Zelenskiy: Rossiya Sumi, Xarkiv va Zaporijjya oblastlariga yangi hujum tayyorlamoqda
Ukraina prezidentining aytishicha, Rossiya mazkur operatsiyani sakkiz oy oldin boshlashni reja qilgan, ammo Kursk oblastiga hujum orqali buning oldi olingan.

Foto: president.gov.ua
Vladimir Putin vaqtdan yutishga urinmoqda, Rossiya qo‘shinlari esa Sumi, Xarkiv va Zaporijjya oblastlariga yangi hujum uyushtirishga tayyorlanyapti. Bu haqda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Parijda o‘tkazilgan sammit yakunidagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Ukraina razvedkasida Rossiya bahorgi hujumga tayyorlanayotgani bo‘yicha ma’lumotlar mavjud. Ukraina tomoni ushbu razvedka ma’lumotlarini ittifoqchilari bilan bo‘lishgan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mazkur operatsiyani sakkiz oy oldin boshlashni reja qilgan, ammo Ukraina Qurolli kuchlari Kursk oblastidagi operatsiya orqali buning amalga oshirishiga yo‘l qo‘ymagan.
«Ular [RF] muzokaralarni cho‘zyapti va AQShni soxta «shartlar» bilan oxiri yo‘q, mazmunsiz bahslarga tortishga urinmoqda, shunda vaqt yutib, keyin yana ko‘proq hududlarni egallashga harakat qilishadi», — deydi Ukraina yetakchisi.
Bundan tashqari, Zelenskiy Rossiya—Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralarda Yevropa nomidan Fransiya va Buyuk Britaniya vakillari qatnashishini ma’lum qilgan. Bunday qaror Parijdagi sammitda qabul qilingan.
Ukraina prezidenti, shuningdek, AQSh nodir minerallar bo‘yicha bitim shartlarini muntazam o‘zgartirayotganini aytib, ikki mamlakat vakillari uning ustida hali ham ish olib borayotganini ta’kidladi.
27 mart kuni Ukrainani qo‘llab-quvvatlash koalitsiyasi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit ishtirokchilari bir ko‘plab masalalar qatorida Ukrainaga g‘arb harbiy kontingentini yuborish variantini ham muhokama qildi. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uchrashuv yakunida Yevropa yetakchilari Ukrainaga qo‘shin joylashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
Mavzuga oid

22:38 / 30.03.2025
Zelenskiy saylovlarga tayyorgarlikni boshladi - The Economist

22:16 / 29.03.2025
Rossiyada qarovsiz qolgan o‘zbekistonlik bolalar vatanga qaytarildi

11:03 / 29.03.2025
SSJ-100 halokati: Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi mas’uliyatni ekipajga yukladi

10:22 / 29.03.2025