Jahon | 11:01
3275
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Kurdiston ishchilar partiyasi tarafdorlarini qurollarini tashlashga chaqirdi

Kurdiston ishchilar partiyasi 1 mart kuni Turkiya bilan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishini e’lon qildi, biroq KIPga aloqador qator guruhlar qurollarini tashlashdan bosh tortdi.

Foto: Orhan Qereman/REUTERS

Turkiya Milliy harakat partiyasi (MHP) raisi Devlet Baxcheli Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) Turkiya bilan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatganini e’lon qilganidan so‘ng, partiyaga aloqador guruhlarni zo‘ravonlikdan voz kechishga chaqirdi. «YPG (Kurd xalq himoyasi birliklari) va shunga o‘xshash terrorchi tashkilotlarning bu chaqiriq ularga tegishli emasligini aytishi tashkilot rahbariyatiga mutlaqo ziddir», — deya AFP 9 mart, yakshanba kuni Baxchelidan iqtibos keltiradi.

Turkiyaga qarshi 40 yildan ortiq kurash olib borgan KIPning qurolsizlanishi

Taqiqlangan Kurdiston ishchilar partiyasi (KIP) Turkiya qamoqxonasida saqlanayotgan partiya yetakchisi Abdulla O‘jalanning tinchlikka chaqirig‘i ortidan 1 mart kuni Turkiya bilan zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishini e’lon qildi.

KIP qurolsizlanish faqat O‘jalan rahbarligida bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab, uning ozod etilishiga umid bildirdi. Bundan tashqari, tashkilot mojaroni muvaffaqiyatli hal etish uchun siyosiy va demokratik shart-sharoitlar yaratish zarurligini ta’kidladi. Turkiya hukumati, o‘z navbatida, KIP bilan muzokaralar olib bormasligini ta’kidlab, barcha, jumladan, Iroq va Suriyadagi kurd guruhlaridan qurollarni tashlashni talab qildi.

Anqara KIPning tarmog‘i deb hisoblagan Suriya demokratik kuchlari (SDF) O‘jalanning chaqirig‘ini olqishladi, ammo bu SDF jangchilariga taalluqli emasligini ta’kidladi.

O‘jalanning chaqirig‘i

1999 yildan beri Imrali orolidagi qamoqxonada deyarli izolyatsiyada saqlanayotgan Abdulla O‘jalan 27 fevral kuni tarixiy bayonot berib, tarafdorlarini Turkiya davlatiga qarshi 40 yildan ortiq davom etgan kurashdan so‘ng qurollarini tashlab, KIPni tarqatib yuborishga chaqirdi. Bu harakat 40 mingdan ortiq odamning o‘limiga sabab bo‘lgan mojaroda tinchlikka yo‘l ochishga qaratilgan edi.

O‘jalanning chaqirig‘ini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning milliy-konservativ hukumati ham, O‘jalanning vositachisi sifatida ishlagan kurdparast Dem Parti muxolifat partiyasi ham qo‘llab-quvvatladi. Erdo‘g‘anning ittifoqchilaridan biri kutilmaganda O‘jalanga 2024 yil oktyabr oyida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirishni taklif qildi. Shundan so‘ng, Dem Parti vakillari sud jarayonini muhokama qilish uchun bir necha marta qamoqxonada O‘jalan bilan ko‘rishishdi.

Mavzuga oid