Ko‘p qutbli dunyo tartiboti: bu O‘zbekiston uchun imkoniyatmi yoki tahdid?
Dunyo siyosati Sovuq urush vaqtida ikki qutbli, undan keyin bir qutbli edi, oxirgi yillarda esa ko‘p qutbli dunyo tartiboti shakllanishi ortga qaytmas jarayonga aylandi. Bu – kichik va o‘rta davlatlar, xususan Markaziy Osiyo oldiga qanday vazifalarni qo‘yadi?
1945 yilda Ikkinchi jahon urushi tugagach, dunyoda ikki qutblilik davri boshlandi. Sovuq urush davrida ikki global qutb, ikki qudrat, ikki lager butun dunyodagi ishlarni birgalikda yoki raqobatda boshqarib keldi. Dunyoning qayerida ziddiyatlar, tirashuvlar, urushlar bo‘lsa, mana shu ikki davlatning qo‘li aniq bo‘lar edi. Bu – SSSR va AQSh edi.
Sobiq SSSR qulagach, dunyoda bir qutblilik davri boshlandi. AQSh sovuq urushning g‘olibi edi.
Lekin mana, sobiq sotsialistik lager qulaganidan 34 yil o‘tib, dunyoda g‘alati bir vaziyat shakllandi. Bugungi holat na bir qutbli, na ko‘p qutbli hisoblanadi. Bir qutblilik tugab, ko‘p qutblilik shakllanish jarayonining boshidamiz. Keyingi 20-25 yil ichida AQSh ko‘plab xatolar qildi, natijada uning reputatsiyasi va resurslari kamayishi tezlashdi. 2001 yil 11 sentabrdan keyin AQSh Afg‘oniston va Iroqqa kirib keldi, va behuda urushlar olib bordi.
Bu vaqtda Xitoy Xalq Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi va global janub o‘sishda davom etdi. Bugun XXR – AQSh uchun eng kuchli global raqib. Agar AQShning dunyo iqtisodiyotidagi ulushi 15 foizni tashkil qilsa, XXRning ulushi 18 foizni tashkil qiladi. Xitoy – dunyo tartibotini o‘zgartirishdan manfaatdor, revizionist davlatlardan. Xitoy 19-20 asrlarni o‘zi uchun “tahqirlangan asrlar” deb biladi. Ya’ni, “biz g‘arb davlatlari tomonidan tahqirlandik, endi o‘zimizning munosib maqomimizni egallashimiz kerak” deydi.
Putin boshchiligidagi Rossiya Federatsiyasi ham global tartibot o‘zgarishidan manfaatdor davlatlardan. Rossiya Sovuq urush natijalarini reviziya qilishni istaydi. Sovuq urush natijasida SSSRning parchalanishi va Rossiya maqomining pastlashini Putin “asrning eng katta fojiasi” deb biladi. Putin uchun tarixiy oriyentir – 1945 yildagi SSSR triumfi, Yalta kelishuvlari va dunyoning bo‘lib olinishi hisoblanadi.
Dunyoda ko‘p qutblilikning shakllanishi – obektiv jarayon. Bu jarayonni to‘xtatish imkonsiz. Bu yaqin o‘n yilliklarda AQSh eng qudratli davlat bo‘lib qolaveradi, lekin dunyo ishlaridagi AQShning monopoliyasi 1990-yillardagi kabi, Klinton davridagi kabi bo‘lmaydi. Hatto kollektiv g‘arb ichida ham turfa xillik kuchayib boradi. Qolaversa, AQShning o‘zi dunyo ishlaridan toliqqandek. Hokimiyatda – izolyatsionist Tramp va uning ma’muriyati. Tramp keyingi 80 yillik AQSh tarixida yangi siyosiy eksperiment boshladi. U AQShning ichki va tashqi siyosatdagi mas’uliyatlarini, majburiyatlarini optimallashtirmoqchi. Bu, ayni paytda, AQShning global qudratiga ham soya solishi aniq.
Ko‘p qutblilik haqida gap ketganda, ikki davlatning taqdiri esga keladi. Birinchisi Falastin. Falastin haliga qadar mavjud emas, sababi Isroilni tiyib turuvchi davlat topilmadi. Isroilning qudrati va buzg‘unchiligining asosiy homiysi – AQSh. AQSh har doim, har qanday xolatda Isroilni himoya qiladi, hattoki, Isroilning bosh vaziri yoki boshqa siyosatchilarini yoqtirmaganida ham. Isroilning buzg‘unchiliklarini oldini olish uchun esa, ko‘p qutblilik kerak.
Ukraina misolida esa, ko‘p qutblilikning biz uchun, post-sovet mamlakatlari va Markaziy Osiyo davlatlari uchun xavotirli qirrasi namoyon bo‘ladi. Chunki Ukrainani yutishni, ustidan tarixiy nazoratni qo‘lga kiritishni istayotgan davlat – revizionist Rossiya Federatsiyasi. Ya’ni ko‘pqutblilik paydo bo‘lishi – Rossiya, Xitoy kabi davlatlarning xalqaro maydondagi ta’siri, qudrati yanada oshishini anglatadi.
Shu o‘rinda, O‘zbekiston uchun, Markaziy Osiyo taqdiri uchun, “ko‘pqutblilik qanchalik xavfsiz?” degan savol paydo bo‘ladi.
Har bir katta fenomen jarayonlarda shakllanadi. Kelajakdagi ko‘pqutblilikning tabiati qanday bo‘lishi ko‘plab kichik va o‘rta davlatlar uchun ularning ittifoqlariga, alyanslariga bog‘liq bo‘ladi.
Ko‘p qutblilik tajovuzkor bo‘lmasligi uchun, qudratli davlatlar o‘rta va kichik davlatlarga tajovuzkorona munosabatda bo‘lmasligi uchun, davlatlar bir tomondan ko‘p qutblilikning to‘g‘ri tomonlarini qo‘llab-quvvatlashi, ikkinchi tomondan, yangi o‘yin qoidalarining shakllanishida o‘z faolliklari bilan ishtirok etishi kerak.
O‘rta va kichik davlatlar ichki siyosatda demokratik bo‘lishga, xalqi katta va jo‘shqin kuch bo‘lishiga, xalq va jamiyat birligiga erisha olishi kerak bo‘ladi. Tashqi siyosatda esa ittifoqlar, alyanslar, integratsiyalar – qudrat shakllantirishning asosiy uslubi bo‘lib qolaveradi.
O‘zbekiston uchun, Markaziy Osiyo birligi va turkiy dunyo integratsiyasi – yangi dunyodagi yashovchanlikni belgilab beruvchi asosiy tashqi omil hisoblanadi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid

20:24
Xitoy orbitada sun’iy yo‘ldoshlar ishtirokida «havo janglari»ni sinovdan o‘tkazmoqda

00:33
AQSh «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa tizimini yaratadi

21:52 / 22.03.2025
AQSh bir kunda har biri besh million dollardan mingta «oltin karta» sotdi

20:24 / 22.03.2025