Sport | 18:31 / 30.06.2025
9153
21 daqiqa o‘qiladi

Hirosimadan Abu Dabigacha. O‘zbek futboli tarixidagi 10 ta muhim g‘alaba

So‘nggi yillarda o‘zbek futboli bir qator yirik natijalarga erishdi – Olimpiadada ishtirok, jahon chempionati yo‘llanmasi, o‘smirlar o‘rtasida Osiyo chempionligi shular jumlasidan. O‘zi umuman mustaqillik yillarida qanday muhim g‘alabalar qo‘lga kiritilgan? Qaysi oqshomlar o‘zbek futbol muxlislari uchun bayramga aylangan? Quyida o‘zbek futbolidagi g‘alabalar reytingi.

10. Hamdo‘stlik kubogi – 2007. Final. 28 yanvar. Moskva
«Paxtakor» – «Venspils» (Latviya) –
0:0. (penaltilar seriyasida 9:8)

 1993 yildan 2011 yilgacha sobiq ittifoq mamlakatlari chempionlari o‘rtasida o‘ziga xos musobaqa bo‘lib o‘tardi. Bu turnir asosan bahor-kuz formatida futbol o‘ynaydigan jamoalar uchun mavsumoldi tayyorgarlikdek o‘tar, o‘yinlar yopiq majmuada bo‘lardi. Dastlabki yillarda mazkur turnir o‘ziga yarasha prinsipial tus olib, Ukraina va Rossiya chempionlari o‘rtasida raqobat maydoniga aylangandi. Dastlabki 10 turnirda faqat ikki jamoa – «Spartak» va «Dinamo» almashib g‘olib bo‘lavergan.

 O‘zbekiston jamoalari uchun tabiiyki, bu jiddiy musobaqa hisoblangan, o‘sha davrda xalqaro maydonda o‘zini ko‘rsatish uchun imkoniyatlar u qadar ko‘p emasdi. 1994 yilda Farg‘onaning «Neftchi» klubi yarimfinalda «Dinamo» Tbilisi jamoasini yengib, finalda o‘ynashga muvaffaq bo‘lgan, ammo «Spartak» bilan o‘yinda yirik hisobda mag‘lubiyatga uchragandi. Rossiya va Ukraina klublari turnirga ikkinchi tarkib bilan qatnashishni boshlagach, boshqa jamoalarda ham imkoniyat paydo bo‘ladi. Darvoqe, aynan shu turnirda Jafar Irismetov «Spartak» tarkibida porlagach, asosiy jamoaga jalb qilina boshlagan va Chempionlar Ligasida ham o‘ynagandi.

Xullas, 2007 yilgi turnirda «Paxtakor» «Shaxtyor» (4:0), «Sherif» (1:0), «Banans» (3:0) kabi klublar ustidan g‘alaba qozonadi, Serbiyaning amaldagi chempioni OFK jamoasini penaltilar seriyasida mag‘lub etib, finalgacha boradi. Finalda Latviyaning «Vensplis» jamoasi penaltilar seriyasida mag‘lub etiladi. Bu jamoalar guruh bosqichida ham o‘zaro to‘qnashgan va unda toshkentliklar 2:0 hisobida ustun kelgandi.

Qizig‘i, OFK bilan o‘yinda ham, finalda ham murabbiy Ravshan Haydarov so‘nggi daqiqalarda Ignatiy Nesterov o‘rniga Temur Jo‘rayevni tushirgan va penaltilar seriyasida muvaffaqiyat qozongandi. Finalda 9:8 hisobi qayd etilgan – Temur to‘qqizinchi golni urib, keyin raqib darvozabonining penaltisini qaytargandi.

Ushbu sovrin o‘zbek klublarining xalqaro maydondagi ilk yutug‘i bo‘lgan va shu tomondan ham qadrli. «Paxtakor» final oqshomida quyidagi tarkibda maydonga tushgan:

Nesterov (Jo‘rayev) – Inomov, Kletskov, K. Tojiyev – Kapadze, Ponomarev (Bayramov), Kiryan (Magdeyev, Uche), Koshelev, Jeparov – Soliyev

9. OFK kubogi – 2011. Final. 29.10.2011. Qarshi.
«Nasaf» – «Kuvayt» SK (Kuvayt) – 2:1.

Gollar: Perepletkins (62), Shomurodov (65) – Kabi (68)

Oradan to‘rt yil o‘tib, endi Osiyo miqyosidagi ilk sovrin qo‘lga kiritildi. Sovrinni Toshkent klublari emas, Qarshining «Nasaf» jamoasi olib kelgandi. Agar Moskvadagi turnir baribir yarim rasmiy tus olib, yakunda yo‘qolib ketganini e’tiborga olsak, haqiqiy xalqaro g‘alaba sifatida aynan OFK kubogini keltirish mumkin.

Lutfulla To‘rayev, Erkin Boydullayev, Ilhom Shomurodov kabi mahalliy futbolchilar, shuningdek, Malishich, Perepletkins, Gevorkyan va Boshkovich kabi legionerlar bilan «Nasaf» ancha kuchli tarkib hosil qilgan, ukrainalik tajribali mutaxassis Anatoliy Demyanenko esa bosh murabbiy edi.

Final Qarshi shahrida Kuvaytning «Kuvayt» SK jamoasiga qarshi kechadi. O‘yin noqulay ob-havo sharoitida, changli shamol ostida kechgan bo‘lsa-da, o‘n besh mingdan ortiq muxlis bevosita stadiondan o‘yinni tomosha qildi. Latviyalik legioner Perepletkins va Shomurodovning gollaridan so‘ng qarshiliklar hisobni 2:0 ga yetkazishadi, 69-daqiqada esa mehmonlar vakili Kabi hisobin qisqartirishga erishadi. Shu bilan hisob o‘zgarmay qoladi va «Nasaf» o‘z muxlislari qarshisida Osiyoda ikkinchi darajali hisoblangan kubokni qo‘lga kiritadi.

Xuddi shu musobaqa finaliga «Nasaf» keyinroq 2021 yilda ham chiqqan, ammo Bahraynning «Al Muharraq» jamoasiga yutqazib qo‘ygandi. 

 Tarkib: Zuhurov – Qorayev, Malishich, Karimov, Jiyamurodov – L.To‘rayev, Boydullayev, Pereplyotkins, Gevorkyan, I. Shomurodov (Musayev) – Boshkovich (Filiposyan).

8. Xitoy – 2018. U23 Osiyo kubogi. Final. 27.01.2018. Changju
O‘zbekiston – Vetnam – 2:1

Gollar: Ashurmatov (8), Sidorov (120) – Kuang Xay (41)

Milliy jamoalar ijrosidagi uchinchi chempionlik 2018 yilga to‘g‘ri kelgandi. Raqibdan kelib chiqib, ushbu o‘yin ahamiyatini biroz tushirishga harakat qilish mumkin, ammo bunga qarshi ikki sabab bor. Birinchidan, o‘sha turnirda O‘zbekiston juda chiroyli o‘yin ko‘rsatgan, ayniqsa, pley-offda avval Yaponiya, keyin esa Janubiy Koreya darvozasiga 4 tadan gol urilgani katta voqea bo‘lgandi. Ikkinchidan, final o‘yini juda noqulay sharoitda, qorli maydonda bo‘lib o‘tgani, g‘alaba golini Andrey Sidorov 120-daqiqada urgani ushbu g‘alaba qadrini yanada oshirishi turgan gap.

 Tarkib: Ergashev, Ashurmatov, Komilov, Tursunov, Otaxonov (Narzullayev), G‘aniyev, Hamrobekov, O‘rinboyev, Sidiqov (Sidorov), Yaxshiboyev (Abduxoliqov), Hamdamov.

7. Eron – 2012. O‘smirlar o‘rtasida Osiyo kubogi. Final. 06.10.2012. Tehron.
O‘zbekiston – Yaponiya – 1:1. (penaltilar bo‘yicha, 3:1).
Gollar:
To‘rayev (52) – Mizutani (6)

Foto: OFK matbuot xizmati

2012 yilda, Hirosimadagi g‘alabadan 18 yil vaqt o‘tib nihoyat milliy jamoalar miqyosida navbatdagi g‘alabaga ham erishildi. Mana shu jihati, shuningdek, bu sovrin jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etishi tufayli, ushbu finalni Xitoydagisidan ustun qo‘yish mumkin.

Umuman, o‘sha davrda futbolimizdagi natijalarda ko‘tarilish bo‘lganini ta’kidlash joiz. Bir yil oldin Osiyo kubogida Vadim Abramov boshchiligidagi milliy jamoa o‘z tarixida ilk bor yarimfinalga chiqqan, avvalgi o‘smirlar jamoasi esa Meksikada o‘tgan jahon chempionati kashfiyoti bo‘lib, chorakfinalgacha borgandi. Tabiiyki, bundan ruhlangan keyingi tarkib, Dilshod Nuraliyev qo‘l ostidagi jamoa ham Eronga yuqori natijalar umidida tashrif buyuradi.

Aytish kerakki, jamoa guruh bosqichidayoq turnirni tark etishi mumkin edi. Dastlab Hindistonni 3:2 hisobida yengib, Xitoy bilan durang o‘ynalgach (1:1), so‘nggi turda Suriya bilan o‘yin boy beriladi (0:1). Parallel uchrashuvda xitoyliklar g‘alaba qozongan taqdirda, o‘zbekistonliklar guruhda uchinchi o‘ringa tushib ketgan bo‘lardi. Ammo Hindiston so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtiradi (2:2) va o‘zbekistonliklar uch o‘yinda ham durang o‘ynagan xitoyliklarni guruhda qoldirib, pley-offga yo‘l oladi.

Uyog‘iga jamoani to‘xtatib bo‘lmaydi. Avvaliga penaltilar seriyasida Janubiy Koreya (1:1, 5:3), keyin esa mezbon Eron o‘smirlari (3:2) dog‘da qoldiriladi. Finalda esa Yaponiya ustidan yana penaltilar seriyasida g‘alaba qozoniladi (1:1, 3:1).

Keyinchalik asosiy jamoalarda ham o‘ynagan Doston Hamdamov va Akrom Komilov, hozirda milliy jamoaning asosiy futbolchilaridan sanalgan Otabek Shukurov o‘sha jamoa yetakchilari edi. Darvozabon Sarvar Karimov esa finaldagi seriyada ikki penaltini qaytarib, qahramonga aylangandi. Afsuski, bu tarkibdan keyinchalik milliy jamoa uchun nomzodlar ko‘p chiqmadi.

Tarkib: Karimov, Boltaboyev, Ismoilov, Komilov, Davlatov (Abdug‘aniyev), Xursanov, Abdullayev, To‘rayev (Mirzayev), Karimov, Hamdamov (Ahmadjonov), Shukurov

6. JCh-2006 saralash o‘yini. 6-tur. 17.08.2005. Toshkent
O‘zbekiston – Kuvayt – 3:2
Gollar:
Jeparov (41, penaltidan), Shatskix (62), Soliyev (76) – Al Mutva (16), Bashar Abdulloh (31)

2005 yil 17 avgust sanasini hech qaysi o‘zbek futbol muxlisi unutmasa kerak. Oxirgi siklni qo‘shmaganda, balki milliy jamoamiz tarixidagi eng muhim o‘yin shu bo‘lsa kerak. Chunki ushbu o‘yindagi g‘alaba bizga JCh-2006 saralashida pley-off yo‘llanmasini berar, u yerda esa Bahrayn, keyin Trindad va Tobago kabi raqiblar kutib turardi. Ya’ni boshqa safarlardagidek Yevropa yo Janubiy Amerika emas, kuchimiz yetadigan jamoalarga qarshi o‘ynashimiz kerak edi.

Saralash guruhida biz 2 ochko bilan so‘nggi o‘rinni egallab turar, Kuvaytda esa 4 ochko bo‘lib, so‘nggi turda Toshkentda g‘alaba qozonadigan bo‘lsak, ularni quvib o‘tib, pley-offga yo‘llanma olardik.

G‘alabadan ham ko‘ra uning qanday qo‘lga kiritilgani ahamiyatli – birinchi bo‘lim oxirlarida Bob Hougton shogirdlari 0:2 hisobida ortda borayotgandi. 41-daqiqada Server Jeparov Geynrix ishlagan penaltidan hisobni qisqartirdi, 62-daqiqada esa Maksim Shatskix boshi bilan gol urib, tabloda 2:2 hisobini ta’minladi. Ammo bu ham mehmonlarni qoniqtiradigan hisob edi.

O‘sha paytlarda Anvarjon Soliyev «Paxtakor» va milliy jamoaning «sehrli tayoqchasi»ga aylanib borayotgandi. Avvalgi bosqichda u Saudiya Arabistoniga qarshi so‘nggi daqiqalarda gol urib, hisobni tenglashtirgandi, bu safar ham u jamoa joniga ora kiradi. 2-bo‘limda maydonga tushgan Soliyev boshi bilan g‘alaba golini uradi va jamoaga pley-off yo‘llanmasini taqdim qiladi.

Keyinchalik jamoa baribir jahon chempionatiga chiqa olmadi, ammo bu boshqa hikoya. O‘sha payt uchun bu g‘alaba juda muhim edi.

Tarkib: Safonov – Davletov (Bikmayev), Aliqulov, Nikolayev, Shirshov –Kapadze, Karpenko (Kiryan), Qosimov, Jeparov –Geynrix (Soliyev), Shatskix

5. Qatar – 2011. Osiyo kubogi. Chorakfinal. 21.01.2011. Ar-Rayan.
O‘zbekiston – Iordaniya – 2:0.
Gollar:
Ulug‘bek Baqoyev (46, 49) – Bashar (58)

O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kuboklaridagi eng yaxshi natijasini 2011 yilda Qatarda bo‘lib o‘tgan musobaqada qayd etgan. O‘shanda Vadim Abramov murabbiyligidagi jamoa yarimfinalgacha yetib borgandi. Bemalol aytish mumkin, o‘sha turnirda yig‘ilgan tarkib tarixdagi eng kuchlisi bo‘lib, yanada yaxshiroq natija ko‘rsatishi ham mumkin edi. Ammo yarimfinalga borib tarkibda himoyachilar deyarli qolmagani, ancha kuchli Avstraliyaga qarshi hujumkor o‘ynashga harakat qilingani yakunda pand bergan va yirik mag‘lubiyatga (0:6) sabab bo‘lgandi. Shuningdek, chorakfinalda, aynan shu o‘yinda Ignatiy Nesterov jarohat olib, yarimfinalda qatnasha olmagani jamoani sezilarli darajada kuchsizlantirgandi.

Ammo eng yaxshi natija – yarimfinalga yo‘llanma bergan g‘alaba, tabiiyki, muhim yutuqlar ruyxatidan joy olishi kerak. Mezbon Qatar, shuningdek, Kuvayt va Xitoy kabi jamoalar joylashgan guruhda 1-o‘rin olingach, chorakfinaldagi raqib Iordaniya bo‘ladi. Dastlabki o‘yinlarda Ahmedov, Geynrix va Jeparov kabi futbolchilar hujumdagi asosiy ishni bajargan, gollar urgan bo‘lishsa, kutilmaganda, Iordaniya bilan o‘yinga Ulug‘bek Baqoyev asosiy tarkibda paydo bo‘ladi. Maksim Shatskixning jarohati bunga sabab bo‘lgandi.

Baqoyev o‘ziga berilgan imkoniyatdan yaxshi foydalandi va 2-bo‘limning dastlabki besh daqiqasida Jeparov va Hasanovning qanotdan uzatgan paslaridan egizak gollar urib, hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirib qo‘yadi. Iordaniya keyinroq hisobni qisqartirgan bo‘lsa-da, ortig‘iga kuchi yetmaydi. Aynan o‘sha o‘yindan keyin O‘zbekiston turnir favoritlari qatorida tilga olina boshlangandi, lekin...

Tarkib: Nesterov (T.Jo‘rayev) – S. Jo‘rayev, Mullajonov, Ahmedov, J.Hasanov (Andreyev) – Kapadze, Jeparov, Haydarov, Tursunov –Geynrix (Ismoilov), Baqoyev

4. Caudiya Arabistoni – 2025. O‘smirlar o‘rtasida Osiyo kubogi. Final. 20.04.2025. Toif.
O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni – 2:0.
Gollar:
Hakimov (51-penaltidan), Hasanov (70)

Bu g‘alaba o‘smirlar o‘rtasida ikkinchi bor Osiyo chempionligini olib keldi, ammo hammasidan ham bu yutuq qanday qo‘lga kiritilgani ahamiyatli. Futbol tarixida ikki kishi kam bo‘lib o‘ynagan jamoaning g‘alabasi juda kam sodir bo‘ladi, kuzatilmagan holat deyish ham mumkin. Ha, g‘alaba qozonayotgan jamoa o‘yinchilari maydondan chetlatilgach, himoyada yotib, hisobni saqlab qolish holatlari bo‘lgandir. Masalan, 1990 yil Italiyada o‘tgan jahon chempionatida Kamerun ikki futbolchi kam bo‘lib qolib ham Argentinaga qarshi o‘yinda hisobni ushlab qola olgandi.

Lekin ikki futbolchi kam o‘ynagan holatda durang hisobni 2:0 ga aylantirish va yakunda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolish – jasorat. Tag‘in maydon egasi bo‘lgan raqibga qarshi. Aynan mana shu ssenariy tufayli ham bu o‘yin mashhur bo‘lib ketdi, hatto chet el portallari, ijtimoiy tarmoqlar aynan qay shaklda g‘alaba qozonganimizga urg‘u berib tarqatishdi. O‘zbek futboli uchun ajoyib reklama.

Umuman, turnir davomida olsak, o‘smirlarimiz eng yaxshi jamoa bo‘lishdi, deyarli barcha chiziqlarda hamyurtlarimiz eng yaxshi futbolchi sifatida e’tirofga loyiq ko‘rildi. Asilbek Aliyev to‘purar, Sadriddin Hasanov eng muhim futbolchi, darvozabon Ne’matilloh Rustamjonov esa eng yaxshi posbon deb topildi. Bir necha yil oldin hakamlardan yozg‘irib ehtirosli intervyusi bilan tarmoqlarni «portlatgan» yosh murabbiy Islombek Ismoilovning bu yigitlarga bosh bo‘lishi ham o‘ziga xos go‘zal yakun.

Tarkib: Rustamjonov, Hakimov, Bahodirxonov, Abdukarimov, Musaxonov, Xabibullayev (Murodov), Shukrullayev (Aliyev), Erembetov (Abdumo‘minov), Hasanov (Rustamov), Sodiqov (Saidmurodov), Sersenbayev

3. Hirosima-94. Osiyo o‘yinlari. Yarimfinal. 15.10.1994. Xirosima
O‘zbekiston – Janubiy Koreya – 1:0.
Gol:
Azamat Abduraimov

O‘sha turnir finalida O‘zbekiston Xitoy bilan o‘ynab, 4:2 hisobida g‘alaba qozongan, lekin agar muhimlik borasida so‘z ketsa, shubhasiz, masalani yarimfinalda Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin hal qilgandi. Anatoliy Bishovets boshchiligidagi koreyslar musobaqaning eng kuchli jamoasi va favoriti bo‘lgan, O‘zbekiston ularni kurashdan chiqaribgina, chempionlik imkoniyatini keskin oshirgandi. Xitoyga qarshi o‘yinda Rustam Akramov shogirdlari raqibdan sezilarli darajada kuchli edi va ilk daqiqalardanoq hammasi hal bo‘lgandi.

Koreyslarga qarshi o‘yin haqida esa unday deb bo‘lmaydi. Aytishlaricha, darvozabon Yuriy Sheykin kutilmaganda, so‘nggi daqiqalarda Hirosimaga boradigan tarkibga qo‘shilib qolgan ekan. O‘sha paytlarda peshqadam jamoalarimizda Pavel Bugalo, Narimov Osmonov, Aleksandr Tinyanov kabi darvozabonlar bo‘lib, ammo turnirga «Traktor» vakili asosiy posbon sifatida olib ketilgandi.

Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin Sheykinning benefisiga aylanib ketadi – u koreys hujumchilarining o‘ndan ortiq xavfli zarbalarini qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. O‘zbekistonning butun o‘yin davomida bergan ikki zarbasidan biri esa golga aylanadi. Azamat Abduraimovning uzoq masofadan tepgan to‘pini raqib darvozaboni ushlab qololmaydi va O‘zbekiston 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, finalga chiqadi.

Tarkib: Sheykin, Tixonov, Fyodorov, Magomedov, Ro‘zimov, Davletov, Lebedev (Maqsudov), Qosimov, Sharipov (A.Do‘rmonov), Abduraimov, Shkvirin.

2. Qatar – 2024. U23 Osiyo kubogi. Yarimfinal. 29.04.2024. Doha
O‘zbekiston – Indoneziya – 2:0.
Gollar:
Norchayev (68), Arxan (86-avtogol)

2024 yil aprelida Qatarda o‘tgan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar Osiyo chempionati faqat uch jamoaga olimpiada yo‘llanmasini taqdim etishi bilan muhim edi. 2018 yil O‘zbekiston vakillari chempionligi bilan yakunlangan turnirdan asosiy farq ham shu – bu yerda jamoalar yanada jiddiyroq munosabatda bo‘ladi. Yo‘llanmani naqd qilish uchun esa yarimfinalda Indoneziya ustidan g‘alaba qozonish talab etilardi. Norchayev 68-daqiqada urgan gol va indoneziyalik Arxan o‘yin oxirlarida o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘yishi evaziga finalga chiqiladi, bu o‘z o‘zidan Parij olimpiadasi yo‘llanmasini kafolatlaydi. Darvozabon Abduvohid Ne’matov esa turnirning eng yaxshi darvozaboni deb e’tirof etiladi.

Aslida shunday yakun kutilgandi, zero aynan mana shu maqsad yo‘lida tizimli ishlar amalga oshirilgan, hatto biroz noan’anaviy yo‘ldan borib, Temur Kapadze qo‘l ostida yoshlardan iborat «Olimpik» jamoasi tashkil qilinib, ushbu jamoa Superligada ishtirok etgandi. Ammo finalda jamoaning omadi chopmaydi. Yaponlar so‘nggi daqiqada g‘alaba golini urishadi, 90+7 daqiqada esa Umarali Rahmonaliyev penaltini aniq ijro etolmaydi (0:1).

Nima bo‘lganda ham, bu yo‘llanma va Parij olimpiadasidagi ishtiroki Kapadze uchun ham, ushbu jamoada va keyinchalik asosiy jamoada o‘ynagan ko‘p futbolchilar uchun ham o‘ziga yarasha tajriba bo‘ldi va 2025 yilgi katta g‘alaba uchun zamin hozirladi.

Tarkib: Ne’matov, Abdurahmatov, Husanov, Rahimjonov (Hamroaliyev), Davronov, Odilov (Jiyanov), Bo‘riyev, Hoshimov (Jaloliddinov), Erkinov (Norchayev), Fayzullayev (Yo‘ldoshev), Rahmonaliyev

1. JCh-2026 saralash. 9-tur. 05.06.2025. Abu–Dabi.
BAA – O‘zbekiston – 0:0.

Durang bilan yakunlanib, birorta ham gol urilmagan o‘yin futbolimizdagi eng katta g‘alabalar reytingini boshqarishi biroz g‘alati, ammo ushbu o‘yinda qo‘lga kiritilgan yutuq, xalqimizga taqdim etilgan mundial yo‘llanmasi har qanday sovrindan yoki goldan ustun bo‘lsa kerak. Axir futbolimiz butun mustaqillik yillarida aynan shu maqsad uchun yurmadimi? Osiyo kuboklaridagi ishtiroklar, yoshlarimizning g‘alabalari, hatto milliy chempionatimiz ham aynan bir kun mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimiz, bu turnirning muntazam ishtirokchisi bo‘lishimiz yo‘lidagi vositalar emasmi?

BAA milliy jamoasi dastlabki jahon chempionatimiz – JCh-98 saralashida ham guruhdoshimiz bo‘lgan va Toshkentda biz uchun alamli tarzda g‘alaba qozonib ketgandi (2:3). Keyingi jahon chempionati so‘nggi bosqichida ham BAA raqib bo‘ldi, hatto guruh bosqichi aynan mana shu mamlakatda boshlandi. Osiyoda o‘tadigan mundial umidi ham aynan shu kuni o‘lgandi, deyish mumkin. Koreya va Yaponiya mezbon bo‘lgach, guruhimiz biroz kuchsizlashgan, Eron va Saudiya Arabistoni narigi guruhga o‘tgach, go‘yoki bu safar qo‘limizdan keladigandek edi. Arablardan kuchlimiz, Xitoyni doim yutganmiz, deb boshlangan saralashning ilk o‘yinida BAA ustimizdan sovuq suv quyib yuborgan – 1:4. Toshkentdagi o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchradik (0:1).

Mana shu BAA maydonida, o‘zimiz uchun kerakli hisobni saqlab qolib, muddatidan oldin mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritganimiz, aynan BAA milliy jamoasini ortda qoldirib ketganimiz har qanday g‘alabadan ustun.

Tarkib: Yusupov, Alijonov, Aliqulov, Husanov, Ashurmatov, Sayfiyev (Nasrullayev, 65), Hamrobekov (Bo‘riyev, 86), Shukurov, O‘runov (Fayzullayev, 13), Masharipov (Erkinov, 86), Shomurodov.

Mavzuga oid