Jahon | 01:01 / 25.03.2025
11503
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xersonning butun hududini talab qilmoqda

Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Putin siyosiy jihatdan bu hududlarni yo‘qotishga yo‘l qo‘ya olmaydi, shuning uchun Rossiya har qanday yo‘l bilan ularga egalikni mustahkamlash niyatida.

Foto: Getty Images

Rossiya delegatsiyasi Saudiya Arabistonida AQSh bilan o‘tkazilayotgan muzokaralarda Ukrainaning to‘rtta — Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarining barcha hududi o‘z nazorati ostiga berilishiga erishmoqchi, deb xabar beradi The Moscow Times.

Garchi Rossiya armiyasi ushbu hududlarning birontasini to‘liq nazorat qilmasa ham, Kreml ularni Rossiya konstitutsiyasiga muvofiq, ya’ni anneksiya qilingan hududlar sifatida, ma’muriy chegaralari bilan qo‘lga kiritishga umid qilmoqda. Manbalarga ko‘ra, Putin siyosiy jihatdan bu hududlarni yo‘qotishga yo‘l qo‘ya olmaydi, shuning uchun Rossiya har qanday yo‘l bilan ularga egalikni mustahkamlash niyatida. «Rossiya konstitutsiyasida hududlarning tarkibdan chiqish mexanizmi yo‘q. Bizga butun Zaporijjya va Xerson oblastlari kerak», — degan manba.

Rossiyalik yana bir amaldorga ko‘ra, Kreml tomoni Vashington Rossiya tomonidan egallangan hududlardan Ukraina qo‘shinlari butunlay olib chiqib ketilishi borasida Kiyevga bosim o‘tkazishiga umid qilmoqda. 

Muqobil yo‘l sifatida Rossiya Ukrainaning boshqa oblastlarini, masalan, Dnepropetrovsk yoki Sumini egallashga urinishi, keyin esa ularni Xerson va Zaporijjyaga almashishni taklif qilishi mumkin. 

Fevral holatiga ko‘ra, Rossiya armiyasi Luhansk oblastining 98,6 foizini, Donetskning — 62,6 foizi, Zaporijjyaning — 71,9 foizi va Xersonning — 69,3 foizini nazorat qilmoqda. 

Isroillik harbiy ekspert David Sharpning ta’kidlashicha, Rossiya ushbu oblastlarni harbiy yo‘l bilan tezda egallay olmaydi. «Rossiyaliklar uchun bir juft qishloqni egallash ham katta natija. Dneprni kesib o‘tish va Xersonni egallash, yoki hatto har ikki qirg‘oqda joylashgan Zaporijjya shahriga kirib borish uchun favqulodda hodisa yuz berishi kerak. Bu juda qiyin vazifa», — deydi u.

Mavzuga oid