Jahon | 17:35 / 27.02.2025
10470
2 daqiqa o‘qiladi

Shimoliy Koreya Rossiyaga qo‘shimcha qo‘shin yubordi

KXDR harbiylari Kursk oblastidagi janglarga jalb etilishi kutilmoqda.

Foto: Getty images

KXDR hukumati Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarga ishtirok etishi uchun Rossiyaga qo‘shimcha qo‘shin yubordi, deb yozmoqda Reuters.

RFga yuborilgan KXDR harbiylari Kursk oblastidagi janglarga qatnashishi kutilmoqda. Agentlik Rossiyaga yuborilgan Shimoliy Koreya harbiylarining soniga aniqlik kiritmagan. Janubiy Koreyaning The JoongAng nashriga ko‘ra, KXDRdan Rossiyaga 1000 nafardan 3000 nafargacha harbiy kelgan.

Janubiy Koreya razvedkasi agentlik so‘roviga rasman izoh bermagan.

Avvalroq The New York Times AQSh Mudofaa vazirligidagi yuqori martabali vakillarga tayanib, Shimoliy Koreya Rossiyaga qo‘shimcha kuch yuborishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

Rossiyaga o‘tgan yilning oktyabrida 10-12 ming Shimoliy Koreya harbiylari kelgan bo‘lib, ular Kursk oblasti janglarida ishtirok etgan. Ukraina tomoni versiyasiga ko‘ra, KXDR qo‘shinlari katta yo‘qotishlarga uchragan (4 ming kishi o‘ldirilgan va yaralangan). Yanvar boshlarida Shimoliy Koreya qo‘shinlari janglar zonasidan olib ketilgan, ammo fevral o‘rtalarida KXDR harbiylari yana Kursk oblastida paydo bo‘lgandi.

Mavzuga oid