Jahon | 22:38 / 17.02.2025
11444
9 daqiqa o‘qiladi

«Tarixdagi eng katta qalloblik» - Argentina prezidenti Xaver Miley firibgarlikda ayblanmoqda

Avvalroq, Miley ijtimoiy tarmoqlarda $LIBRA memkoinini reklama qildi, dastlab uning narxi keskin ko‘tarildi. So‘ngra Miley bu loyihadan o‘zini chetga oldi, oqibatda memkoin narxi quladi va ko‘plab odamlar iqtisodiy zarar ko‘rdi.

Foto: Pilar Olivares / Reuters

Argentinalik advokatlar Xonatan Baldiveso va Markos Selay mamlakat prezidenti Xaver Mileyni firibgarlikda ayblab, sudga berdi. Avvalroq, Miley ijtimoiy tarmoqlarda $LIBRA memkoinini reklama qilgan, dastlab uning narxi keskin ko‘tarilib, keyin qulagan, oqibatda ko‘plab odamlar iqtisodiy zarar ko‘rgan edi. AP xabariga ko‘ra, Baldiveso Argentina prezidentining harakatlari «sodir etilgan jinoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini» ta’kidlamoqda. Meduza mojaro tafsilotlarini keltirdi.

Memkoin (memecoin) nima? U asosiy qiymatga ega bo‘lmagan kriptovaluta, ko‘ngilxushlik va kursining o‘sishida pul ishlab qolish maqsadida yaratiladi. Ko‘pincha, bunday kriptovalutaning yaratuvchilari loyihani rivojlantirmoqchi emasligini oldindan e’lon qiladi, lekin foydalanuvchilar qisqa vaqt ichida yuzlab va minglab foiz foyda olish umidida bunday mem-tokenlarini sotib oladi.

Argentina prezidentining tvitidan so‘ng, $LIBRA memkoini narxi yarim soat ichida 1300 foizga ko‘tarildi, keyin pasayib ketdi

14 fevral kuni Xaver Miley X ijtimoiy tarmog‘ida $LIBRA kriptovalutasini reklama qiluvchi xabarni joylashtirdi. Mileyning ta’kidlashicha, «xususiy loyiha» «Argentinadagi kichik biznes va tadbirkorlarni moliyalashtirish orqali Argentina iqtisodiyotining o‘sishini rag‘batlantirish» uchun mo‘ljallangan. «Dunyo Argentinaga sarmoya kiritmoqchi. $LIBRA», deyiladi postda. Tvitda Vivalalibertadproject veb-saytiga havola mavjud bo‘lib, unda «Viva la libertad!» («Yashasin ozodlik!»), iborasi mavjud. Odatda Miley o‘z nutqlarini shu ibora bilan yakunlaydi.

Bir necha soat o‘tgach, Miley tvitni o‘chirib tashladi va shunday dedi: «Men loyiha tafsilotlarini bilmasdim va bilib olganimdan keyin uni targ‘ib qilishni davom ettirmaslikka qaror qildim». Shuningdek, Argentina prezidenti kriptovalutani ishga tushirgan xususiy kompaniya bilan «aloqasi umuman yo‘qligini» ta’kidladi.

$LIBRA tokeni yuqori tranzaksiya tezligi va past komissiya to‘lovlariga ega bo‘lgan Solana blokcheynida ishga tushirildi va bu uni memkoin treyderlari orasida mashhur qildi. Ishga tushirish vaqtida kriptovalutaning qiymati sezilarli darajada oshdi - yarim soat ichida 1300 foizga. Eng yuqori cho‘qqisida kriptovalutaning bozor qiymati 4,6 milliard dollarni tashkil etdi, ammo keyin narx keskin tushib ketdi, bu memkoinlar bilan tez-tez sodir bo‘ladigan hodisa. Investorlar millionlab zarar ko‘rdi. Memkoinning kapitalizatsiyasi 95 million dollarga tushib qoldi.

Kriptovalutaning ishga tushirilishi «global firibgarlik» deb ataldi. Argentina prezidenti ofisi tergov boshladi

Argentinalik iqtisodchilar va kriptovaluta ekspertlari $LIBRA memkoinining ishga tushirilishini Rug Pull firibgarligi deb atadi — bunda token egalari uni ishga tushirib, investorlarni tezkor jalb qiladi, keyin esa loyihadan voz kechib, daromadni tezda naqdlashtiradi.

Raqamli xavfsizlik bo‘yicha mutaxassis, moliyaviy piramidalarni fosh qilish bilan mashhur Xaver Smaldone $LIBRA memkoinining ishga tushirilishini «global firibgarlik» deb atadi. «Olingan foyda taxminan 107 million dollar ekanligi ma’lum bo‘ldi. Ehtimol bundan ham ko‘proq», dedi u.

Argentina prezidenti ma’muriyati 15 fevral kuni Xaver Miley kriptovalutani ishlab chiqishda ishtirok etmagani va chayqovchilikka yo‘l qo‘ymaslik, loyiha taraqqiyotini cheklash uchun tvitni o‘chirib tashlaganini aytdi.

«Prezident o‘zining shaxsiy akkauntlarida har kuni bo‘lganidek, Argentinada ish o‘rinlari yaratish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha loyihalarni yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ko‘plab tadbirkorlarni [rag‘batlantirib] KIP Protocol loyihasining ishga tushirilishi haqidagi xabar bilan o‘rtoqlashdi», deyiladi prezident devoni xabarida.

Prezident ma’muriyatining ta’kidlashicha, Miley ushbu holatni tergov qilish va «mamlakat hukumati a’zolari, jumladan, prezidentning o‘zida ham qonunbuzarlik bor-yo‘qligini aniqlash uchun» korrupsiyaga qarshi kurash departamentini zudlik bilan jalb qilgan.

U, shuningdek, $LIBRA kriptovalutasini ishga tushirish bo‘yicha «shoshilinch tekshiruv» o‘tkazish va ishtirok etganlarning barchasini aniqlash uchun prezident devonida tergov guruhini yaratishni buyurgan. «Tergov davomida to‘plangan barcha ma’lumotlar KIP Protocol loyihasi bilan bog‘liq bo‘lgan kompaniyalar yoki shaxslar tomonidan jinoyat sodir etilganligini aniqlash uchun adliya organlariga yuboriladi», deb ta’kidladi ma’muriyat. Shu bilan birga, Miley idorasi prezident va uning jamoasi a’zolari yaqinda Buenos-Ayresdagi prezident saroyida KIP Protocol vakillari bilan uchrashganini tan oldi.

Memkoin mualliflaridan biri Miley loyihadan hech narsa ishlab olmaganini da’vo qilmoqda

Kriptovaluta qulashidan so‘ng, memkoinning ishga tushirilishi uchun mas’ul bo‘lgan amerikalik tadbirkor va Kelsier Ventures rahbari Hayden Mark Devis Mileyning maslahatchisi ekanini va «u va uning jamoasi bilan Argentinada juda katta tokenizatsiyalar va haqiqatan ham ajoyib narsalar ustida ishlayotganini» aytdi. Devis memkoin qiymatining pasayishida Xaver Mileyni aybladi. «Avvalgi majburiyatlarga qaramay, Miley va uning jamoasi to‘satdan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirib, qo‘llab-quvvatlashdan voz kechdi va ijtimoiy tarmoqlardagi barcha oldingi xabarlarni o‘chirdi», dedi Devis.

Prezident ofisi Devisning «Argentina hukumati bilan hech qanday aloqasi yo‘q va bo‘lmaganini» aytdi. Shu bilan birga, Bloomberg xabariga ko‘ra, Miley yanvar oyida Devis bilan uchrashgan, chunki Kelsier Ventures rahbari $LIBRA uchun raqamli infratuzilmani yaratishda ishtirok etishi kerak edi. Miley loyiha haqida bir necha oy oldin bilgan. Ammo 15 fevral kuni Miley loyiha haqida hech narsa bilmasligini aytdi.

$LIBRA kriptovalutasi ishga tushirilishi tufayli zarar ko‘rganlar orasida investor va Barstool Spors kompaniyasi asoschisi Deyv Portnoy ham bor. U voqeani «tarixdagi eng katta firibgarlik» deb atadi, garchi u sarmoyasining bir qismini saqlab qolishga muvaffaq bo‘lsa ham. Portnoyning aytishicha, Devis uni loyihani ishga tushirishda ishtirok etishga chaqirgan, shuningdek, Mileydan intervyu olishni taklif qilgan. Portnoy Mileyning tvitidan so‘ng loyihaga sarmoya kiritgan. «Men uni xuddi ahmoq kabi sotib oldim. Miley tvit yozmaguncha, men hech narsa sotib olmagandim», dedi Portnoy.

Hayden Mark Devis $LIBRA memkoinining ishga tushirilishi Rug Pull firibgarligi ekanini rad etmoqda. «Men birinchi raqamli dushman bo‘lishni xohlamayman. Men bundan pul ishlamadim. Hayotim xavf ostida», dedi u. Shuningdek, Devis, «Miley bundan hech qanday pul topmagan», dedi. Uning ta’kidlashicha, Argentina prezidenti yaqinda televizion intervyu beradi va $LIBRA memkoinini qo‘llab-quvvatlaydi, shundan so‘ng uning narxi yana ko‘tarilishi mumkin. Devis so‘zlariga ko‘ra, loyiha ishtirokchilari orasida tadbirkor Manuel Terrones Godoy ham bor, u avvalroq raqamli investitsiya bo‘yicha firibgarlikda ayblangan.

Mileyning raqiblari impichmentni talab qilmoqda. Lekin, ehtimol, prezident hech qanday xavf ostida emas

Inqirozdan Xaver Mileyning siyosiy raqiblari foydalanishga urinmoqda. Avvalroq korrupsiyada ayblanib, 6 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan Argentinaning sobiq prezidenti Kristina Kirshner Mileyni «kripto firibgar» deb atadi. Fuqarolik koalitsiyasi partiyasi rahbari Maksimiliano Ferraro parlamentni tekshiruv o‘tkazishga va aybdorlarni aniqlashga chaqirdi. Ayrim siyosatchilar Mileyga impichment e’lon qilish bilan tahdid etmoqda, ammo Bloomberg yozganidek, parlament bunday qaror uchun ovoz berishi dargumon.

Miley kriptovaluta mojarosining jiddiy siyosiy oqibatlaridan omon qolishi mumkin, chunki Argentinada inflatsiya pasayib, ish haqi oshdi va iqtisodiyot o‘smoqda. So‘rovlarga ko‘ra, prezidentning reytingi bir necha oydan beri 47 foizni tashkil etyapti, Argentinadagi boshqa siyosiy kuchlar esa undan mashhurroq emas.

Mavzuga oid