Jahon | 18:41 / 05.03.2025
3085
3 daqiqa o‘qiladi

KXDR o‘zining birinchi razvedkachi samolyotini yig‘ishni deyarli yakunlagani ma’lum bo‘ldi

Sun’iy yo‘ldosh yordamida olingan suratlardan ko‘rish mumkinki, Shimoliy Koreya razvedkachi samolyotni yig‘ishda «Il-76» havo kemasidan foydalanmoqda.

Foto: AP

Shimoliy Koreya o‘zining birinchi uzoq masofali radiolokatsion aniqlash samolyotini yig‘ish ustidagi ishlarni yaqinlashga tayyor turibdi. Bu haqda KXDRni o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi 38 North xabar berdi.

Nashr Pxenyandagi Sunan aeroportining Airbus kompaniyasiga tegishli Pleiades Neo sun’iy yo‘ldosh tizimlari yordamida olingan suratlarini e’lon qildi. Suratda fyuzelyajning yuqori qismiga o‘rnatilgan radiolokatsion stansiya antennalariga ega «Il-76» samolyotini ko‘rish mumkin.

Suratlarda ko‘zga tashlangan oq uchburchakni Xitoyning radiolokatsion razvedka samolyotlarida uchratish mumkin. «Uchburchak ishonchi dalil bo‘la olmasa-da, bu Xitoy tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov yoki ta’sirni ko‘rsatishi mumkin», — deyiladi xabarda.

Nashr KXDRda birinchi razvedkachi samolyotning paydo bo‘lishini «uzoq yillardan beri yangi havo kemasini olmagan harbiy-havo kuchlari uchun muhim yangilanish» deb atadi.

Shimoliy Koreya o‘zining birinchi razvedka samolyoti uchun asos sifatida Air Koryo aviakompaniyasi yuk tashishda foydalangan «Il-76»ni olgan. Samolyot 2023 yil oktyabrda texnik xizmat ko‘rsatish markaziga o‘tkazilgan, shuningdek, keyin fyuzelyajning yuqori qismini qayta jihozlash boshlangandi.

Seuldago Korea Defence Study Forum tahliliy markazi rahbari Chon Chon Ukning ma’lum qilishicha, razvedkachi samolyot KXDRga havo kemalarini aniqlash va ularning harakatini kuzatish, boshqa harbiy obektlarni topish va olingan ma’lumotlarni yerdagi markazlarga uzatish imkonini beradi.

Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, KXDRga Janubiy Koreyani kun-u tun kuzatish uchun kamida to‘rtta razvedkachi samolyot kerak bo‘ladi. Chon Chan Ukning qo‘shimcha qilishicha, Janubiy Koreyada bu turdagi samolyotlardan to‘rtta bor va ular yana to‘rtta sotib olishni rejalashtirmoqda.

Shimoliy Koreya 2023 yil noyabrda o‘zining birinchi «Manrigyon-1» razvedka sun’iy yo‘ldoshi orbitaga muvaffaqiyatli uchirilganini e’lon qilgandi. Pxenyan bayonotiga ko‘ra, u Amerika va Janubiy Koreya qo‘shinlarining harakatini kuzatishga mo‘ljallangan. KXDRning qayd etishicha, sun’iy yo‘ldosh Oq uy, Pentagon va AQShdagi boshqa qator harbiy obektlarni suratga olgan. Shu bilan birga, ekspertlar razvedkachi samolyot imkoniyatlariga shubha bilan qaramoqda.

Mavzuga oid