Jahon | 21:16 / 05.03.2025
4538
5 daqiqa o‘qiladi

Yevropaga o‘z mustaqil mudofaa tizimini qurish uchun kamida 10 yil kerak - The Economist

Germaniyaning yangi yetakchisi Fridrix Mersning ta’biri bilan aytganda, mintaqa davlatlari ulgurib qolishi kerak bo‘lgan vaqt tugab boryapti: “Yevropa uchun soat 24:00 bo‘lishiga 5 daqiqa qoldi”.

Foto: Getty Images

Ukrainadagi keskin vaziyat va AQShning NATOga bo‘lgan munosabati Yevropani og‘ir siyosiy tanlov oldida qoldirmoqda. Donald Tramp rahbarligida Vashington o‘z ittifoqchilaridan tobora uzoqlashib bormoqda va bu Yevropani Rossiyaga qarshi mustaqil himoyalanish imkoniyatini o‘rganishga majbur qilyapti.

Germaniyaning yangi yetakchisi Fridrix Mers yaqinda shov-shuvga sabab bo‘lgan bayonotida NATOning 2025 yil yozigacha saqlanib qolishiga shubha bildirdi. Bu gap AQShning BMTda yevropalik ittifoqchilaridan yuz o‘girib, Rossiya va Shimoliy Koreya tomonda turib ovoz bergan kunning ertasiga aytildi, deb yozadi The Economist.

Yevropa Ittifoqi 80 yildan beri AQShning harbiy himoyasiga tayanib kelgan. Trampning Oq uyga kelib, uzoq yillik transatlantik munosabatlar mo‘rtlashib qolishi bilan, Yevropa mamlakatlari o‘z mudofaa strategiyasini qayta ko‘rib chiqmoqda.

Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainadagi muhim shaharlar va infratuzilmani himoya qilish uchun harbiy kuch jo‘natishni muhokama qilmoqda. Bu qo‘shinlar jangda qatnashmasligi, balki potensial tinchlik kelishuvini nazorat qilishi ko‘zda tutilyapti. Lekin bu boradagi muhokamalar Yevropaning xavfsizligi borasida bir nechta jiddiy muammolarni ochib bermoqda.

Rossiya va Ukrainaning harbiy kuchlari umumiy hisobda 230 ta brigadadan iborat bo‘lsa, ko‘plab Yevropa davlatlari hatto bitta to‘liq jangovar shay holatdagi brigadani shakllantira olmaydi. Masalaning murakkab tomoni – hozirgi sharoitda Yevropa armiyalarining NATO kuchlari bilan juda bog‘liqligi. Ukrainaga harbiy jo‘natish ittifoqning boshqa hududlarida mudofaani zaiflashtirishi mumkin.

Asosiy muammo esa – texnik ta’minot. Yevropa mustaqil mudofaaga o‘tgan taqdirda ham, AQSh razvedkasi, havo himoya tizimi va strategik qo‘lloviga muhtojligicha qolaveradi.

Avtonom mudofaa qurish yo‘lidagi eng katta to‘siq – mablag‘. NATOning hozirgi mudofaa qobiliyatini saqlab qolish uchun Yevropa davlatlari o‘z mudofaa xarajatlarini YaIMning 3 foizigacha ko‘tarishi kerak. Britaniya hukumati 2027 yilga borib mudofaa budjeti YaIMning 2,5 foiziga yetkazilishini e’lon qildi, lekin bu ham yetarli bo‘lmasligi mumkin. NATOning yangi bosh kotibi Mark Ryutte ayrim a’zo davlatlarga 3,7 foizlik xarajat maqsadini belgilashni tavsiya qilmoqda, ba’zi tahlilchilar esa harbiy mustaqillik uchun 4 foiz va undan yuqori sarmoya zarur deb hisoblamoqda.

Og‘ir masalalardan yana biri – yadroviy qurollar. Yevropa hozirgacha AQShning yadroviy himoyasiga ishonib keladi. Agar Vashington NATOdan voz kechsa, Yevropaning yadroviy mudofaasi zaif holatda qolishi mumkin. Germaniya yetakchisi Fridrix Mers kollektiv Yevropa yadroviy dasturini taklif etdi, lekin bu oson ish emas. Buyuk Britaniya va Fransiya umumiy hisobda 400 ta yadroviy kallakka ega, Rossiyada esa ularning soni 1 700 ta. Shu tariqa, AQShning yadroviy himoyasini yo‘qotish Yevropaga jiddiy xavf tug‘diradi.

Harbiy mustaqillikni shakllantirish uchun Yevropaga 10 yil yoki undan ham ko‘proq vaqt kerak bo‘lishi mumkin. Qit’aning ba’zi davlatlari kuchli havo mudofaasi va zamonaviy qurollarga ega, lekin ular o‘rtasida muvofiqlashtirish va yagona strategik boshqaruv yo‘q. Uzoq davom etadigan harbiy kampaniyalar uchun qurollar zaxirasi yetarli emas.

Narigi tomonda esa, Rossiya so‘nggi yillarda Shimoliy Koreya va Xitoy bilan hamkorligini kuchaytirib, hatto sanksiyalar sharoitida ham urush olib bora olish qobiliyatini ko‘rsatdi.

Fridrix Mersning ta’biri bilan aytganda, Yevropa ulgurib qolishi kerak bo‘lgan vaqt tugab boryapti. “Yevropa uchun soat 24:00 bo‘lishiga 5 daqiqa qoldi”, deydi u. Agar NATO zaiflashsa yoki qulasa, mintaqa o‘zini o‘zi himoya qila olishi kerak, hozir esa ko‘hna qit’ani bunga tayyor deb bo‘lmaydi.

Mavzuga oid