O‘zbekiston | 21:22 / 05.03.2025
5144
5 daqiqa o‘qiladi

5 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Hududlarni sektorlarga bo‘lib boshqarish tugatilmoqda, korrupsiyaning ildiziga aylanayotgan hashamat, davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun taqdiri va tezlik cheklovlaridagi xatolik oshirilishi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

Hududlarda sektor tizimi tugatildi

Prezident hududlarni sektorlarga bo‘lib boshqarish tizimini bekor qildi. Bu tizim 2016 yilda joriy etilib, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishda muhim rol o‘ynagan.

Biroq so‘nggi yillarda prokuror, ichki ishlar va soliq idoralari rahbarlari sektor tizimini bahona qilib, sohalardagi asosiy ishlarni susaytirgani tanqid qilindi.

Tumanlarda profilaktika inspektorlari ish boshlagan, ammo ichki ishlar bo‘limlari yangi tizimda samarali ish olib bormayotgani ta’kidlandi. Soliq idoralari mahallalarda faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda jiddiy kamchiliklar aniqlandi.

Bundan buyon sektorlar faoliyati bilan prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralari emas, bosh vazir o‘rinbosarlari shug‘ullanadi.

Prezident jinoyatchilikka qarshi choralar kuchaytirilishini ta’kidlab, hududiy xavfsizlikni ta’minlashda hokimlar shaxsan mas’ul ekanini bildirdi. Shuningdek, vazir va hokimlar lavozimga tayinlanishdan oldin korrupsiyaga qarshi kurashish rejasini parlament va mahalliy kengashlarda himoya qilishi talab etiladi.

«Ortiqcha hashamat — korrupsiya ildizi»

Prezident amaldorlarning hashamatga intilishini korrupsiyaning ildizi deb atadi va bu borada jiddiy choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.

U 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida rahbarlardan kamtarlik namunasi bo‘lishni talab qildi.

Prezident fikriga ko‘ra, korrupsiyaga qarshi kurashni yosh avlod ongiga halollikni singdirishdan boshlash kerak. Maktab va oliygohlarda yoshlarni halollik va adolat ruhida tarbiyalash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, nodavlat tashkilotlar korrupsiyaga qarshi monitoring ishlariga jalb qilinadi.

Hukumat bu maqsadda har yili 10 milliard so‘m ajratishni rejalashtirmoqda. Prezident rahbarlar va jamoatchilikni korrupsiyaga qarshi kurashda faol bo‘lishga chaqirdi.

Amaldorlarning daromadi qachon deklaratsiyalanadi?

Prezident davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti kelganini ma’lum qildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yig‘ilishda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish va 1 aprelgacha parlamentga kiritish topshirildi.

Shuningdek, noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlikni kuchaytirish taklif qilindi. Davlat xizmatchilari o‘z mol-mulkining qonuniy manbasini isbotlashi shart bo‘ladi. Milliy kengash va parlament korrupsiyaga qarshi xalqaro andozalarga mos takliflar tayyorlashi zarur.

Prezident kadrlarni tanlashda bilim va natijalarni asosiy mezon etib belgilash kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi profilaktika, fosh etilgan jinoyatlar uchun rag‘batlantirish mexanizmlarini qamrab olgan yangi qonun ishlab chiqiladi.

Toshkent viloyatiga yangi prokuror, poytaxt IIBBga yangi rahbar tayinlandi

Toshkent viloyati prokurori lavozimiga adliya katta maslahatchisi Azamat Mirzayev tayinlandi.

U 2023 yil noyabridan buyon Navoiy viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan. Viloyat prokurori lavozimi so‘nggi yarim yildan beri bo‘sh edi, uning vazifalarini birinchi o‘rinbosar Abduqahhor Mullajonov bajarib kelgan.

Shuningdek, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Polkovnik Ravshan Sultonxo‘jayev Ichki ishlar vazirining buyrug‘i bilan IIBB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

U avval Xorazm viloyati IIB boshlig‘i hamda 2021 yilda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan.

Yo‘l tezligi cheklovlaridagi xatolik miqdori oshiriladimi?

O‘zbekistonda transport vositalari tezligini qayd etishdagi xatolik miqdorini +5 km/h dan +10 km/hʼgacha oshirish taklif qilinmoqda.

Agar bu loyiha qabul qilinsa, haydovchilar tezlik 60 km/h bilan chegaralangan shahar hududlarida soatiga 70 km tezlikda harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov imzolagan hujjatga ko‘ra, bu boradagi normativ hujjat tayyorlangan. Shuningdek, yo‘l chiziqlariga oid qoidabuzarliklar aniqlanadigan hududlar Shaharsozlik me’yorlari va qoidalari hamda Davlat standartlari talablariga mos kelishi kerakligi belgilandi.

Loyihaga ko‘ra, 2025 yil 1 mayga qadar Ichki ishlar vazirligi barcha foto va video qayd etish tizimlarini rivojlantirish, davlat standartlarini ishlab chiqish va barcha qurilmalarni testdan o‘tkazishni o‘z ichiga olgan reja tayyorlashi ko‘zda tutilgan.

Mavzuga oid