Putinning og‘ir talablari va Trampning feyk tarqatishi - Geosiyosiy hafta tahlili
Putin Kurskda salkam g‘alabani e’lon qildi, Zelenskiy esa Kursk operatsiyasi tufayli Pokrovsk va Harkiv yo‘nalishlarida vaziyat barqarorlashganini ta’kidladi. Putin sulhni emas, abadiy tinchlikni hoxlashini aytib, Ukrainaga vassallik shartlarini qo‘ygan bir paytda, Tramp Putinni “erkalash”da davom etmoqda. Uning jamoasi G‘azodan falastinliklarni ko‘chirish yo‘llarini izlashda ham bardavom.
Ortda qolayotgan hafta jahon siyosatida yuz bergan muhim voqealar tahlili – Kun.uz'ning jonli efirdagi “Geosiyosat” haftaligida.
Siyosatshunoslar dastlab Trampning g‘azoliklarni Sudan va Somaliga ko‘chirilish ehtimoli bilan bog‘liq xabarlarni tahlil qildi.
Shu o‘rinda arab davlatlari Trampga bosim yoki ta’sir qilish ehtimoliga ham to‘xtalishdi.
Siyosiy tahlilchi Kamoliddin Rabbimovning fikricha “arab davlatlari Tramp Amerikasiga ta’sir qilishi mumkin, lekin bosim qilish potensialiga ega emas. Arab monarxiyalari Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh mintaqadagi ittifoqchilari sifatida ko‘rildi, g‘azoliklarni ko‘chirishdan maqsad – Isroilga xavfsiz hudud hozirlash. Biroq arab davlatlari biroz keskinroq harakat qildi va Tramp bayonotlariga qarshi chiqa olishdi.
Bayden davrida G‘azoni tiklash va vayronagarchilikni bartaraf etish Isroil chekiga tushayotgan edi, lekin Trampning keskin bayonotlari fonida arab davlatlari tashabbus qilib, sektorni qayta tiklashni o‘z zimmasiga oldi”.
Yaqin Sharqdagi yana bir ziddiyat alanga olish chegarasiga yaqinlashdi, biroq katta qurbonlar evaziga Suriyaning muvaqqat hukumati alaviylar isyonini bostirdi, deydi tahlilchi Bektosh Berdiyev. Shuningdek, siyosatshunos alaviylar Asad hukmronligi vaqtida hokimiyatning alohida imtiyozlari bilan kafolatlangan aholi qatlami ekanini ta’kidladi. Berdiyev fikricha “Suriyadagi hozirgi beqarorlikdan manfaatdor kuchlar bor, masalan, Asad hukumatining ittifoqdoshlari, aytaylik, Rossiya, Eron yoki Isroil. Mamlakatdagi alaviylar voqealar rivoji bunday shakllanishini kutmagan edi”.
Putin Kurskda g‘alabani e’lon qilar ekan, Zelenskiy Kursk operatsiyasi tufayli Pokrovskiy va Xarkov yo‘nalishlarida vaziyat barqarorlashganini ta’kidladi. Putinning Kurskka tashrifi haqidagi lavhalar ko‘plab tahlilchilar orasida bahslarga ham sabab bo‘ldi. Chunki Ukraina tomoni hududda janglar davom etayotganini bildirgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan Moskva “minglab ukrain harbiylari asrda” degan iddaoni ilgari surgan edi. Siyosatshunos Anvar Yo‘ldoshev fikricha Kurskda janglar deyarli to‘xtagan va bu yerda Kiyev katta yo‘qotishlarga uchragan.
Biroq Shuhrat Rasul boshqacha fikrda: “ikki tomonning bayonotida tafovutlar bor va Kurskning 30 foiz hududi hali ham Ukraina nazorati ostida, hatto Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina qo‘shinlari Kursk oblastidan qisman olib chiqilishini ma’lum qildi. Ya’ni Kursk hali to‘liq ruslar nazorati ostida emas” deya ta’kidladi.
Suhbatni to‘liq holatda Kun.uzʼning YouTube platformasida tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid

16:25 / 13.03.2025
Zelenskiy otashkesimga rozi, Putin-chi?

21:10 / 10.03.2025
AQSh Zelenskiyni yiqitmoqchimi?

15:23 / 07.03.2025
Zelenskiyning afsusi, Putinning talablari va so‘roq ostidagi NATO - geosiyosiy hafta tahlili

19:18 / 06.03.2025