Toshkentda pulli avtoturargohlar uchun maksimal tarif ma’lum qilindi
Poytaxt bo‘ylab 200 mingdan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan pulli avtoturargohlar tashkil etilishi reja qilingan. Ularda bir soatlik parking narxi tarif zonasiga qarab 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha bo‘ladi, shu bilan birga, maksimal tarif 30 ming so‘mgacha yetishi mumkin. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu summani “yangi monopoliya tovoni” deb atadi.

Foto: vilnius.lt
Toshkent shahar hokimligi tashkil etilayotgan yo‘lbo‘yi avtoturargohlar uchun maksimal tarifni soatiga 30 ming so‘m deb belgiladi. Bu haqda “Toshkent invest” vakili ma’lum qildi.
Poytaxt hokimining o‘tgan yili 16 oktyabrdagi qaroriga asosan, pulli to‘xtab turish joylaridan foydalanish to‘lovi tarif zonasiga qarab (shahar markazida eng qimmat) 5 ming so‘mdan 12 ming so‘mgacha deb tasdiqlangan edi. Shu bilan birga, “Yo‘l harakati to‘g‘risida”gi qonunning 25-moddasida, pulli to‘xtab turish joylaridagi to‘lov miqdorini joy egalari mustaqil belgilashi ko‘rsatilgan; bunda, ushbu narx hududiy hokimliklar tomonidan (Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda) belgilanadigan maksimal tarifdan yuqori bo‘lmasligi kerak.
Spot'ning xabar berishicha, 12 mart kuni shahar hokimligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ushbu maksimal tarif miqdori ochiqlangan.
“Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ raisining birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gurkoning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentda tashkil etilayotgan pulli avtoturargohlar to‘rtta tarif zonasiga ajratilgan: soatiga 5, 8, 10 va 12 ming so‘mdan. Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishgan holda, maksimal tarif 30 ming so‘m deb belgilangan.
Aleksandr Gurkoga ko‘ra, poytaxt bo‘ylab 200 mingdan ortiq avtomobilga mo‘ljallangan pulli to‘xtash joylarini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Birinchi bosqichda shaharning 86 ta nuqtasida 13-14 mingta o‘ringa ega yo‘lbo‘yi avtoturargohlar foydalanishga topshiriladi. Ularning dastlabkilari joriy mart oyi oxirigacha test rejimida, ehtimol Mirobod va Yakkasaroy tumanlaridagi bir nechta ko‘chada ishga tushiriladi. Iyul oyidan boshlab esa pulli parkingni shahar bo‘ylab keng ko‘lamda joriy etish ko‘zda tutilgan.
“Toshkent Invest” rasmiysining aytishicha, Toshkent shahrida pulli avtoturargohlar tashkil etish va ular uchun yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha tenderlarda g‘olib deb topilgan Streetpark Systems kompaniyasi ayni paytda mobil ilova ishlab chiqish ustida ishlamoqda. Bu ilova orqali haydovchilar poytaxtdagi avtoturargohlar uchun to‘lov qilishlari mumkin bo‘ladi.
Rasmiylar pulli avtoturargohlarni tashkil etish natijasida tirbandliklar kamayishi va harakat tezligi oshishini kutmoqda. Masalan, Said Baraka ko‘chasida 250 ta o‘ringa ega parking ochilishi tirbandlikni 18 foizga kamaytirishi, o‘rtacha harakatlanish tezligini esa 14 foizga (soatiga 37 dan 42 km/soatgacha) oshirishi prognoz qilinyapti.
Avtoturargoh uchun to‘lov qilinishi videokuzatuv kameralari orqali nazorat qilinadi. To‘lov qilinmagani uchun ma’muriy javobgarlik 2026 yildan boshlab joriy etilishi mumkin.
Bundan tashqari, Aleksandr Gurko Toshkentda ko‘p qavatli avtoturargohlar tashkil etish uchun joylar o‘rganib chiqilganini aytdi. Bunday inshootlar odamlar ko‘p yig‘iladigan joylarda, xususan bozorlarda quriladi.
Shuningdek, “ushlab qoluvchi” (park-and-ride) avtoturargohlar qurish imkoniyati ham o‘rganilmoqda. Bunday parking joylari aholi uy-joylari eng ko‘p joylashgan tumanlardan shahar markaziga olib boruvchi yo‘llar yaqinida joylashadi va haydovchilarga avtomobilini shu yerda qoldirib, jamoat transportiga chiqib ketish imkonini beradi. Bular borasidagi o‘rganish ishlari 3 oydan keyin yakunlanib, natijalar taqdim etilishi reja qilingan.
Barchasi – bitta kompaniyaga

Toshkent shahrida ko‘chalar bo‘yida parkomat bilan jihozlangan pulli avtoturargohlar tashkil etilishi haqida 2018 yildan buyon aytib kelinadi.
2023 yil yanvarida poytaxt hokimligi shaharning 10 ta markaziy ko‘chasida pulli avtoturargohlar tashkil etish huquqini tendersiz “Kasy Park” MChJga topshirdi. Lekin loyiha amalga oshmadi. Transport vaziri Ilhom Mahkamov Kun.uz bilan suhbatda bunday huquq “to‘g‘ridan to‘g‘ri bitta tashkilotga berilmasdan, tender asosida tarqatilishi”ni aytdi. “Talabgorlar juda ko‘p”, degandi u.
2024 yil noyabrda hokimlik shaharning 86 ta nuqtasida yo‘lbo‘yi avtoturargohlar tashkil etish huquqini auksionga qo‘ydi. 25 noyabr kungi auksion ikkita arizachi ishtirokida, 2 soat-u 10 daqiqa davom etdi, unda da’vogarlar 22 marta narx taklifini ilgari surdi. Yakunda “Balcomuz” MChJ boshlang‘ich narxdan qariyb 2 barobar yuqori – yiliga 120,15 mlrd so‘m to‘lash taklifi bilan, auksion g‘olibi deb topildi. Zaxira g‘olibi e’lon qilinmadi.
Ko‘p o‘tmay, Balcomuz bilan shartnoma tuzilmagani oydinlashdi. 17 dekabr kuni takroriy o‘tkazilgan auksion raqobat jihatdan birinchisiga qaraganda mutlaqo farqli bo‘ldi: 20 daqiqa davom etgan savdo atigi ikkita qadamdan iborat bo‘ldi. Natijada boshlang‘ich narxdan roppa-rosa 10 foiz yuqori – 62,9 mlrd so‘m taklif qilgan “Streetpark Systems” MChJ g‘olib deb topildi. Bu narx, birinchi aksionda Balcomuz bergan narxdan qariyb 2 barobarga kam edi. Ikkinchi auksionda ham zaxira g‘olibi e’lon qilinmadi.
Yakuniy g‘olib Streetpark Systems birinchi auksionda ishtirok etgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. E’tiborlisi, bu kompaniya ta’sischilari qatorida nomi yuqorida tilga olingan Kasy Park ham bor.
Dekabr oyida, shuningdek, Toshkentdagi avtoturargohlarining yagona axborot tizimini ishlab chiqish bo‘yicha tender ham o‘tkazildi va unda ham Streetpark Systems g‘olib deb topildi. 8,2 mlrd so‘m boshlang‘ich narx bilan boshlangan, kamayib borish tartibidagi savdoda ikkita ishtirokchi qatnashdi: “Intermobiliti” (Rossiya) 7,15 mlrd so‘m, Streetpark Systems 6,78 mlrd so‘m taklif qildi. Natijada, axborot tizimini ishlab chiqish uchun arzonroq narx taklif qilgan Streetpark Systems bilan QQSni ham hisobga olib 7,59 mlrd so‘mlik shartnoma tuzildi.
Iqtisodchi: “Yo‘q joydan parkovka monopolisti yasaldi”

Iqtisodchi Otabek Bakirov mazkur jarayonda “yo‘q joydan parkovka monopolisti yasaldi” deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shahar ko‘chalari bo‘ylab tashkil etiladigan 86 ta yangi avtoturargohning barchasi bitta lotda auksionga qo‘yilgani, raqobat nuqtayi nazaridan, xato qaror bo‘lgan.
“Bu yakka lotni o‘nlab lotlarga ajratish va talabgorlarni ko‘paytirish hisobiga, huquqlarni 120 mlrd so‘m emas, balki 500 mlrd so‘mga sotish mumkin bo‘lardi. Bozorda o‘zaro raqobatlashuvchi bir necha kompaniyalar shakllanardi, davlat yutardi, iste’molchi yutardi”, – deya yozdi u birinchi auksiondan keyin.
Bakirov keyinroq avtoturargohlar operatoriga tegishli axborot tizimini ishlab chiqish topshirilganini ham tanqid ostiga oldi. “Mazkur qadam pulli parkovka tashkil etish tizimiga boshqa begona raqobatchi kirmasligini ta’minlaydi”, dedi u.
Iqtisodchi yuqoridagi holatlar bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Raqobat qo‘mitasi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi kabi idoralarni befarq qaramaslikka chaqirmoqda. U 30 ming so‘mlik maksimal narxni “yangi monopoliya tovoni” deb atadi.
Rasmiylar nima deydi?
Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Kun.uz'ga bergan izohida qonunchilik buzilmaganini bildirdi. Hokimlik auksionlarda zaxira g‘oliblari e’lon qilinmagani haqidagi savolga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi javob berishini ma’lum qildi.
Davaktiv bu borada rasmiy xat bilan chiqilmasa, bunday axborot berilmasligini bildirdi.
Raqobat qo‘mitasiga ko‘ra, auksion ishtirokchilaridan ushbu holat bo‘yicha raqobat qonunchiligi buzilganiga oid shikoyat kelib tushmagani sabab vaziyat o‘rganilishiga asos bor deb hisoblanilmagan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi surishtiruv ishlari ketayotgani va qo‘shimcha ma’lumot berilishini ma’lum qildi.
Streetpark Systems haqida
“Streetpark Systems” MChJ 2024 yil 13 noyabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bu sanadan bir necha kun oldin pulli avtoturargohlar bo‘yicha auksion bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan edi (Google ma’lumotiga ko‘ra, lot haqidagi axborot e-auksion portaliga 4 noyabrda joylangan).
Kompaniyaning 75 foiz ulushdori – Yoqubov Qudratbek Dilshodovich (Leader Great Trade, Aziz Export 777, Prime Avto Consulting kompaniyalarida ham ulushlarga ega). Yana ikki ta’sischi – iCell Mobilsoft Zrt (Vengriya) va “Kasy Park” MChJ 12,5 foizdan ulushga ega. Kompaniya rahbari sifatida Yusupov Akmal Bahodir o‘g‘li ko‘rsatilgan. Ustav fondi – 1 mlrd so‘m.
Kasy Park 2018 yil 7 martda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Ta’sischilari – Fozilov Mirodil Nig‘matjon o‘g‘li (55 foiz, u shuningdek Benchmark Distritubion va Adminvest'da ham ulushlarga ega, muqaddam Oazis Lux Investmens va ADM Invest ta’sischilari qatorida bo‘lgan), “Oldfold” MChJ (40 foiz) va Nig‘manova Gulnora Akramovna (5 foiz). Rahbar sifatida Sultonxo‘jayev Sarvar Anvar o‘g‘li ko‘rsatilgan. Ustav fondi – 10 mln so‘m.
Mavzuga oid

10:01
2024 yil xalqaro reytingda Toshkent havo iflosligi bo‘yicha 19-o‘rinni egalladi

09:57
Toshkentda isitish mavsumini yakunlash haqidagi qaror «tez orada» qabul qilinadi

23:32 / 15.03.2025
Toshkent viloyatida 1 mln dollarga yer sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

20:15 / 14.03.2025