O‘zbekiston | 21:38 / 12.03.2025
1544
6 daqiqa o‘qiladi

12 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Tanqislashib qolgan «pampers»lar, «inomarkalar»dan voz kechayotgan rahbarlar, Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi va bezorilikda ayblanib qamoqqa olingan Vallomov — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda «pampers» tanqisligi kuzatila boshlandi

O‘zbekistonda gigiyenik taglik va prokladkalar importi keskin pasaydi. 2025 yilning yanvar-fevral oylarida bu mahsulotlar importi 2112 tonnani tashkil etdi, bu esa 2024 yilning shu davriga nisbatan 1,8 barobarga kam. Qiymat jihatdan esa import 2,7 barobarga qisqarib, 5,6 mln dollarga tushgan.

Kun.uz bu holatga e’tibor qaratishiga ijtimoiy tarmoqlarda bolalar tagligi uchun sertifikat joriy etilgani va import tagliklarga sertifikat berilmayotgani haqida tarqalgan mish-mish sabab bo‘ldi. Majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan va xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar sirasiga bolalar so‘rg‘ichi, turli kiyimlar, tagliklar, quloq tozalaydigan paxtali cho‘plar va hokazo mahsulotlar ham kiritilgani ma’lum bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, 2023 yilda O‘zbekistonga ayollar va bolalar gigiyenik vositalari importi 102,8 mln dollarga yetgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 86,9 mln dollarga tushgan.

Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Fransiyada

Shavkat Mirziyoyev Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan Parijga davlat tashrifi bilan bordi. Prezidentni Fransiyada istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar iliq kutib olib, u bilan samimiy suhbatlashdi.

Tashrif doirasida Yelisey saroyida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda alohida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Shuningdek, Mirziyoyev BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti (YuNeSKO) bosh direktori Odri Azule bilan uchrashib, hamkorlikni yanada rivojlantirish va Samarqandda o‘tadigan YuNeSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik masalalarini muhokama qildi.

YuNeSKOning ushbu sessiyasi tashkilotning tarixida Parijdan tashqarida o‘tadigan ilk tadbiri bo‘lib, bu tashkilotning 80 yillik yubileyiga to‘g‘ri keladi. Odri Azule O‘zbekiston bilan hamkorlikni yuqori baholab, tadbirga keng ko‘lamli tayyorgarlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Amaldorlar mahalliy xizmat mashinalariga o‘tmoqda

O‘zbekistonda davlat amaldorlari xizmat avtomobillarini mahalliy modellarga almashtirmoqda. Prezident topshirig‘iga amal qilgan holda bosh vazir Abdulla Aripov Mercedes-Benz o‘rniga Chevrolet Malibu’dan foydalana boshladi.

Hukumat rahbari barcha amaldorlarga xorijda ishlab chiqarilgan xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatish buyrug‘ini bergan. Barcha vazirlik va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari mahalliy avtomobillarga o‘tgan. Ilgari amaldorlar foydalangan chet el mashinalari E-auksion platformasida sotiladi.

Viloyat hokimlari uchun esa Tahoe va Traverse xizmat mashinalari ajratilgan. Hukumat bu o‘zgarishni milliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va davlat xarajatlarini qisqartirish maqsadida amalga oshirayotganini bildirmoqda.

Farg‘onada bezorilik qilgan Vallomov qamoqqa olindi

Farg‘onada jamoat tartibini buzgan va klub xodimlarini kaltaklagan Otabek Vallomov qamoqqa olindi. IIB ma’lumotiga ko‘ra, u besh nafar sherigi bilan «Verona» klubida janjal chiqarib, xodimlarga tan jarohati yetkazgan.

Tergov xulosasiga ko‘ra, Vallomov va sheriklari jamoat tartibini qasddan buzib, ikki nafar xodimga zo‘ravonlik qo‘llagan. Ularning harakatlari Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan og‘ir shikast yetkazish) va 277-moddasi (bezorilik) bilan baholanmoqda.

Hozirda Vallomov qamoqqa olingan, sheriklari bo‘yicha tergov davom etmoqda. IIB jabrlangan fuqarolarga murojaat uchun aloqa raqamlarini e’lon qildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, janjal davomida Vallomov o‘zini tanishtirib, klubni sotib olishini aytgan. Hukumat organlari bu kabi bezorilik harakatlariga qarshi qat’iy chora ko‘rishini ta’kidladi.

O‘zbekiston aholisi bir asr avvalgidan 8,5 barobar ko‘proq

O‘zbekiston aholisi bir asr oldingiga nisbatan keskin ko‘paygan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 1920 yilda mamlakatda 4,4 mln kishi istiqomat qilgan bo‘lsa, 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra bu raqam 37,5 mln kishiga yetdi.

O‘n yilliklar kesimiga e’tibor qilinadigan bo‘lsa, 1930 yilda 4,9 mln, 1940 yilda 6,6 mln, 1950 yilda 6,2 mln, 1960 yilda 8,4 mln, 1970 yilda 11,8 mln, 1980 yilda 15,8 mln, 1990 yilda 20,2 mln, 2000 yilda 24,5 mln, 2020 yilda esa 33,9 mln kishi qayd etilgan. Raqamlardan faqat Ikkinchi jahon urushi davrida mamlakat aholisi soni kamayganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Mustaqillik yillarida mamlakat aholisi qariyb ikki barobar ko‘paygan, birgina XXI asrning o‘zida mamlakat aholisi 13 mln kishiga oshgan. Demografik o‘sish tug‘ilish darajasining yuqoriligi, hayot darajasining yaxshilanishi va iqtisodiy rivojlanish bilan bog‘liq ekani ta’kidlanmoqda.

Mavzuga oid