O‘zbekiston | 22:15 / 12.03.2025
10409
6 daqiqa o‘qiladi

Malibu'dan Tahoe'gacha – amaldorlarning “inomarka”lari qanday avtomobilga almashdi?

Vazirlik va idoralar prezident topshirig‘iga ko‘ra xizmat avtomobili sifatida Mercedes-Benz'lardan voz kechmoqda. Kun.uz respublika darajasidagi tashkilotlar bilan bog‘lanib, ijro organlari rahbarlari bu topshiriq doirasida qanday avtomobilga o‘tayotgani bilan qiziqdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 5 mart kungi selektorda davlat idoralarida xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, milliy avtomobil va milliy mebelga o‘tish zarurligini aytgan edi. Shunga asosan, amaldorlar xizmat avtomobili sifatida mahalliy korxonalar tomonidan sotiladigan avtomobillardan foydalanishga o‘tmoqda.

Xususan, bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz o‘rniga Chevrolet Malibu’dan foydalana boshlagan. Bosh vazir o‘rinbosarlari ham Malibu’dan foydalanmoqda. Viloyatlar hokimlariga esa Chevrolet Tahoe va Chevrolet Traverse kabi avtomobillar xizmat ko‘rsatmoqda.

Abdulla Aripov 7 mart kuni yig‘ilish o‘tkazib, barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatish topshirig‘ini bergan.

Kun.uz respublika darajasidagi davlat tashkilotlari axborot xizmatlari bilan bog‘lanib, vazir va unga tenglashtirilgan amaldorlar ushbu topshiriq doirasida qanday avtomobilga o‘tgani bilan qiziqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, mudofaa vaziri general-mayor Shuhrat Xolmuhamedov Trailblazer avtomobilida yuradi. Bu transport unga vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan vaqtda topshirilgan. Shuningdek, vazir ixtiyorida poligonlarda foydalanish uchun Isuzi D-Max pikapi bor. Bu model SamAuto tomonidan sotiladi.

Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmatining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, vazir Baxtiyor Saidov va uning o‘rinbosarlari oldin ham milliy avtomobil Malibu’da yurgan. Ular hozir ham shu milliy avtomobillarda.

Ichki ishlar vazirligining barcha darajadagi rahbarlari Malibu’da yuradi, deya ma’lum qildi vazirlik matbuot xizmati.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov esa oldin Mercedes-Benzʼda yurgan. Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, hozirda u xizmat mashinasidan foydalanmayapti. Transport davlat aktivlariga topshirish jarayonida, o‘rniga Malibu rusumli mashina olinishi ko‘zda tutilgan.

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov shu vaqtgacha S Class Mercedesʼda yurgan bo‘lsa, hozir tizimda 3 yil avval xarid qilingan BYD HAN avtomashinasidan foydalanyapti. Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, ushbu avtomobil elektromobillar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qaror asosida 3 yil oldin xarid qilingan. “Yangi Malibu olishga mablag‘ sarf qilinmadi, tizimning ichidagi mashinalardan optimizatsiya qilindi”, deyiladi vazirlik axborotida.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov ham oldin Mercedes-Benzʼda yurgan. Uning axborot xizmatiga ko‘ra, vazir yig‘ilishdan oldinroq Malibu’ga o‘tgan.

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham shu kungacha xorij avtomobilida yurgan, hozir esa Malibu’dan foydalanmoqda.

Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islamov Mercedes-Benzʼdan voz kechgan. Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, u hozir davlat rahbariga Fransiyadagi tashrifda hamrohlik qilmoqda. «Mercedes-Benz o‘rniga qanday mashina olish vazir kelganlaridan keyin aniq bo‘ladi», deya ma’lum qildi axborot xizmati.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekovga hozir ham Mercedes-Benz xizmat ko‘rsatmoqda. “Kelgusida GM mashinalaridan birini olish reja qilinyapti, mashinaning qaysi turini xarid qilishlari hali maslahat jarayonida”, deyiladi vazirlik axborotida.

Adliya vaziri Akbar Toshqulov, transport vaziri Ilhom Mahkamov va Soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyevlar ham Mercedes-Benzʼdan voz kechib, Malibu’ga o‘tgan.

Yaqinda tayinlangan favqulodda vaziyatlar vaziri Botir Qudratxo‘jayev Traverse’da yurishi ma’lum qilindi.

Oliy sud raisi Baxtiyor Islamov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev ham Malibu’dan foydalanmoqda. Bu haqda ikkala tashkilot axborot xizmati rahbarlari Kun.uz’ga ma’lum qildi.

Bojxona qo‘mitasi raisi Akmalxo‘ja Mavlonov hozirga qadar xizmatda Mercedes-Benz rusumidagi avtomobillardan foydalangan bo‘lsa, endilikda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan BYD rusumidagi elektromobildan vaqtincha foydalanishga o‘tgan. Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, mazkur transport vositasi Malibu’ga alishtirilishi nazarda tutilgan.

Majburiy ijro byurosi direktori Muzaffar Egamberdiyev esa, uning axborot xizmatiga ko‘ra, oldindan Gentra avtomobilidan foydalanib kelmoqda.

Kadastr agentligi direktori Farrux Po‘latov «anchadan beri» Malibu’da ekani ma’lum qilindi.

Ma’lumot uchun, amaldorlar eng ko‘p o‘tayotgan Malibu avtomobilining rasmiy dilerdagi narxi 375 million so‘mdan, Traverse’ning chegirmadagi narxi esa 657 million so‘mdan boshlanadi. Tahoe esa ancha-muncha xorijiy avtomobillardan qimmatroq – 1 milliard 109 million so‘mdan boshlanadi.

Mavzuga oid