Jahon | 14:08 / 27.03.2025
3447
10 daqiqa o‘qiladi

Nusayrat lageriga tashlangan bomba, Hind okeanida kuch to‘playotgan AQSh va Istanbulning muvaqqat hokimi - kun dayjesti

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi qurbonlar 50 mingdan oshdi

Eng so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil harbiy-havo kuchlarining G‘azo sektori markazida joylashgan Nusayrat qochqinlar lagerini bombardimon qilishi oqibatida kamida olti nafar falastinlik halok bo‘lgan. Bu haqda WAFA agentligi xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Isroil harbiy samolyotlari Abdullo Azzam masjidi atrofidagi hududni nishonga olgan. Hujum natijasida ko‘plab jabrlanganlar borligi ham ma’lum qilingan.

Isroil qo‘shinlari lager markazidagi Al-Qassam masjidi yaqinida joylashgan bepul oshxonaga ham havo zarbasini bergan. Hujum oqibatida halok bo‘lganlar va yaralanganlar bor.

Isroil havo hujumlari natijasida G‘azo sektorida halok bo‘lgan falastinliklar soni 50 ming 183 nafarga yetdi. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, hafta boshidan buyon amalga oshirilgan zarbalarda kamida 39 kishi nobud bo‘ldi, yana 124 kishi yaralandi.

18 martdan boshlab Isroil otashkesimni buzib, G‘azoda yangi havo amaliyotini boshlagan. Shu kunlar ichida 830 falastinlik halok bo‘ldi. Hujumlar yanvardagi sulh va asirlar almashinuvi kelishuviga qaramay davom etmoqda.

Minglab odamlar uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan. BMT ma’lumotiga ko‘ra, 124 ming falastinlik qayta qochqinga aylangan.

AQSh Hind okeanida kuch to‘plamoqda

AQSh Diyego-Garsiya orolidagi harbiy bazasida strategik kuchlarni faol ravishda joylashtirmoqda. Bu yerga B-2 Spirit bombardimonchi uchoqlari, transport va yonilg‘i quyish samolyotlari yetkazilgan. Ushbu harakatlar havo hududining yopilishi bilan birga amalga oshirilmoqda.

B-2 Spirit — yadroviy qurol tashishga qodir, zamonaviy «ko‘rinmas» uchoqlar bo‘lib, har qanday mudofaa tizimidan so‘zsiz o‘tishi mumkin. AQSh bu bazani keng ko‘lamli operatsiya oldidan faollashtirayotgani ma’lum.

Ehtimoliy maqsad — husiychilarga zarba berish, ammo Eron harbiy obektlariga ham hujum qilinishi istisno etilmayapti. Prezident Donald Trampning ultimatumlariga javob berilmasa, Eron nishonga olinishi ham mumkin. Tahlilchilarning fikricha, bunchalik ko‘p miqyosda aviatsiya to‘planishi faqat husiychilar uchun emas.

Istanbulga vaqtincha hokim etib kamolchi tayinlandi

Istanbulda vaqtincha shahar hokimi etib JXP a’zosi, kamolchi Nuri Aslan saylandi. U hibsga olingan Akram Imomo‘g‘li o‘rniga deputatlar ovozi bilan tanlandi. Jumhuriyat xalq partiyasi shahar parlamentida ko‘pchilikni tashkil etgani uchun natija kutilganidek bo‘ldi.

Natijalarga ko‘ra, Nuri Aslan 177 ovoz to‘pladi. Erdo‘g‘anning Adolat va taraqqiyot partiyasi nomzodi Zaynulobidin O‘qul esa 125 ovoz bilan yutqazdi.

Natija e’lon qilingach, ATP deputatlari yig‘ilishni tark etdi, JXP vakillari esa Imomo‘g‘li surati fonida qarsak chalishdi.

Nuri Aslan hokim etib saylanganidan so‘ng JXP rahbari O‘zgur O‘zal shahar hokimiyati binosini tark etdi. U yetti kun davomida binodagi yig‘ma divanda yashab, kun kechirayotgan edi.

O‘zal mitinglar Sarachanedan olinib, endi Silivri qamoqxonasi oldida o‘tishi va Imomo‘g‘lini ozod qilish, keyin esa prezidentlikka nomzod qilib ko‘rsatish uchun kurash davom etishini bildirdi.

Tramp: “Putin tanaffusdan foydalanmoqda”

AQSh prezidenti Donald Tramp Vladimir Putin Ukrainadagi otashkesim bo‘yicha kelishuvni ataylab kechiktirayotgani mumkinligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya urushni tugatishni istaydi, lekin kelishuvni imzolashni cho‘zib, muzokaralarda ustunlikka erishmoqchi.

«Men ham odatda biznesda shunday qilganman — shartnomani imzolamay, o‘yinda qolishga harakat qilganman», — dedi Tramp Newsmax’ga bergan intervyusida.

Oq uy avvalroq Kiyev va Moskva Qora dengizda otishmalarni to‘xtatishga kelishganini, energiya infratuzilmasi himoyasi bo‘yicha muzokaralar davom etayotganini ma’lum qilgan. Rossiya esa sanksiyalar bekor qilinmas ekan, kelishuvni to‘liq bajarmasligini bildirmoqda.

Trampga ko‘ra, Putin ham, Zelenskiy ham urushni to‘xtatishni istaydi. «Men faqat urush tugashini istayman. Buning uchun to‘lashni ham xohlamayman», — dedi u.

Rossiya Zaporijjya AESdan voz kechmoqchi emas

Rossiya Zaporijjya atom elektrostansiyasini Ukraina yoki boshqa biror davlatga topshirish imkonini qat’iy rad etdi. RF Tashqi ishlar vazirligi bu obektni «Rossiya yadroviy mulki» deb atab, stansiya xodimlari ham faqat Rossiya fuqarolari ekanini ta’kidladi.

Mazkur bayonot AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp hamda Volodimir Zelenskiy telefon orqali ZAES atrofidagi vaziyatni muhokama qilganidan so‘ng berildi. Tramp AQSh yordami bilan Ukraina AESlarini modernizatsiya qilishni taklif etdi, biroq Zelenskiyning aytishicha, so‘zlashuvlarda mulkchilik masalasi ko‘tarilmagan.

Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasi 2022 yilning martidan buyon Rossiya okkupatsiyasi ostida qolmoqda. O‘sha yilning sentabridan buyon AESda Atom energetikasi bo‘yicha xalqaro agentlik kuzatuvchilari doimiy ishlashmoqda.

Moskva va Kiyev AES joylashgan hududni o‘qqa tutayotganlikda bir-birini muntazam ayblab kelmoqda.

Rossiya SWIFT’ga qayta ulanishi mumkinmi?

AQSh Rossiyani xalqaro bank tizimi SWIFT’ga qayta ulash masalasini ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqda AQSh moliya vaziri Skott Bessent Fox News efirida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya banklari SWIFT’ga ulanishi Kremlning keyingi harakatlariga bog‘liq bo‘ladi. Agar Moskva Ukrainaga tinchlikka erishish masalasida ijobiy qadamlar tashlasa, sanksiyalar yumshatilishi mumkin. Aks holda, prezident Donald Tramp muzokaralarda ustunlikka erishish maqsadida cheklovlarni yanada kuchaytirishga tayyor.

Hafta ichida Saudiya Arabistoni poytaxtida bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Rossiya bir qator talablarni ilgari surgan. Jumladan, «Rosselxozbank» va o‘g‘it ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan sanksiyalarni olib tashlash so‘ralgan.

The Economist nashrining yozishicha, AQSh bosimni yengillashtirsa-da, Yevropa cheklovlari Rossiya iqtisodiga katta zarar yetkazishda davom etadi.

NATO Rossiyaga qaqshatkich javob va’da qildi

NATO bosh kotibi Mark Ryutte Rossiya tomonidan Polsha yoki alyansga har qanday a’zo davlatga qilingan hujum jazosiz qolmasligini qat’iy ta’kidladi. U Varshavada Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida so‘zga chiqib, agressiyaga qarshi «qaqshatkich javob» berilishini bildirdi.

«Agar kimdir NATO davlatlariga hujum qilsa, u holda butun alyansning qudratiga duchor bo‘ladi. Bizning javobimiz qattiq, keskin va og‘riqli bo‘ladi. Bu Vladimir Putin va barcha ehtimoliy tajovuzkorlar uchun aniq bo‘lishi shart», — dedi u.

Ryutte AQShning NATO Ustavining 5-moddasida nazarda tutilgan umumiy mudofaa majburiyatlariga to‘liq sodiq ekanini ta’kidladi.

«Hozirgi global xavfsizlik tahdidlari shunchalik jiddiyki, Yevropa ham, Shimoliy Amerika ham bu muammolarni yolg‘iz hal qila olmaydi. Birlik va hamkorlik — bizning asosiy qurolimizdir», — dedi u.

Fransiyadan Ukrainaga €2 mlrd harbiy yordam

Fransiya Ukraina uchun qo‘shimcha 2 mlrdlik yevrolik harbiy yordam paketi ajratishini e’lon qildi. Bu haqda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Parijda Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiy bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Yordam paketi Ukraina Qurolli kuchlarining ustuvor ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan. Unga qarshi tank raketalari, havo hujumidan himoya tizimlari, Mirage samolyotlari uchun raketalar, Mistral raketalari hamda VAB va AMX-10 RX bronemashinalari kiradi.

Makronga ko‘ra, bu miqdordagi yordamga masofadan boshqariladigan o‘q-dorilar ham kiradi. Shuningdek, Fransiya Ukrainada harbiy texnika ishlab chiqarishni ham qo‘llab-quvvatlaydi.

Zelenskiy esa Mirage 2000 samolyotlari sonini oshirish masalasi muhokama qilinganini va ular Ukraina havo himoya tizimining ajralmas qismiga aylanganini ta’kidladi.

Armaniston Yevroittifoqqa qo‘shilishni boshlamoqchi

Armaniston parlamenti 26 mart kuni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash to‘g‘risidagi qonunni ikkinchi o‘qishda ma’qulladi.

Qonun «Demokratik kuchlar platformasi» tashabbusi bilan ilgari surilgan bo‘lib, u to‘rtta partiya va bir necha fuqarolik guruhlarini birlashtirgan. Ular 50 mingdan ziyod fuqaroning imzosini to‘plagan.

2025 yil boshida hukumat ushbu loyihani ma’qullab, parlamentga taqdim etgan. Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bu qonun Armanistonning Yevropa Ittifoqiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri a’zoligi emasligini, bunday qaror faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkinligini aytgan.

Qonun qabul qilingach, Yevropa Ittifoqi bilan tuziladigan yo‘l xaritasi yuzasidan muzokaralar boshlanishi kutilmoqda. Avvalroq Armaniston Yevroittifoq bilan vizasiz rejim to‘g‘risida muzokaralar o‘tkazgan va Yevropa Ittifoqini Armanistonning asosiy sherigi, deb e’lon qilgan edi.

Mavzuga oid