Jahon | 16:44 / 24.03.2025
3362
3 daqiqa o‘qiladi

The Telegraph: Britaniya armiyasida Starmerning Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar yuborish rejasi tanqid qilindi

Yuqori martabali harbiy manbaga ko‘ra, Starmerning Ukraina xavfsizligini kafolatlashga tayyor davlatlardan iborat koalitsiya tuzish taklifi - «siyosiy teatrdir».

Foto: Justin Tallis/AFP via Getty

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Ukrainada tinchlik kelishuvini qo‘llab-quvvatlash uchun tinchlikparvar kuchlarni yuborish rejalari bilan «shoshilmoqda», deydi The Telegraph’ning yuqori martabali harbiy manbalari.

Nashr suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Starmerning Ukraina xavfsizligini kafolatlashga tayyor davlatlar o‘rin oladigan koalitsiyani tuzish taklifi — «siyosiy teatrdir».

«Starmer quruqlikdagi qo‘shinlar haqida gapirib, shoshilmoqda va u nima haqida gapirayotganini tushunmayapti. Shu sababli, hozir biz bu mavzuda kamroq, samolyot va kemalar haqida esa ko‘proq eshityapmiz. Chunki buni amalga oshirish osonroq va Ukrainada harbiy bazalar talab etilmaydi», — deydi manba.

Nashr suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, na Rossiya va na AQSh ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamaydi, koalitsiya tuzish to‘g‘risidagi muzokaralar esa «missiyaning maqsadi nimadan iborat ekanini hech kim bilmagani» bois qiyinchilik tug‘dirmoqda.

«Nima uchun 10 ming kishilik xalqaro kuchlar mamlakat g‘arbida, front chizig‘idan 400 kilometr uzoqlikda joylashishi kerak? U [koalitsiya] hatto o‘zini ham himoya qila olmaydi. Uning vazifasi nimadan iborat? Uning legitimligi qanday? Harbiy harakatlar qoidalari qanday belgilangan? U qanday boshqariladi, ta’minlanadi va joylashtiriladi? Kaolitsiya u yerda qancha vaqt qoladi va nima uchun? Hech kim buni bilmaydi», — deya Britaniya armiyasi vakilining so‘zlarini keltiradi nashr.

Fevral oyida Kir Starmer Buyuk Britaniya Ukraina xavfsizligi kafolatini ta’minlash uchun tinchlikparvar kuchlar yuborishga tayyorligini ma’lum qilgandi. Shuningdek, Fransiya hukumati ham tinchlikparvar kuchlarni yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Ko‘p o‘tmay The Times o‘z manbalariga tayanib, London Ukrainaga qo‘shin emas, Eurofihter Typhoon qiruvchilarini yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida yozdi.

Mavzuga oid