Jahon | 21:19 / 05.03.2025
7727
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy Ukrainaga harbiy yordamni qayta tiklash shartini ma’lum qildi

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts bu haqda ma’lumot berdi.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp tinchlik muzokaralari o‘tkazilsa va «ishonchni mustahkamlash choralari ko‘rilsa» Ukrainaga harbiy yordamni qayta tiklash masalasini ko‘rib chiqadi. Bu haqda Oq uyning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts ma’lum qildi, deb xabar berdi Reuters.

«O‘ylaymanki, agar biz muzokaralarga harakat qilib, ularni yakunlay olsak va haqiqatan ham ishonchni mustahkamlash bo‘yicha ba’zi choralarni ko‘ra olsak, prezident bu pauzani olib tashlashga e’tibor qaratadi», dedi Uolts.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukraina bilan muzokaralar uchun uchrashuv joyi va sanasini muhokama qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Tramp 3 mart kuni Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatgan edi. AQSh prezidenti 4 mart kuni Kongressga murojaati chog‘ida Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiydan muzokaralar stoliga o‘tirishga tayyorligini bildiruvchi maktub olganini aytdi. Uolts so‘zlariga ko‘ra, maktub «yaxshi, ijobiy birinchi qadam» bo‘ldi.

«Biz allaqachon ishonchni mustahkamlash choralari haqida gapiryapmiz, keyin biz buni rossiyaliklar bilan birgalikda ko‘ramiz va u tomonni tekshiramiz», dedi u.

Bir kun avval Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Amerika yetakchisi Donald Tramp bilan 28 fevral kuni Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv «kutilganidek bo‘lmaganini» aytgan edi:

«Bu voqeaning sodir bo‘lgani juda achinarli. Hamma narsani to‘g‘rilash vaqti keldi. Biz kelajakdagi hamkorlik va muloqot konstruktiv bo‘lishini istardik», deb yozdi u.

Shu bilan birga, Zelenskiy Qo‘shma Shtatlar bilan foydali qazilmalar bo‘yicha kelishuv imzolashga va «urushni tezda tugatish uchun harakat qilishga» tayyorligini bildirdi.

Mavzuga oid