Checheniston rasmiylari Telegramʼni blokdan chiqarishga chaqirdi
Matbuot va axborot vaziri Ahmed Dudayevning ta’kidlashicha, Checheniston - Rossiyaning eng xavfsiz mintaqalaridan biri. Respublika aholisi boshqalar kabi axborot olish va tarqatish huquqiga ega.

Foto: Getty images
Checheniston hukumati mintaqada Telegram messenjerining bloklanishiga oid qarorni qayta ko‘rib chiqishni tavsiya qildi. Bu haqda 10 mart kuni milliy siyosat, tashqi aloqalar, matbuot va axborot vaziri Ahmed Dudayev o‘zining Telegram kanaliga yozib qoldirdi.
U mintaqada messenjerning bloklanishini «mutlaqo asossiz» deb atadi. «Agar bu noxolis munosabat bo‘lmasa, Checheniston Respublikasi tanlangani nima bilan asoslanadi? Chechenistondagi vaziyat Rossiyaning boshqa sub’yektlaridan nimasi bilan farq qiladi? Respublikamizda mamlakatning boshqa mintaqalarida yo‘q bo‘lgan axborot tahdidi bormi?» — deydi vazir.
«Ayrim provokatorlar faoliyati tufayli har qanday platformani blokirovka qilish ratsional emas», — deya hisoblaydi Dudayev. Uning ta’kidlashicha, blokirovka qilish o‘rniga «ushbu platformada bunday hodisalarga qarshi kurashish strategiyasini ishlab chiqish» kerak (u qanday hodisalar haqida gap ketayotganiga oydinlik kiritmagan). Dudayevning qo‘shimcha qilishicha, Checheniston — «Rossiyadagi eng xavfsiz mintaqalardan biri».
«Mintaqa aholisi yurtimizning boshqa fuqarolari kabi axborot olish va tarqatish huquqiga ega ekanini inobatga olgan holda, ushbu qarorni qayta ko‘rib chiqishga chaqiramiz», — deydi vazir.
Telegram messenjeri 2024 yil oktyabrdan beri Checheniston, Dog‘iston va Ingushetiyada bloklangan. 8 mart kuni Dog‘iston raqamli rivojlanish vaziri Yuriy Hamzatov bunga e’tibor qaratgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bloklash bo‘yicha qaror «federal darajada qabul qilingan».
Mavzuga oid

17:22 / 09.03.2025
Checheniston va Dog‘istonda Telegram bloklandi

20:32 / 07.03.2025
Telegram ilovasida xavfli zaiflik aniqlandi

22:44 / 27.02.2025
Ramzan Qodirovning qizi Checheniston bosh vaziri o‘rinbosarligidan ketdi

01:05 / 06.02.2025