Jahon | 13:53
3030
3 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Rossiya urushni davom ettirishga intilyapti

Kiyev o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga erishish yo‘lidagi asosiy to‘siq sifatida tajovuzkor davlatga ishora qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyani Ukrainadagi urush bo‘yicha tinchlik kelishuvini kechiktirishda aybladi.

Foto: president.gov.ua

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy uch yildan ko‘proq vaqt oldin Ukrainaga qarshi tajovuzkor urush boshlagan Rossiyani tinchlik kelishuvini ataylab kechiktirayotganlikda aybladi. «Afsuski, bir kundan ortiq vaqtdan beri dunyo bildirilgan takliflarga nisbatan Rossiya tomonidan mazmunli javob eshitmayapti. Va bu aynan Rossiya urushni davom ettirishga intilayotganini va tinchlik boshlanishini imkon qadar kechiktirishga harakat qilishini yana bir bor tasdiqlaydi», deb yozdi u Telegramʼda 13 mart, payshanba kuni tushdan keyin. U, shuningdek, «AQShning bosimi Rossiyani urushni tugatishga majbur qilish uchun yetarli bo‘lishiga» umid bildirdi.

Zelenskiy: Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa, Ukrainani mustahkamlash kerak bo‘ladi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiyani AQShning Kiyev va Moskva o‘rtasida 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifiga javob berishga chaqirdi. «Hammasi Rossiya o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlanishni xohlaydimi yoki odamlarni o‘ldirishda davom etishni xohlaydimi, bunga bog‘liq», dedi u 12 mart kuni Kiyevda.

Avvalroq Ukraina 30 kunlik otashkesimga rozi bo‘lgan, endi esa Moskva o‘z javobini berishi kerak, dedi Zelenskiy.

Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa, AQSh Ukrainani kuchaytirishga majbur bo‘ladi

Ukraina prezidenti agar Rossiya o‘t ochishni to‘xtatishdan bosh torsa, Vashingtondan «kuchli» munosabat kutishini qo‘shimcha qildi. «Hozircha tafsilotlarni bilmayman, lekin biz sanksiyalar va Ukrainani mustahkamlash haqida gapiryapmiz», — deya tushuntirdi u. Zelenskiy hamon Moskvaga «ishonmasligini» aytdi.

Bundan tashqari, Volodimir Zelenskiy Ukraina ittifoqchilari bilan 30 kunlik otashkesim kuchga kirganidan keyin o‘z mamlakati uchun xavfsizlik kafolatlarini muhokama qilishga va’da berdi.

Mavzuga oid