Jahon | 21:10 / 24.03.2025
9500
9 daqiqa o‘qiladi

«Har bir vergulga yopishilsin» - Putin diplomatlarga Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini cho‘zishni buyurganmi?

Kreml Ukraina bo‘yicha tinchlik muzokaralarini cho‘zishga urinmoqda. Bu orqali u imkoni boricha ko‘proq hududlarni egallash va AQSh bilan munosabatlarda Kiyev ustidan ustunlikka ega bo‘lishni maqsad qilmoqda.

Foto: kremlin.ru

Bu haqda The Moscow Times nashriga Rossiya rahbariyatining ish uslubidan xabardor to‘rtta manba ma’lum qilgan. Ular barchasi diplomatiya sohasidagi nozik masalalar tafsilotlarini oshkor qilish maqsadida anonim qolishni so‘ragan.

«Hozir vaqt bizning foydamizga xizmat qilmoqda, shu sabab biz undan maksimal darajada foydalanishga harakat qilamiz», — dedi rossiyalik diplomatlaridan biri The Moscow Times bilan suhbatda.

RF prezidenti Vladimir Putin Donald Trampning 30 kunlik otashkesim taklifiga, umuman olganda rozi ekanini aytgan bo‘lsa-da, ayrim «nyuanslar» ham muhim ekanini ta’kidlagan. Bu bilan u Moskva o‘zining maksimalistik talablarida turib oladi, degan ishorani berdi.

Ideal holatda Kreml Vashingtonning Rossiyaning frontdagi harakatlariga ko‘z yumushlik bilan qarashini yoki hatto Kiyevga bosim o‘tkazib, ularni Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan hududlardan — jumladan, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan o‘z qo‘shinlarni to‘liq olib chiqishga majburlashini kutmoqda, dedi amaldagi Rossiya mansabdor shaxsi.

Moskva Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlarini o‘z hududi, deb hisoblaydi. Ammo bu hududlarning birortasi Rossiya armiyasining to‘liq nazorati ostida emas. Kreml ushbu yerlarda nazoratni mustahkamlashni istaydi, chunki ular Konstitutsiyada Rossiya hududi, deb qayd etilgani bois Putin ulardan voz kechishni siyosiy jihatdan no‘noqlik deb hisoblaydi, degan Kremlga yaqin mansabdor.

«Konstitutsiyada biror hudud Rossiya tarkibidan chiqib ketishi mumkin, degan mexanizm yo‘q. Bizga Zaporijjya va Xersonning butun hududi kerak. Yo Tramp ukrainlarga bosim o‘tkazib, hudulardan chiqib ketishga majbur qiladi yoki bizga «cho‘ziladigan muzokaralarga kirishing va parallel ravishda harbiy kuch bilan hududlarda nazoratni o‘rnating», deydi. Bu eng yomon ssenariy, chunki Dnipro daryoni zo‘rlik bilan kechib o‘tish o‘ta og‘riqli operatsiya bo‘ladi», — deydi manba.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya muqobil senariy sifatida, masalan, Dnepropetrovsk yoki Sumi oblastining bir qismini egallab, keyin Xerson va Zaporijjyani ularga almashtirishni taklif qilishi mumkin.

«Biz shunday variantni topishga umid qilamizki, unga ko‘ra biz Dniproni kechib o‘tish va Xersonga hujum qilishga majbur bo‘lmaymiz (Xerson shahri Dnipro daryosining o‘ng qirg‘og‘ida joylashgan; Rossiya qo‘shinlari esa so‘l qirg‘oqni nazorat qilmoqda). Umid qilamanki, bungacha yetib borilmaydi. Bu minglab yo‘qotishlarni anglatadi», — deya ta’kidlaydi manba.

Uning qayd etishicha, harbiy hisob-kitoblarga ko‘ra, ayni tarkibdagi Rossiya jangovar guruhlari Slovyansk–Dnepropetrovsk aglomeratsiyasini olishdan ortig‘ini bajara olmaydi.

«Hozirgi ko‘rinishdagi guruhimiz jismoniy jihatdan yana qayerlargachadir bostirib borish yoki nimanidir ortiqcha bajarish qobiliyatiga ega emas, — deydi u. — Odessagacha yetib borish — bu umuman imkonsiz. Bu bizga kerak ham emas».

Kreml vakillari

Saudiya Arabistonida AQSh bilan o‘tkazilayotgan ikkinchi uchrashuvga Moskva tajribali muzokarachilarni yubordi. Ular orasida — tashqi ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari, senator Grigoriy Karasin bor. U TIVda 47 yil ishlagan, ko‘p yillar davomida «Ukraina masalalari» bilan shug‘ullangan va Minsk kelishuvlari ishlab chiqilishida ishtirok etgan.

Muzokaralarda FSB direktori Aleksandr Bortnikovning maslahatchisi Sergey Beseda ham qatnashmoqda. U ko‘p yillar FSBning «beshinchi xizmati»ga rahbarlik qilgan — ushbu xizmat Ukrainadagi josuslik faoliyati, agentlarni yollash va diversiyalarni amalga oshirish bilan shug‘ullangan. 2022 yil fevralidagi keng ko‘lamli hujumni rejalashtirishda u muhim rol o‘ynagan. Kiyevni egallab, ukrain rahbariyatini chetlatish vazifasi amalga oshmay qolgach, jurnalistlar Andrey Soldatov va Irina Boragan ma’lumotiga ko‘ra, Beseda uy qamog‘iga jo‘natilgan edi.

Saudiya Arabistonida dushanba kuni boshlangan muzokaralar — Besedaning ishtirokidagi ilk rasmiy ommaviy tadbir bo‘ldi. Ammo u uchrashuvlarda pastroq maqomda qatnashmoqda — bu esa uni FSBning «beshinchi xizmati»dagi vazifalaridan chindan ham chetlatilganini anglatishi mumkin. «Bu yigitlar Ukraina bo‘yicha muzokara rejasini boshdan oyoq bilishadi. Ularga kelishuvning har bir verguligacha yopishish vazifasi topshirilgan», — deydi The Moscow Times'ga Kremlga yaqin manba.

Hududiy niyatlar

Qanday hudud qay tomonga tegishi haqida gap ketganda, Moskvaning hisob-kitobiga ko‘ra Vashington uchun chegara aniq qayerlardan o‘tishi unchalik muhim emas. Bu haqda The Moscow Timesʼga ikki Rossiya diplomati ma’lum qildi. «Mening tushunishimcha, Tramp modern, yaxshi qurollangan, G‘arbga moyil Ukrainani ko‘rishni istaydi. U Ukrainadan to‘liq voz kecha olmaydi. Ammo chegaraning aynan qayerdan o‘tishi uning uchun u qadar ahamiyatli emas», — deydi diplomatlardan biri.

Kreml Trampning to‘liq otashkesim taklifiga rozi bo‘lmagan. Qisman sulh, jumladan, energetika infratuzilmasiga zarbalarni to‘xtatish esa hali imzolanmagan. Biroq Rossiya TIV allaqachon Kiyevni kelishuvni buzishda ayblashga kirishgan.

So‘nggi kunlarda har ikki tomon bir-birining obektlariga ommaviy zarbalar yo‘llagan. «Biz AQSh prezidenti taklif qilgan otashkesim Kiyev rejimi tomonidan allaqachon buzildi, deb hisoblaymiz. Endi amerikaliklar, kechirasizu, bu esidan og‘gan terrorchi axlat bilan qanday muomala qilishi juda katta savol ostida turibdi», — degan Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova «Birinchi kanal» efirida.

Moskva ushbu muzokaralar to‘liq otashkesimga olib borishi uchun ular ikkinchi Minsk kelishuvlari kabi batafsil kelishuv shartlari ishlab chiqilishini xohlaydi. Bu esa bir necha hafta yoki hatto oylarga cho‘zilishi mumkin.

«Hozir barcha narsa ko‘proq Rossiya ssenariysi bo‘yicha ketmoqda. Qora dengizdagi kemachilik va energetika tizimiga zarbalarga moratoriy bo‘ladimi-yo‘qmi — hozircha tushunarsiz», — deydi Kremlga yaqin «Rossiya v globalnoy politike» jurnali bosh muharriri Fyodor Lukyanov. — Ammo agar bu sodir bo‘lgan taqdirda ham, jang maydonidagi vaziyatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qilmaydi, chunki hozir tashabbus Rossiya tomonida».

Isroillik harbiy ekspert David Sharp esa Rossiya istagancha hududlarni egallay olmasligiga ishonadi.

«Rossiya armiyasi to‘rtta anneksiya qilingan ukrain hududini tezda va to‘liq okkupatsiya qila olmaydi. Ular uchun hatto ikki-uchta qishloqni egallash — ulkan yutuq», — dedi Sharp The Moscow Times bilan suhbatda.

«Dnipro daryosini kechib o‘tish va Xersonni egallash, yoki kamida Zaporijjya shahrini (u ikki qirg‘oqda joylashgan) egallash uchun qandaydir g‘ayrioddiy narsa sodir bo‘lishi kerak. Bu juda og‘ir vazifa. Yo Rossiya armiyasi keskin kuchaytirilishi kerak — bu esa bir zumda sodir bo‘ladigan narsa emas. Yoki Ukraina mudofaasi butunlay parchalanishi lozim. Rossiya dushmanni vaqt o‘tishi bilan to‘liq mahv eta olishga umid qilmoqda», — deya xulosa qildi Sharp.

Mavzuga oid