Iqtisodiyot | 19:31 / 17.03.2025
1405
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda fevral oyidagi biznes kayfiyati tahlil qilindi

O‘tgan oyda mamlakatdagi umumiy biznes muhiti indeksi 2 bandga oshib, 54 bandga yetdi. Lekin bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda 2 bandga past, deya ma’lum qildi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi. Tadbirkorlarning soliq stavkalari bo‘yicha xavotirlari ortgani qayd etildi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkorlar o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovlari asosida 2025 yil fevral oyidagi biznes muhitini tahlil qildi.

Biznes muhitining o‘zgarishi indekatori Germaniyaning IFO instituti metodologiyasiga asoslangan bo‘lib, so‘rovlarda korxona rahbarlari ishlab chiqarish dinamikasi, talab, narxlar va boshqa ko‘rsatkichlar asosida tadbirkorlik faoliyatidagi joriy va kutilayotgan o‘zgarishlarga baho beradi.

Fevral oyidagi tahlillar xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda umumiy biznes muhiti indeksi 2 bandga oshib, 54 bandga yetgan. Biroq o‘tgan yilning mos davriga nisbatan bu indeks 2 bandga pasaygan. Tadbirkorlarning soliq stavkalari bilan bog‘liq xavotirlari ortgan. Shu bilan birga, ayniqsa sanoat va qurilish sohalari vakillarining ishonchi sezilarli oshgan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, respondentlarning 48 foizi biznesning joriy holatini “qoniqarli” deb baholagan, bu yanvar oyiga nisbatan 5 foiz yuqori bo‘lib, ijobiy tendensiyadan darak beradi.

Bundan tashqari, so‘rov ishtirokchilarining 49 foizi so‘nggi uch oy davomida tovarlar va xizmatlarga bo‘lgan talab barqaror bo‘lib qolganini qayd etdi. Bunday respondentlar ulushi o‘tgan oyga nisbatan 7 foizga yuqori.

Biznes muhitining yaxshilanishini kutayotgan tadbirkorlar ko‘paymoqda. Umuman olganda, 73 foiz tadbirkor o‘zining biznes sharoitlari haqida optimistik fikrda ekanini bildirgan.

Shu bilan birga, narxlar pasayishini kutayotgan respondentlar ulushi yanvardagi 4 foizdan 6 foizgacha oshgan. Bu ham iqtisodiy muhitda barqarorlikni ko‘rsatadi.

Biznesning hozirgi holati

Joriy biznes holati indeksi bir oy davomida 1 bandga yaxshilandi va 40 bandni tashkil etdi. Sohalar tahlili sanoat va qurilishda ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rsatmoqda: bu sohalarda indeks mos ravishda 7 va 5 bandga ko‘tarilib, 51 va 45 bandga yetdi.

Shu bilan birga, qishloq xo‘jaligi sektori ikki pog‘onaga pasayib, 25 bandga tushdi. Xizmat ko‘rsatish sohasi esa 44 bandda saqlanib qoldi.

Biznesning istiqboldagi kutilmalari

Tadbirkorlarning biznes muhitiga nisbatan optimistik baholari ancha yuqori darajada qolmoqda va 3 bandga oshib, 68 bandni tashkil etgan.

Indeksning o‘sishi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridagi ijobiy o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Xususan, biznes kutilmalari sanoatda 8 bandga, qurilishda 9 bandga va xizmatlar sohasida 2 bandga o‘sishi kuzatilgan.

Qishloq xo‘jaligida indeksning biroz pasayishiga qaramay, ushbu sektor bo‘yicha kutilmalar yuqori darajada qolmoqda va 66 bandni tashkil etgan.

Hozirgi biznes muammolari

Moliyalashtirish masalasi asosiy muammo bo‘lib qolganiga qaramay, uni asosiy qiyinchilik deb atagan respondentlarning ulushi yanvardagi 9 foizdan fevralda 8 foizgacha tushgan. Yuqori soliq stavkalari haqidagi xavotirlar 4 foizdan 6 foizga ko‘tarilgan, soliq ma’murchiligi bilan bog‘liq muammolar esa 5 foizdan 4 foizgacha qisqargan.

Elektr ta’minoti bilan bog‘liq vaziyat barqaror va respondentlarning 4 foizini tashvishga solmoqda. Shuningdek, respondentlarning 9 foizi biznesdagi boshqa muammolarni asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatgan. Xususan, mahalliy hokimiyatdagi byurokratiya, ruxsatnoma yoki litsenziya berishdagi kechikishlar, raqobat hamda monopoliyalar, kredit foizlarining yuqoriligi va noqonuniy buzishlar kabi muammolarni ta’kidlagan.

Avvalroq Markaziy bank 2024 yil 4-choragi uchun “Biznes kayfiyati sharhi”ni e’lon qilgandi. Unda “biznes muhiti yaxshilandi” deb hisoblovchi tadbirkorlar soni kamaygani qayd etilgan. So‘rovda qatnashganlarning 53 foizi joylarda biznes muhiti yaxshilanganini bildirgan, 3-chorakda esa bunday deb hisoblovchilar soni 57 foiz bo‘lgandi. MB so‘rovlariga ko‘ra, o‘tgan yili oxirida o‘rta yoki yuqori ishlab chiqarish quvvatlarida ishlagan korxonalarning ulushi 50 foizgacha pasaygan, bu – oxirgi 1,5 yildagi eng past ko‘rsatkich. To‘liq quvvatda ishlamayotgan korxonalar asosan Namangan, Jizzax va Toshkent viloyatlarida joylashgan.

Mavzuga oid