Putin NATOga qarshi katta urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda - Germaniya razvedkasi
Germaniya razvekda xizmati hisobotida keltirilishicha, Moskva alyansga a’zo bir yoki bir nechta davlatga qarshi cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazish orqali NATOni «sinab ko‘rishi» mumkin.

Foto: kremlin.ru
Kreml NATOga qarshi keng ko‘lamli urushga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Rossiya prezidenti Vladimir Putin ushbu to‘qnashuvni tizimli deb hisoblaydi. Bu haqda Germaniyaning Federal razvedka xizmati va Bundesver tayyorlagan hisobotda so‘z boradi.
Germaniya razvedkasining fikricha, Rossiya 2020 yillarning oxiriga borib NATOga qarshi «keng ko‘lamli urush»ga to‘liq tayyor bo‘lishi mumkin. Ayni paytda esa Rossiyaning bunday harbiy to‘qnashuv uchun yetarli kuchi yo‘q. Shunga qaramay, Litva maxsus xizmatining baholashicha, Moskva alyansga a’zo bir yoki bir nechta davlatga qarshi cheklangan harbiy operatsiya o‘tkazish orqali NATOni «sinab ko‘rishi» mumkin. Bunday yo‘l bilan Kreml NATO ittifoqchilarini himoya qilish bo‘yicha majburiyatlarini qay darajada bajara olishini anglashga urinadi.
Hisobotga ko‘ra, Rossiyaning harbiy-havo kuchlari va floti Ukraina hududiga to‘plangan bo‘lishiga qaramay, hanuz jangovar qobiliyatga ega. Ukraina bilan urush tugagach, Rossiya qo‘shinlari tez fursatda Boltiqbo‘yi davlatlari chegaralariga yo‘naltirilishi mumkin. Germaniya razvedkasining qayd etishicha, Rossiya armiyasi yo‘qotishlarini tiklashga muvaffaq bo‘lmoqda, shuningdek, mamlakat harbiy sanoati front ehtiyojlaridan ko‘ra ko‘proq mahsulot ishlab chiqaryapti.
Urushning uch yili davomida Rossiya armiya va qurol-yarog‘ ishlab chiqarishga kamida 22 trillion rubl sarflagan. 2025 yilgi budjetda esa 13,2 trillion rubl miqdorida harbiy xarajatlar ko‘zda tutilgan bo‘lib, bu umumiy xarajatlarning deyarli 30 foizini tashkil etadi. 2024 yil sentabrda Vladimir Putin Rossiya armiyasi sonini 2 million 389 ming kishigacha oshirdi (+180 ming harbiy), shundan 1,5 millioni bevosita harbiy xizmatchilar. Bu ko‘rsatkich bilan Rossiya Qurolli Kuchlari dunyoda Xitoydan keyin ikkinchi o‘ringa chiqdi.
26 mart kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte yana bir bor Vladimir Putinni ittifoq a’zolariga qarshi har qanday tajovuzga alyans tomonidan «halokatli javob» qaytarilishidan ogohlantirdi. «Agar kimdir xato qilib, Polsha yoki boshqa ittifoqdoshlarimizdan biriga hujum qilsa va bu jazosiz qoladi deb o‘ylasa — u NATO kuchlarining to‘liq qudrati bilan to‘qnashadi. Bizning javobimiz halokatli bo‘ladi. Bu narsa Vladimir Putinga va bizga hujum qilishga jur’at qiladigan har kimga mutlaqo ravshan bo‘lishi kerak,» — dedi u Varshavada Polsha bosh vaziri Donald Tusk bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida.
Mavzuga oid

12:40
Tramp Rossiya neftiga ikkilamchi bojlar joriy etish bilan tahdid qildi

11:54
Italiya Rossiyani YeI obekti ustidan dron uchirganlikda gumon qilmoqda

08:51
Urushdagi mutlaq rekord: mart Rossiya artilleriyasi uchun «qora oy» bo‘ldi

22:16 / 29.03.2025