Jahon | 20:52 / 14.03.2025
6443
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistondagi Qo‘shtepa kanali qurilishi USAID tomonidan moliyalashtirilgan – OAV

Tramp ma’muriyati USAID faoliyatini muzlatib qo‘yganidan keyin kanal qurilishi ham to‘xtatilishi ta’kidlanmoqda.

Foto: TOLOnews

AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Turkmaniston, O‘zbekiston va Tojikiston suv ta’minotiga tahdid solayotgan Afg‘onistondagi Qo‘shtepa suv kanali qurilishiga yashirincha homiylik qilgan. Bu haqda Rossiyaning «Izvestiya» gazetasi yozdi.

Nashrga ko‘ra, qiymati 700 million dollar bo‘lgan kanal qurilishi 80 foizga yakunlangan. USAID tomonidan loyihani moliyalashtirish avvalgi Afg‘oniston hukumati davrida boshlangan va «Tolibon» hokimiyatga kelganidan keyin ham davom etgan. Ayni paytda prezident Tramp ma’muriyati USAID faoliyatini muzlatib qo‘ygan. Endi kanal qurilishi ham to‘xtatilishi ta’kidlanmoqda.

«Suv kanali Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun jiddiy ekologik muammolarni keltirib chiqaradi, chunki qurilish ibtidoiy usulda amalga oshirilib, sug‘orish tizimini buzadi», deb yozdi nashr.

Loyihaga ko‘ra, Qo‘shtepa kanali Afg‘onistonning Balx, Juzjon va Faryob viloyatlaridagi yerlarni sug‘orish imkoniyatini berishi kerak. Ammo Afg‘onistonning qishloq xo‘jaligi yerlari uchun foydali bo‘lishiga qaramay, loyiha xalqaro bahslarga sabab bo‘lmoqda. Qo‘shtepa kanali Amudaryodan yiliga 10 kub kilometr suv (jami suv hajmining 25 foizini) olish imkoniyatiga ega. Bu esa daryoning sayozlashishi, qurg‘oqchilikka va suv omborlarining qurishiga olib kelishi mumkin.

«Izvestiya» yozganidek, Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasi tahliliga ko‘ra, agar Qo‘shtepa suv ta’minoti tizimi ishga tushsa, Amudaryoning quyi oqimidagi havzalar zarur suvning atigi 30 foizini oladi.

Avvalgi Afg‘oniston hukumati qo‘shni mamlakatlarda suv muammosini yuzaga keltirmaslik uchun to‘g‘on qurmagan edi. Ammo «Tolibon» bu masalada, xususan, Amudaryo bo‘yicha o‘z huquqlarini himoya qilish niyatida.

Ma’lumotlarga ko‘ra, daryo umumiy oqimining 30 foizi Afg‘onistonda, 6 foizi O‘zbekistonda va 1 foizi Turkmanistonda shakllanadi. Shu bilan birga, Afg‘oniston Amudaryo suv resurslarining bor-yo‘g‘i 2 foizi, O‘zbekiston 48,2 foizi, Turkmaniston 35,8 foizidan foydalanadi.

Bundan tashqari, Afg‘oniston Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi suv kelishuvlari bilan bog‘liq masalalarda ishtirok etmaydi.

Mavzuga oid