O‘zbekiston | 22:10 / 19.03.2025
1695
6 daqiqa o‘qiladi

19 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Tadbirkorlik sub’yektlariga yengilliklar, Toshkentda buzilishi belgilangan noqonuniy «dom», Milliy gvardiyadan ichki ishlarga o‘tayotgan maktablar va 715 ming aholiga ilk bor beriladigan toza ichimlik suv — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Toshkentda noqonuniy qurilgan «dom» buziladi

Uchtepa tumanida Hunarmandlar markazi qurilishi kerak bo‘lgan hududda noqonuniy 9 qavatli uy barpo etilgani aniqlandi. Sud «Turon meros» MChJ qurgan binoni ularning hisobidan buzish haqida qaror chiqardi.

2019 yilda hunarmandlar ustaxonalari buzilgandan so‘ng, hukumat ularga 4 qavatli markaz qurib berishni va’da qilgan. Biroq investorlar bu yerda turar joy qurishni boshlab yuborgan. Hujjatlarda bu bino hunarmandlar uchun mo‘ljallangan bo‘lsa-da, aslida 9 qavatli uyga aylanib qolgan.

2024 yil 25 oktyabrda Uchtepa tumanlararo sudi noqonuniy qurilgan binoni buzish to‘g‘risida qabul qilgan edi. 2025 yil 5 fevralda apellyatsiya sudi ham bu qarorni o‘zgarishsiz qoldirdi.

Hozirda ish taftish instansiyasida ko‘rib chiqilmoqda. Bino «Turon meros» MChJ mablag‘lari hisobidan buziladi.

Prezident tadbirkorlarga yengilliklar berilishini talab qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoit yaratish va yangi faoliyat boshlaganlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.

So‘nggi uch yilda 17,5 ming korxona tashkil etilgan bo‘lsa, ularning katta qismi 1 yilga yetmasdan tugatilgan. Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm va Jizzax viloyatlarida yangi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashda kamchiliklar borligi qayd etildi.

Endi yangicha, «birinchi imkoniyat» tamoyili joriy etiladi. Ilk bor ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkor javobgarlikdan ozod qilinib, kamchilikni bartaraf etish imkoniyati beriladi.

Bundan tashqari, oxirgi uch yilda aylanmasi 10 mlrd so‘mdan kam, soliq qarzi yo‘q korxonalar auditdan o‘tmasdan ixtiyoriy tugatilishi mumkin.

Kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha majburiyat yuklaydigan hujjatlarni qabul qilishga uch yillik moratoriy joriy etildi.

Fermerlar uchun muhim yengillik bor — soliq qarzini o‘z vaqtida to‘lay olmagan fermerlar uchun umumiy 1 trln so‘mlik penya undirilmaydigan bo‘ldi.

15 tuman va shaharda davlat idoralari bitta binoga jamlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 tuman va shaharda davlat idoralarini bitta binoga jamlash tashabbusini ilgari surdi. Yangi binolarning 1-2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi, bo‘shaydigan 150 ta davlat binosi auksionga chiqariladi.

Tashabbus Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot, Yangiyo‘l tumanlari va Marg‘ilon shaharlarida amalga oshiriladi.

Tadbirkorlar bilan uchrashuvda davlat rahbari kichik va o‘rta biznes ulushini 55 foizga yetkazish, 1,5 mln doimiy ish o‘rni yaratish va eksport hajmini 12 mlrd dollarga chiqarish rejasini ma’lum qildi.

Shuningdek, investorlarga 10 ming kvadrat metrgacha davlat obektlari 5 yilga bepul ijaraga beriladi. Bu islohot 250 mingta yangi korxona faoliyatini kengaytirishga yordam beradi.

Shuningdek, kichik biznes infratuzilmasiga 1,5 trln so‘m ajratilishi belgilanmoqda.

715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suv

O‘zbekistonda 2025 yilda 715 ming aholiga ilk bor markazlashgan toza ichimlik suv yetib boradi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda «O‘zsuvta’minot» AJ axborot xizmati rahbari ma’lum qildi.

Joriy yilda 1619 km ichimlik suv, 521 km oqova suv tarmog‘i tortiladi, 162 ta inshoot quriladi va rekonstruksiya qilinadi. 135 ming xonadon oqova tarmog‘iga ulanadi, 157 ming iste’molchiga zamonaviy hisoblagich o‘rnatiladi.

Bundan tashqari, davlat rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryoda ichimlik suv uchun 340 mln yevrolik 3 ta loyiha kelishildi.

Sohani raqamlashtirish uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 mln dollar jalb qilinadi. 5 yilda yirik suv inshootlari va magistral quvurlarga 4800 ta «aqlli» hisoblagich, 2 800 ta telemetriya tizimi o‘rnatish rejalashtirilgan.

Respublika va 14 ta hududiy suv ta’minoti korxonalarida yagona situatsion markaz tashkil etilib, avariyalarni tezkor bartaraf qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Inspektor-psixologlar Milliy gvardiyadan IIVga o‘tkazildi

Milliy gvardiya endi maktablarda bolalar tarbiyasi va davomati bilan shug‘ullanmaydi. Bu vakolat yana ichki ishlar organlariga qaytdi.

Bu haqda Bosh prokuraturada o‘tkazilgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi. Videoselektor shaklida o‘tgan tadbirda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, mahalliy hokimliklar va boshqa mutasaddi idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda kriminogen vaziyatni kundalik tahlil qilish, mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish mexanizmi muhokama qilindi. Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashda mavjud kamchiliklar misollar orqali tahlil qilindi va galdagi vazifalar belgilandi.

Qarorga asosan, Milliy gvardiyaning voyaga yetmaganlar masalalari bo‘yicha inspektor-psixologlari va 2000 ta shtat birligi IIV tuzilmasiga o‘tkazildi. Endi ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar bilan «Oila – mahalla – maktab» tamoyili asosida ish olib boradi.

Mavzuga oid