O‘zbekiston | 15:11 / 26.03.2025
2653
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga 6 mingga yaqin chiqindi qutilari yetishmaydi - Ekologiya boshqarmasi

Poytaxt ekologiya boshqarmasi 2 oy oldin shahar obodonlashtirish boshqarmasiga murojaat qilib, ko‘cha va xiyobonlarga 5600 ta chiqindi qutisi o‘rnatishni so‘ragan, lekin “mablag‘ ajratilmagan” degan javobni olgan, deya ma’lum qildi ekologiya rasmiysi Kun.uz bilan suhbatda. Bu yil chiqindi qutilari o‘rnatishga qancha mablag‘ ajratilgani haqidagi savolni Toshkent shahar hokimligi javobsiz qoldirdi.

Toshkent shahrida belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlari bo‘yicha 1 yanvardan 20 martgacha 607 nafar shaxs ma’muriy javogarlikka tortildi. Ularga jami 300 mln so‘mga yaqin jarima tayinlangan.

Bu haqda ma’lum qilgan poytaxt ekologiya boshqarmasi shu’ba mudiri Begjon Egamovning Kun.uz'ga aytishicha, hozirda kuchaytirilgan reyd tadbirlari Chirchiq daryosi bo‘ylarida olib borilyapti. Boisi, asosan o‘sha hududda qurilish chiqindilari qoldirib ketilmoqda.

Egamovning so‘zlariga ko‘ra, o‘rganishlar davomida poytaxtga umumiy hisobda 6 mingga yaqin chiqindi qutilari, o‘rtacha 15 ta chiqindi yig‘ish maydonchalari yetishmasligi aniqlangan.

Vazirlar Mahkamasining 787-sonli qarori bilan chiqindi qutilarini o‘rnatish tartibi belgilangan. Bunda asosan markaziy ko‘chalar piyodalar o‘tish yo‘lagida har 100 metrda, xiyobonlarda esa har 40 metrda obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan urnalar qo‘yish belgilangan”, – deydi Egamov.

Bundan tashqari, budjet tashkilotlari va tadbirkorlik sub’yektlari ham kirish-chiqish yo‘laklariga chiqindi qutilarini o‘rnatishi kerak. Ekologiya mas’uliga ko‘ra, quti o‘rnatmagan 500 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektlariga ogohlantirish xatlari yuborilgan, shuningdek, ko‘chalarga 5600 dan ortiq chiqindi qutilarini o‘rnatish bo‘yicha bundan 2 oy oldin obodonlashtirish boshqarmalariga so‘rov yuborilgan. Boshqarmalar esa mablag‘ ajratilmagani uchun xarid qilishmaganini bildirgan.

Kun.uz muxbiri Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova bilan bog‘lanib, joriy yilda chiqindi qutilarini xarid qilish bo‘yicha qancha mablag‘ ajratilganini so‘radi. U dastlab yozma murojaat qilish kerakligini ma’lum qildi, keyinroq Telegram orqali bu ish bilan “Maxsustrans” davlat korxonasi shug‘ullanishini yozib, xabarni o‘chirib yubordi. Vaholanki, chiqindi qutilarini o‘rnatish vazifasi hujjatlarda hokimlik tarkibiga kiruvchi obodonlashtirish boshqarmasiga yuklatilgan.

“Maxsustrans” 1 martdan Ekologiya vazirligi tarkibiga o‘tgan. Korxona matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, 2025 yilda chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish va joylarga maxsus konteynerlar o‘rnatish uchun 30 mlrd so‘m ajratilgan. Korxona ayni damda shaharga 15 ta chiqindi yig‘ish maydonchasi kerakligidan xabari yo‘qligini, agar joy bo‘lsa, maydonchalar qurilishini bildirdi.

Mavzuga oid