O‘zbekiston | 21:10 / 04.03.2025
5363
6 daqiqa o‘qiladi

4 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

O‘zbekistonda bloklanayotgan TEMU marketpleysi, Navoiyda tug‘ib qo‘ygan 8-sinf o‘quvchisi, 9 yoshli qizga shilqimlik qilgan to‘garak rahbari va vakolatlari kengayayotgan «departament» — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekistonda Temu platformasi cheklanadi

O‘zbekiston hukumati 20 martdan Temu elektron savdo platformasi faoliyatini cheklash haqida qaror qabul qildi. Soliq qo‘mitasi fuqarolarga bugungi kundan boshlab platforma orqali buyurtma bermaslikni tavsiya qildi.

Qarorga asosan, xorijiy elektron savdo platformalari O‘zbekistonda faoliyat yuritish uchun mahalliy yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi kerak. Tekshiruvlar Temu bir nechta qonun hujjatlariga, jumladan, elektron tijorat, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi talablariga rioya qilmaganini ko‘rsatgan.

Soliq qo‘mitasi Temu orqali amalga oshirilgan oldingi buyurtmalarni qaytarish uchun platformadan foydalanish mumkinligini ma’lum qildi. Fuqarolarga shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash uchun ehtiyotkorlik choralarini ko‘rish tavsiya etilmoqda.

9 yoshli qizga shilqimlik qilgan o‘qituvchi qamaldi

Toshkentda rassomchilik to‘garagi o‘qituvchisi 9 yoshli o‘quvchiga nisbatan shahvoniy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, 24 yoshli D.M. qizchani quchoqlab, ko‘kraklari va qo‘llarini ushlagan.

Jabrlanuvchining onasi ushbu holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga murojaat qilgan. Sudda aybdor o‘z aybini tan oldi va harakatlari boshqa takrorlanmasligini bildirdi. Sud uni Ma’muriy javobgarlik kodeksining 41-1-moddasi bo‘yicha javobgarlikka tortib, 5 sutka qamoq jazosi tayinladi.

Bolalar ombudsmani mazkur qaror bola manfaatlariga mos emasligini bildirib, Toshkent shahar prokuraturasiga apellyatsiya tartibida protest kiritish uchun iltimosnoma yubordi.

Navoiyda 8-sinf o‘quvchisi tug‘ib qo‘ydi

Navoiy viloyati Karmana tumanining 15-maktabida 8-sinf o‘quvchisi ona bo‘ldi. Maktab rahbariyati bu holatni tasdiqladi, hozirda prokuratura tekshiruv o‘tkazmoqda.

Kun.uz ma’lumotiga ko‘ra, o‘quvchi qizning maktabga kelish davomatini nazorat qilmagan, u maktabga kelmagan bo‘lsa ham o‘qituvchilarga uni baholab borishni buyurgan maktab direktori Yulduz O‘roqovaning ishda qolish-qolmasligi ko‘rib chiqilmoqda.

Achinarlisi, xuddi shu maktabda o‘tgan yili ham erta tug‘uruq holati qayd etilgan. O‘shanda 10-sinf o‘quvchisi ona bo‘lgan, hozirda u 11-sinfda o‘qishni davom ettirmoqda.

Samarqandda 9-sinf o‘quvchisi Zulfiya mukofotini oldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli qizlarni «Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti» bilan taqdirlash to‘g‘risida qaror imzoladi.

Mukofot Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi komissiya taklifiga asosan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan iste’dodli va tashabbuskor qizlarga topshirildi. Ular ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va axborot texnologiyalari sohalaridagi muvaffaqiyatlari uchun munosib ko‘rildi.

Zulfiya mukofoti a’lo xulq, zukkolik va jamoatchilik faoliyatidagi yuqori natijalar bilan e’tirofga sazovor bo‘lgan qizlarga beriladi.

Mukofotlangan xotin-qizlar ichida eng yoshi, shaxmat bo‘yicha ayollar o‘rtasida jahon chempioni — Samarqand viloyati Samarqand shahridagi 42-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Afro‘za Xamdamova bo‘lib turibdi.

Departament vakolatlari kengaytirilmoqda

Prezident iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qonunni imzoladi. Hujjatga ko‘ra, Bosh prokuratura huzuridagi departament tergovchilari endi ayrim jinoyat ishlari bo‘yicha dastlabki tergovni amalga oshiradi.

Jumladan, valuta qoidabuzarliklari, soliq to‘lovlaridan bo‘yin tovlash, noqonuniy alkogol va tamaki mahsulotlari aylanmasi hamda xavfli tovarlarni ishlab chiqarish va tarqatish kabi jinoyatlar ushbu tuzilma tomonidan tergov qilinadi.

Shuningdek, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi davlat budjeti xarajatlari, kreditlar va subsidiyalardan maqsadli foydalanish, diplomatik muassasalar mablag‘lari, pensiyalar va davlat xaridlarining to‘g‘ri boshqarilishini nazorat qiladi.

Texnik reglamentlarni ishlab chiqish tartibi tasdiqlandi

Vazirlar Mahkamasi texnik reglamentlarni ishlab chiqish, tasdiqlash va o‘zgartirish tartibini belgilovchi nizomni tasdiqladi.

Respublika ijro hokimiyati organlari va xo‘jalik birlashmalari har yili 1 noyabrga qadar manfaatdor tomonlarning takliflari asosida texnik reglamentlar loyihasini O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga taqdim etadi. Agentlik bu takliflar asosida 30 ish kuni ichida Vazirlar Mahkamasiga dastur loyihasini kiritadi.

Tasdiqlangan nizomga ko‘ra, texnik reglamentlarning tuzilishi, ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish, ma’lumotlar bazasini shakllantirish va ularni o‘zgartirish tartibi belgilandi.  

Mavzuga oid