.
Yevropa sanksiyalarni yumshatishdan bosh tortdi
Parijdagi Ukraina bo‘yicha sammitda Yevropa yetakchilari Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishning mavridi emas, degan yakdil to‘xtamga kelishdi.
Britaniya bosh vaziri Kiyr Starmer bu «sanksiyalarni yechish fusati yetmagani»ni bildirdi. Uning ta’kidlashicha, aksincha, AQSh tashabbusi asosida Rossiyani muzokaralar stoliga o‘tkazish uchun sanksiyalarni kuchaytirish masalasi muhokama qilingan.
«Toki Rossiya agressiyani davom ettirar ekan, sanksiyalar yumshatilmaydi», – degan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham.
Prezident Volodimir Zelenskiy ham bu qarorni qo‘llab-quvvatlab, Rossiyaga nisbatan bosimni oshirishni istashini aytdi.
AQSh va Ukraina Saudiya Arabistonida Qora dengizdagi sulh bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Ammo Moskva sanksiyalar yechilmas ekan, bu kelishuvga rioya qilmasligini bildirdi. Xususan, ruslar «Rosselxozbank»ni SWIFT tizimiga qayta ulashni asosiy talab sifatida qo‘yishmoqda.
Biroq SWIFT Yevropa Ittifoqi yurisdiksiyasida, yevropaliklar esa tinchlik muzokaralariga jalb etilmagan. Germaniya rasmiylari sanksiyalarni qayta ko‘rib chiqish haqida xabardor emasligini ma’lum qildi.
Qolaversa, Yevropa Ittifoqi toki Rossiya qo‘shinlari Ukrainadan butunlay chiqib ketmas ekan, cheklovlarni olib tashlamasligini aniq bildirdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, Moskvaning SWIFT'ga oid shartlari amalga oshmasligi oldindan ma’lum. Bu Rossiyaga kelishuv buzilishida G‘arbni ayblash uchun imkon beradi. Agar Yevropa Ittifoqi bu talabni rad etsa, Kreml ularni tinchlikni istamaslikda ayblaydi. Agar AQSh bu borada Yevropaga bosim o‘tkazsa, Rossiya buni Yevropa ustidan nazoratga dalil sifatida ko‘rsatib, orani buzishga harakat qiladi.
Pentagon rahbarining yangi tatuirovkasi
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset o‘ng qo‘liga arab yozuvida «kofir» — ya’ni «ishonchsiz» yoki «dinsiz» degan so‘zni tatuirovka qildirdi. Bu haqda Amerika ommaviy axborot vositalari xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, bu tatu Hegset vazirlik lavozimiga kelgandan keyin paydo bo‘lgan — avval bunday belgilar uning qo‘lida payqalmagan.
Taxminlarga qaraganda, u ushbu yozuv orqali o‘z siyosiy va dunyoqarash pozitsiyasini namoyon etmoqchi bo‘lgan. «Kofir» yozuvli tatuirovkalar g‘arb davlatlarida ultrao‘ng islomofoblar orasida mashhur. Ular bu so‘zni provokatsion ramz sifatida ishlatishadi.
Vazirning tanasida salib yuruvchilarga xos «Quddus xochi» ibroniy yozuvda «Iso» so‘zi na XI asrdagi salibchilarning «Deus Vult» («Xudoning irodasi») yozuvi ham bor.
Avvalroq Hegset nasroniy sionizmi tarafdori ekanini yashirmagan va Isroilning Falastinni okkupatsiya qilishini musulmonlarga qarshi ilk salib yurishiga qiyoslagan.
1980 yilda tug‘ilgan Pentagon rahbari Afg‘oniston va Iroqda, shuningdek, Guantanamo qamoqxonasida harbiy xizmat qilgan.
Moskva Armaniston oldiga tanlov qo‘ydi
Rossiya Armaniston Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlasa, u bilan barcha iqtisodiy munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishini bildirdi. Bu haqda RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk arman parlamenti qonunni qabul qilganidan so‘ng ta’kidladi.
Overchukning so‘zlariga ko‘ra, Armaniston Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi yoki Yevropa Ittifoqidan birini tanlashi shart. «Biryo‘la ikki stulda o‘tiradigan payt tugadi», dedi u. Uning aytishicha, 2024 yilda Rossiya va Armaniston o‘rtasidagi savdo hajmi 12,7 mlrd dollar bo‘lgan, Yevropa Ittifoqi bilan esa bu ko‘rsatkich atigi 2 mlrd dollarga yetgan.
Overchuk Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi savdo aloqalari foydaliroq ekanini ta’kidladi. Kreml ham bu ikki tashkilotda bir vaqtda a’zo bo‘lish mumkin emasligini eslatdi.
Mavzuga oid

13:20 / 29.03.2025
Mayanma va Tailanddagi kuchli zilzila, Isroilda qaytadan avj olgan namoyishlar va Trampdan o‘ch olmoqchi bo‘layotgan ittifoqchilar - kun dayjesti

14:08 / 27.03.2025
Nusayrat lageriga tashlangan bomba, Hind okeanida kuch to‘playotgan AQSh va Istanbulning muvaqqat hokimi - kun dayjesti

13:05 / 26.03.2025
HAMASga yana tahdid qilgan Isroil, Ar-Riyoddagi muzokaralar yakuni va yettinchi muddatiga kirishgan Lukashenko - kun dayjesti

14:07 / 25.03.2025