Jahon | 21:45 / 25.03.2025
11829
13 daqiqa o‘qiladi

«Sen baribir yutqazasan». Imomo‘g‘li qanday qilib muxolifat yetakchisiga aylandi?

Turkiya prezidentligiga nomzod, korrupsiyada gumonlanib hibsga olingan Akrom Imomo‘g‘li mamlakatning eng mashhur siyosatchilaridan biri bo‘lib qolmoqda. Imomo‘g‘li 54 yoshda, u muxolifatdagi Jumhuriyat xalq partiyasida yetakchi shaxs, shuningdek, Istanbul meri – anchadan beri Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy raqiblaridan biri hisoblanadi.

U o‘tgan yili Erdo‘g‘an va uning hukumatdagi Adolat va taraqqiyot partiyasini dog‘da qoldirib, Istanbul merligi uchun saylovda ikkinchi bor g‘alaba qozongandi.

Istanbul Turkiyadagi eng yirik shahar bo‘lib, unda 15 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi. Imomo‘g‘li 2024 yilgi saylovlargacha ham bu shaharni besh yildan beri boshqarib kelayotgan edi. Turkiyadagi ko‘plab siyosiy sharhlovchilar uning takroriy g‘alabasini «Erdo‘g‘anning tarixdagi eng yomon mag‘lubiyati» deb atashgandi.

Akrom Imomo‘g‘li 19 mart, chorshanba kuni korrupsiya va terrorizmga sheriklikda ayblanib, qo‘lga olingandi. U Jumhuriyat xalq partiyasining 2028 yilgi saylovlarda prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilishi praymerizi arafasida uning uyiga politsiyachilar borishdi.

Imomo‘g‘lining olib ketilishi va keyin qamoqda qoldirilishi bu ssenariyni shubha ostiga qo‘ydi.

Bu voqea Turkiyada o‘n minglab kishilar ishtirokidagi norozilik namoyishlarini keltirib chiqardi – bu so‘nggi o‘n yil ichidagi eng yirik namoyishlar bo‘lmoqda. Istanbul, Anqara va Izmir kabi eng yirik shaharlarda namoyishlar bir necha kundan beri davom etmoqda. Xavfsizlik kuchlari ularga ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar qo‘llagan holatlar bo‘ldi.

Mitinglar Turkiyaning 81 viloyatidan 55 tasida o‘tkazilgan

Turkiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, besh kun davomida politsiya 1100 dan ortiq kishini hibsga olgan.

Qamoqdagi mer o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarni siyosiy, hibsga olinishini – «Turkiya demokratiyasi uchun qora dog‘» deb atadi.

U X ijtimoiy tarmog‘i orqali hamyurtlarini qarshilik ko‘rsatishga chaqirib shunday yozdi: «Sizlarning qo‘llab-quvvatlashingiz bilan biz bu to‘ntarishni to‘xtatamiz va keyin buni qilganlarga eshikni ko‘rsatamiz».

Yuz minglab turklar uning chaqirig‘iga javob berdi. Internetda ular o‘z yetakchisiga murojaat qilmoqda: «Biz seni prezident qilamiz».

Siyosatchi shuningdek, qamoqdan turib Erdo‘g‘anga quyidagi xabarni yo‘llagan: «Baribir sen yutqazasan. Biz o‘zaro halolligimiz, jasoratimiz, kamtarligimiz va tabassumimiz tufayli seni mag‘lubiyatga uchratamiz».

Imomo‘g‘li qanday qilib muxolifat yetakchisi bo‘la oldi?

Akrom Imomo‘g‘li 1970 yilda Turkiyaning Qora dengiz sohilidagi Trabzon viloyatining Aqchaobod shahrida tug‘ilgan.

Maktabni tamomlagach, Shimoliy Kiprdagi Girne Amerika universitetiga o‘qishga kiradi. Keyinchalik u oilasi bilan Istanbulga ko‘chib o‘tadi va u yerda biznesni o‘rgana boshlaydi. Universitetni tamomlagach, qurilish sohasida ishlab, oilaviy qurilish kompaniyasi Imamŏğlu Inşaat bilan shug‘ullangan va ko‘fte – turk frikadelkalariga ixtisoslashgan restoran egasi bo‘lgan.

Shimoliy Kiprdagi kollejda o‘qigan yillarida Imomo‘g‘li yarim professional sifatida Turk Ocagi Limasol futbol klubida o‘ynagan. Sportning shu turiga mukkasidan ketgan Turkiyada futbolga bo‘lgan muhabbat (yoshligida Erdo‘g‘an ham havaskorlar darajasida futbol o‘ynagan) siyosatga kirishga qaror qilganida unga qo‘l keladi.

Akrom Imomo‘g‘li va uning Semih Germaniya mezbonlik qilgan Yevro-2024 guruh bosqichida Turkiya va Portugaliya o‘yinida

Oilasining konservativ o‘ng markazchi qarashlariga qaramay, Imomo‘g‘li «universitetda o‘qiyotganda sotsial-demokratik qadriyatlarni qabul qilgani»ni aytadi.

U o‘z siyosiy faoliyatini 40 yoshga yaqinlashganida boshlagan. 2008 yilda Imomo‘g‘li Jumhuriyat xalq partiyasiga a’zo bo‘ladi va 2009 yilda Istanbulning asosan o‘rta sinf vakillari istiqomat qiladigan va o‘sha paytga kelib oilasi joylashgan Beylikduzu tumanidagi partiya yacheykasiga rahbarlik qildi. To‘rt yil o‘tgach, u munitsipal saylovlarda g‘alaba qozondi (JXPdan nomzodi ko‘rsatilgan) va ushbu tumanga rahbarlik qiladi.

Shu bilan birga, u 2019 yilga qadar taniqli siyosatchi emasdi. Erdo‘g‘anni dog‘da qoldirib, Turkiyaning eng yirik shahri meri lavozimiga saylanish esa Imomo‘g‘liga osonlikcha nasib etmadi.

2019 yili Imomo‘g‘li ilk bor Istanbul shahar hokimligiga nomzodini qo‘yadi (o‘z vaqtida Erdo‘g‘an ham aynan shu shahardan o‘z siyosiy faoliyatini boshlagan edi).

U birinchi turda 13 ming ovoz farqi bilan g‘alaba qozonadi. Biroq Erdo‘g‘anning partiyasi – Adolat va taraqqiyot partiyasi (AKR) qoidabuzarliklar bo‘lganini vaj qilib, natijalarni shubha ostiga qo‘yadi va qayta ovoz berishni tashkil etadi. 

Bu jarayondagi sud muhokamalaridan birida odamlar orasidagi bolakay Imomo‘g‘li tomon qichqirib shunday dedi: «Hammasi yaxshi bo‘ladi!»

Siyosatchi bu iborani o‘zining saylov shioriga aylantiradi va takroriy saylovlar e’lon qilinganidan so‘ng mitingda o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, pidjak va galstukni yechib tashlab, yenglarini shimarib, ularni yangi g‘alabaga bor kuch-g‘ayratini qaratishga chaqiradi va shunday deydi: «Hammasi yaxshi bo‘ladi!»

Mitinglarda galstukni yechish ham ushbu siyosatchining o‘ziga xos jyestiga aylangan

Imomo‘g‘li uchun o‘shanda haqiqatan ham hammasi yaxshi yakunlangan: qayta ovoz berishda bu safar 800 ming ovoz farqi bilan g‘alaba qozongan, u 54 foiz ovoz to‘plagan – uning raqibi, hukmron partiyadan nomzod Binoli Yildirim esa 45 foiz ovoz bilan ikkinchi bo‘lgan. Prezident Erdo‘g‘an uchun bu juda katta zarba bo‘ladi.

2024 yilda ham Istanbul meri saylovida Imomo‘g‘li ikkinchi marta erdo‘g‘anchilarni ortda qoldiradi.

Istanbuldagi saylovlarda g‘alaba qozonish Turkiya siyosati uchun nimani anglatadi?

Imomo‘g‘lining shahar merligi uchun saylovlarda AKR nomzodi ustidan takroriy g‘alabasi turk fuqarolarining kayfiyatida ro‘y bergan jiddiy o‘zgarishlarni ko‘rsatdi. Erdo‘g‘anning o‘zi bir necha bor «Istanbulda g‘alaba qozonsang, Turkiyada g‘alaba qozongan bo‘lasan» deb aytgan.

Istanbul – Erdo‘g‘an ulg‘aygan, o‘smirligida ko‘chada limonad va simit (kunjutli turk kulchalari) sotib, pul ishlagan joydir.

Aynan shu yerda u 1970-yillarda siyosiy faoliyatini boshlagan va merlikdan bosh vazirgacha va oxir-oqibat prezidentlikkacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.

2019 yilda hukmron partiya nomzodining merlik saylovlaridagi mag‘lubiyati shaxsan prezidentga ham, uning partiyasiga ham og‘riqli zarba bo‘ldi. Istanbulda 85 millionga yaqin Turkiya aholisining beshdan bir qismi istiqomat qiladi. Shahar mamlakat iqtisodiyotining katta qismi, jumladan, savdo, turizm va moliya uchun javob beradi.

Imomo‘g‘li 2023 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmoqchi bo‘lgandi, biroq 2022 yilda u Turkiya Oliy saylov kengashi xodimlarini haqorat qilganlikda ayblangan (u rasmiylarni «ahmoqlar» deb atagan, shu bilan birga o‘zi merni haqorat qilgan Turkiya ichki ishlar vazirligi rahbari Sulaymon Soyluga javob qaytarganini aytgan).

Ushbu ish bo‘yicha sud unga ikki yil-u yetti oy qamoq jazosi tayinladi, shuningdek, siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanishni taqiqladi. Imomo‘g‘li bu hukm ustidan shikoyat qilgan, apellyatsiya sudi hali hukm chiqarmagan.

Imomo‘g‘lining siyosiy karerasidagi yuksalishni ko‘pchilik bir paytlar prezident Erdo‘g‘an bilan sodir bo‘lgan voqeaga o‘xshatadi.

Imomo‘g‘li 2024 yilda Istanbulda bo‘lib o‘tgan saylovlarda g‘alaba qozonganidan so‘ng, ko‘plab ekspertlar uning siyosiy karerasi bir paytlar Turkiyaning amaldagi prezidenti bilan sodir bo‘lganidek yuksalishini prognoz qilishgan edi.

Siyosatchini Erdo‘g‘anga tahdid deb ham atay boshlashdi. 2023 yilgi saylovlardagi g‘alabadan so‘ng Erdo‘g‘anning uchinchi prezidentlik muddati boshlandi. Konstitutsiyaga ko‘ra, u 2028 yilda prezidentlikka nomzodini qo‘ya olmasligi kerak.

Turkiya rahbarining tanqidchilari esa u yana bir bor prezidentlik lavozimini egallash uchun konstitutsiyani o‘zgartirishi mumkinligini aytishadi. Keyingi saylovlar 2028 yilga belgilangan bo‘lsa-da, prezidentlik saylovlari ertaroq o‘tkazilishi ehtimoli yo‘q emas.

Imomo‘g‘li turk saylovchilarini nima bilan o‘ziga jalb qildi?

Saylov kampaniyalari paytida ko‘pchilik Imomo‘g‘lini siyosatga yumshoq yondashuvi va hazil tuyg‘usi uchun maqtagan. Bu uning Turkiyaning qutblangan siyosiy maydonidagi ko‘plab raqiblarining taktikasidan keskin farq qilardi.

JXPning dunyoviy bazasini kengaytirib, u Turkiyaning dindor va konservativ saylovchilarini ham o‘z tomoniga jalb qila oldi. An’anaga ko‘ra, ular mamlakatda AKR uchun ovoz berishardi, ammo ularning ba’zilari Imomo‘g‘li saylovoldi kampaniyasi dasturiga masjidga tashriflarni ham kiritib, yaqinda Istanbulning mashhur Karako‘y tumanidagi tarixiy masjidni qayta tiklash to‘g‘risida e’lon qilganidan keyin Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatlay boshladi.

U yangi avlod ramziga aylangan — bu avlod davlatni o‘z qo‘liga qaytarmoqchi, siyosatni dindan ajratmoqchi va iqtisodiy islohotlar o‘tkazmoqchi. Imomo‘g‘lining shahar hokimi sifatidagi siyosati Erdo‘g‘annikidan keskin farq qiladi. Masalan:

  • U AKR’ga yaqin diniy jamg‘armalar, jumladan, Erdo‘g‘an asos solgan TÜRGEV jamg‘armasiga ajratiladigan davlat subsidiyalarini to‘xtatdi.
  • U turli siyosatchilar va AKR a’zolari tomonidan noqonuniy va haddan tashqari qimmat ijara shartnomalari asosida ishlatilgan xizmat avtomashinalari bo‘yicha shartnomalarni bekor qildi — shu yo‘l bilan Imomo‘g‘li Erdo‘g‘anning atrofidagilarga manfaat keltirayotgan moliyaviy oqimlarni to‘xtatdi.

Natijada siyosatchi muntazam ta’qiblarga uchradi — u haqoratlar, Kurdiston ishchilar partiyasi [Turkiyada terrorchi tashkilot sifatida tan olingan] bilan aloqalar va korrupsiyada ayblandi. 

Yaqinda Istanbul universiteti uning biznes-administrlash sohasidagi diplomini bekor qildi [go‘yoki qabul paytidagi qoidabuzarliklar tufayli]. Bu choralardan ko‘zlangan maqsad Akram Imomo‘g‘lining prezidentlikka nomzod bo‘lishiga to‘sqinlik qilish. Chunki Turkiya konstitutsiyasiga ko‘ra, nomzodda oliy ma’lumot bo‘lishi shart.

23 mart kuni sud Imomo‘g‘lini sud jarayoni tugagunicha hibsda qoldirish haqida qaror chiqardi. Unga tegishli qurilish kompaniyasi milliylashtirilmoqda, shahar hokimiyatini esa Erdo‘g‘anga yaqin shaxslar egalladi.

Akrom Imomo‘g‘li rafiqasi Dilek bilan

Hibsga olingan shahar hokimining rafiqasi Dilek Imomo‘g‘li qarshilik harakatining yetakchilaridan biriga aylandi. U oldindan ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, xayriya ishlari va saylovoldi kampaniyasida turmush o‘rtog‘i bilan birga chiqishlari tufayli mashhur shaxs bo‘lib ulgurgandi.

«Bu — millatga qarshi bevosita hujum va biz kurashamiz. [...] Bu yerda yagona jinoyatkor — Erdo‘g‘an. Mening erimning yagona «aybi» — xalqning yuragini zabt etgani. Va u Turkiyaning keyingi prezidenti bo‘ladi», dedi u mitingda.

U shuningdek, Erdo‘g‘an hokimiyatda umrbod qolish uchun Konstitutsiyani o‘zgartirishni istashayotganini ham ta’kidladi.

23 mart, yakshanba kuni JXP prezidentlikka nomzod uchun ramziy ovoz berdi. Unda 15 million kishi ishtirok etdi. Ulardan 13 millioni birdamlik belgisi sifatida Imomo‘g‘lini qo‘llab-quvvatladi, dedi partiya raisi O‘zg‘ur O‘zel.

Mavzuga oid