Jahon | 12:42 / 08.03.2025
1826
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyaning «soyadagi» floti operatorining sof foydasi ikki baravar kamaydi

Rossiyaning eng yirik yuk tashish kompaniyalaridan biri «Sovkomflot»ning 2024 yildagi sof foydasi G‘arb sanksiyalari tufayli 2023 yildagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 2,2 baravarga kamaydi.

Foto: Frank Molter/dpa/picture alliance

Rossiyaning eng yirik yuk tashish kompaniyalaridan biri «Sovkomflot»ning 2024 yildagi sof foydasi 2023 yildagi (943 million dollar, 870 million yevro) ko‘rsatkichlariga nisbatan 2,2 baravar kamayib, 424 million dollarni (391 million yevro) tashkil etdi. Bu haqda 7 mart, juma kuni e’lon qilingan yil yakunlari bo‘yicha konsolidatsiyalangan moliyaviy hisobotda aytiladi.

EBITDA ko‘rsatkichi (soliqlar va boshqa xarajatlardan oldin) bir yil oldingi 1,574 milliard dollar (1,451 milliard yevro)ga nisbatan 1,041 milliard dollarni (960 million yevro) tashkil etdi.

OAV xabarlariga ko‘ra, kompaniya Rossiya Federatsiyasining «soyadagi» flotining operatori hisoblanadi.

Operator faoliyatiga geosiyosiy omillar va G‘arb sanksiyalari ta’sir ko‘rsatdi, deya ta’kidladi «Sovkomflot». «AQSh Moliya vazirligining hisobot sanasidan keyin kiritilgan yangi keng ko‘lamli sanksiyalari kompaniya faoliyatida qo‘shimcha cheklovchi omil bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qilindi.

«Sovkomflot» aksiyalari birjada arzonlashdi

«Interfaks» agentligining 7 mart kuni xabar berishicha, «Sovkomflot» aksiyalari narxi Moskva birjasida asosiy savdo sessiyasi boshlanishida 2 foizga pasayib, har bir aksiya uchun 94,17 rublni tashkil qildi.

The Moscow Times nashrining yanvar oyi o‘rtalaridagi hisob-kitoblariga ko‘ra, AQShning yangi sanksiyalari Rossiyaning «soyadagi» flotidagi 3,5 milliard dollardan (3,2 milliard yevro) ortiq neft tashuvchi tankerlarning qariyb o‘ndan bir qismining to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi.

Nashr Lloyd's List Intelligence hisob-kitobiga asoslangan. Unga ko‘ra, Rossiya soyadagi flotining umumiy hajmi deyarli 670 ta kemani tashkil qilgan. Shu bilan birga, Reuters agentligining xabar berishicha, 13 yanvar holatiga ko‘ra, Rossiya neftini olib ketayotgan kamida 65 tanker Xitoy va boshqa mamlakatlar portlariga kira olmagan.

Mavzuga oid