Jahon | 08:45 / 25.03.2025
7109
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Rossiyaning Belgorod oblastida ilgarilamoqda

Kursk oblastidan chekingan Ukraina armiyasi Rossiya hududiga yana hujum qilmoqda. Ukraina ham, Rossiya manbalari ham Belgorod oblastining chegara yaqinidagi Demidovka qishlog‘ini Ukraina armiyasi egallaganini tasdiqlamoqda.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Ukraina nashri bo‘lmish «Dialog»ning yozishicha, ayni paytda Popovka qishlog‘ida ham shiddatli janglar ketmoqda — Ukraina harbiylari allaqachon qishloq ichida ekani aytilmoqda.

Rossiyaning harbiy blogeri Romanov Layt Demidovkadagi Rossiya droni orqali olingan suratni e’lon qildi va bu yerda Ukraina qo‘shinlarining harakatlanayotgani aniq ko‘rinib turibdi.

Shuningdek, «Rybar» nomli harbiy telegram-kanal ham Ukraina bo‘linmalari hududdagi hujumlarini davom ettirayotganini yozdi. Popovkadagi janglar haqida boshqa Z-kanallar ham xabar tarqatdi.

Germaniyaning BILD nashri yozishicha, Ukraina armiyasi Belgorod oblastidagi yana uchta qishloq tomon ham ilgarilayotgani va chegaradan 500 metrdan 2 kilometrgacha kirib borgani kuzatilmoqda. Ukrainaga yaqin manbalarning aytishicha, hujumning asosiy maqsadi — Sumi oblastini himoya qilish uchun Rossiya hududida bufer hudud yaratish.

BILD nashrining harbiy tahlilchisi Yulian Repkega ko‘ra, Ukraina bir necha oydan beri Kursk oblastida hujumni vaqtincha to‘xtatib, elita bo‘linmalarini boshqa yo‘nalishlarga — Rossiya hududi ichiga yo‘naltirgan.

Bugungi kunda Ukraina qurolli kuchlari Kursk oblastida chegara bo‘ylab 16 kilometrlik hududni nazorat qilmoqda va Rossiya ichkariga 3 kilometrgacha kirib borgan. Shu taktika endi Belgorod oblastida ham qo‘llanyapti.

Bu operatsiyaning ahamiyati bir necha jihatdan muhim:

  • Strategik tashabbus Ukrainada ekanini ko‘rsatmoqda. Janglarni Rossiya hududiga ko‘chirish orqali Kiyev frontdagi va ichki siyosiy vaziyatni o‘zgartirmoqda. Rossiya aholisi uchun urush endi televizorda emas — o‘z ko‘zi bilan guvoh bo‘layotgan voqelik.
  • Bufer hudud Ukraina chegarasini himoyalaydi. Ayniqsa, Sumi oblasti kabi hududlar uchun bu muvaffaqiyat Ukraina armiyasiga himoyalanish o‘rniga, hujumda bo‘lish imkonini yaratadi.

Ukraina armiyasi endi faqat Donbassda emas, balki Rossiyaning o‘z hududida ham kurashga tayyor ekanini ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid