Jahon | 12:43 / 02.03.2025
21350
11 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda hashamat solig‘i, Afg‘onistonda qimmat internet va Turkmanistonda taqchil yog‘ - Markaziy Osiyo hafta ichida

Yakuniga yetgan haftada Turkmaniston WhatsApp’ni blokdan chiqardi, viloyatlarda ham bu platforma VPN'siz ishlamoqda. Qozog‘istonda esa o‘ta boylarni 50%lik daromad solig‘iga tortish taklif qilinmoqda. Qirg‘izistonda aholidan kamroq elektr ishlatish iltimos qilindi. Tojikiston prezidenti xavotirga tushib, armiyani kuchaytirmoqchi. Afg‘onistonda esa qimmatlagan internetdan hamma norozi.

Hashamat solig‘i taklif qilinmoqda

 Qozog‘istonda o‘ta boy oilalar uchun alohida soliq qonunchiligini ishlab chiqish taklif qilinmoqda. Gap shundaki, Majlis deputati Marat Boshimov o‘ta boy fuqarolar uchun bundan bu yog‘iga oshirilgan daromad solig‘ini joriy qilish taklifini berdi. Soliq islohoti parlamentdagi davra suhbatida qizg‘in muhokama qilingan. O‘ta boylar ro‘yxatida 162 ta oila bor, ular Qozog‘istondagi oligarxlar. Qonunchi ularga daromad solig‘ini kamida 50% qilib belgilashni so‘rayapti.

"Oddiy savolim bor. Qozog‘istonda o‘ta boy odamlar borligini tan oldik, ulkan boyliklar mamlakatdan olib chiqib ketildi. Davlat rahbarining o‘zi aktivlarni qaytarish alohida qonun doirasida amalga oshiriladi, degan. Nega biz o‘ta boylar uchun daromad solig‘ini oshirish normasini o‘rnatmaymiz? To‘lashsin! Keling, 50 foizlik daromad solig‘ini joriy qilaylik, dedi Boshimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istondagidek tez boyish misollari dunyoning hech bir joyida yo‘q, biroq yirik kapitalga soliq solish o‘sha darajada qolib ketmoqda.

Shuningdek, deputat soliqlar adolatli bo‘lsa, tashqi investorlar iqtisodiyotga sarmoya kiritishga tayyorligini ta’kidladi. Shu nuqtayi nazardan hashamat solig‘ining joriy etilishi ijtimoiy adolatni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin. Bizda 162 ta eng badavlat oila borligini tan oldik. Keling, yondashuvimizni o‘zgartirib, bu masalaga boshqa tomondan yondashaylik, ularni alohida qonunchilik bilan soliqqa tortaylik, degan fikrni bildirdi qonunchi.

Turkmaniston WhatsApp’ni blokdan chiqardi

Turkmanistonda WhatsApp ijtimoiy tarmog‘i blokdan chiqarildi. 23 fevraldan boshlab, turkmanistonliklar VPN'siz bu platformani ishlata boshlashdi. 25 fevraldan e’tiboran esa poytaxtdan tashqari boshqa viloyatlarda ham WhatsApp ishlagan. Biroq bu qachongacha davom etishi yoki rostdan ham davlat WhatsApp’ni bloklashni butunlay to‘xtatgani so‘roq ostida qolmoqda. Agar blokdan ochilish saqlanib qolsa va butun mamlakat bo‘ylab qo‘llansa, Turkmaniston aholisi xuddi dunyoning boshqa mamlakatlaridagi odamlar kabi eng qulay messenjerlardan biri yordamida bir-birlari bilan muloqot qilishlari mumkin bo‘ladi. Hozirda Turkmanistonda aksariyat ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar, o‘quv va professional platformalar, hattoki, ayrim antiviruslar va o‘yinlar ham bloklangan. Ular faqat VPN yordamida ochilishi mumkin. Tegishli organlar VPN xizmatlarining o‘zini ham doimiy ravishda bloklab keladi. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning yozida davlatda misli ko‘rilmagan darajada “internet amnitsiyasi”, ya’ni avval bloklangan 3 mlrd IP manzillar ochib yuborilgandi. Ammo xalq bu imkoniyatlardan uzoq foydalana olmadi, chunki 2024 yilning oxiridan boshlab tarmoqlar qayta bloklana boshlandi. Yil oxiridan Kiberxavfsizlik direksiyasi rahbarlari yana blokirovkaga o‘tib olishdi, deb yozadi Turkmennews nashri.

 

Aholidan kamroq elektr ishlatish so‘raldi

Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari davlat aholisidan elektrni iloji boricha iqtisod qilib, kamroq ishlatishni so‘radi. Ma’lum bo‘lishicha, shu kunlarda «To‘qto‘g‘ul» gidroelektrostansiyasining 3-qismida ta’mirlash ishlari ketmoqda. Shu munosabat bilan davlat aholiga iltimos bilan chiqqan. Chunki tizimda elektr ishlab chiqarish hajmi kamaygan. Hozir mavjud 4 gidroagregatdan 3 tasi ishlamoqda. Milliy elektr tarmoqlari rekonstruksiya tugaganidan so‘ng GESning quvvati yana qo‘shimcha 60 megavattga oshishini ma’lum qilgan. Shunda stansiyaning umumiy quvvati 1440 megavattni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda ham energetik muammolar bisyor, ayniqsa markaziy shaharlarda elektr o‘chiriladi. Hattoki yangi yilda ham svet o‘chib qolgandi.

Tojikiston armiyasini kuchaytiradi

Tojikiston prezidenti tahdidlar ko‘payib borayotgani uchun armiyani kuchaytirish kerakligini gapirdi. Harbiy va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari eng yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratishi kerak, deydi Rahmon. U bu haqda mamlakat Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi munosabati bilan qilgan tabrik nutqida aytib o‘tdi.

Bugun shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyoda harbiy xizmatchilarni qayta tayyorlash, ularning professionalligini oshirish, yangi texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektni o‘zlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarur. Uskunalarni modernizatsiya qilish va xizmat ko‘rsatish uchun yaxshi sharoitlar yaratish kerak.

Dunyoning inqirozli sharoitida, jamiyat va davlat xavfsizligiga tahdidlar kuchayib borayotgan bir paytda mamlakat mudofaa qudratini mustahkamlash eng muhim vazifalarimizdan biridir, deydi Tojikiston prezidenti.

U qo‘shinlarning doimiy shayligini, zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlash zarurligini ham gapirdi. Hozirgi global harbiy-siyosiy vaziyat, qurollanish poygasi va sovuq urushning kuchayishi harbiylardan vazifalarni bajarishga yuqori tayyorgarlikni talab qiladi, deya qo‘shimcha qiladi Tojikiston rahbari.

Prezident ekstremistik va terrorchi guruhlar faolligi ortib borayotgani, giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi va kiberjinoyatchilik avj olayotganini ham ta’kidlagan. Bu esa armiya va huquq-tartibot idoralari faoliyatiga zamonaviy usul va texnologiyalarni joriy etishni taqozo etadi.

23 fevral kuni Tojikiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligini nishonladi. Ushbu voqea munosabati bilan mamlakatda tantanali tadbir o‘tkazilgan. Harbiy paradda prezident va hukumat a’zolari ham qatnashdi. 

Turkmanistonda yog‘ taqchilligi

Turkmanistonda vaqti-vaqti bilan o‘simlik yog‘i tanqisligi va narx-navoning birdan ko‘tarilishi kuzatiladi. Hukumat bu muammoni doim yashirishga urinib, oziq-ovqat siyosatida to‘kin-sochinlikni ko‘rsatishga urinsa-da, oddiy turkmanlar tez-tez yog‘ muammosiga duch kelishadi. Shu kunlarda qo‘shni davlatdagi do‘konlar peshtaxtalaridan o‘simlik yog‘lari yo‘qolib qolgan, aniqrog‘i savdogarlarning yog‘ sotishi jiddiy nazorat qilinmoqda. Ko‘pchilik buni yana yog‘ tanqisligiga uladi, lekin aslida unday emas. Chunki narxlar ko‘tarilmagan va kishi boshiga ma’lum chegara belgilanmagan. O‘tgan hafta do‘konlardan o‘simlik yog‘ini olish muammo emasdi, lekin bu hafta uni topish qiyin bo‘lmoqda, deb yozadi Turkmannews. Ma’lum bo‘lishicha, yog‘ sotish ortidan do‘konchilar jarimaga tortilishi va javobgar bo‘lishi mumkin, ular bundan ogohlantirilgan. Nashrning qo‘shimcha qilishicha, bu o‘tkir yog‘ tanqisligi bilan bog‘liq emas. Chunki davlat do‘konlarida yog‘ning narxi o‘zgarmagan, litriga 25 manat. Bir kishiga sotilishi mumkin bo‘lgan miqdor bo‘yicha ham hech qanday cheklovlar yo‘q. Katta ehtimol bilan kelgusi taqchilliklar oldini olish uchun bu choralar ko‘rilayotgan bo‘lishi mumkin.

Mahalliy aholi uchun paxta yog‘i kundalik ehtiyoj baland va ro‘zg‘orda kerakli birlamchi oziq-ovqat mahsuloti. Bu yil davlatda paxta kam yetishtirilgan, yog‘ taqchilligiga sabab shu bo‘lishi mumkin. Yoki bo‘lmasa tizimdagi korrupsiya va davlat pullarining yeb yuborilishi bunga ta’sir qilgan. O‘tgan 2024 yilning oxirida Eron Turkmaniston bilan chegarani yopgani bois yuklar o‘tmay qolgandi va natijada o‘simlik yog‘lari narxi 18 manatdan 25 manatga qimmatlagan.

Qozog‘iston kadrlar taqchilligiga duch kelmoqda

 Qozog‘iston yaqin yillarda jiddiy kadrlar taqchilligiga duch keladi. Bu haqida parlament yig‘ilishi chog‘ida Qozog‘iston Senati raisi Maulen Ashimbayev gapirdi. Shu bilan birga rais tajribali va malakali ishchilar hozirdan yetishmasligini qo‘shimcha qilgan.

"Muhandislar, texnik xodimlar, agronomlar, veterinarlar va boshqa muhim kasblarga talab katta. Kelgusida bu tendensiya yanada ortadi. Mehnat resurslarini rivojlantirish markazining prognozlariga ko‘ra, 2030 yilga kelib mamlakat iqtisodiyotiga barcha sohalarda qo‘shimcha 1,6 million kishi kerak bo‘ladi. Hozirdanoq Qozog‘istonda 90 mingga yaqin oliy ma’lumotli va kasbiy ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislarga ehtiyoj bor ”, dedi spiker.

Ma’lum bo‘lishicha, eng ko‘p talab qurilish, ishlab chiqarish, transport kabi jamiyat hayoti uchun muhim bo‘lgan tarmoqlarda.

Mehnatni rivojlantirish markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston yuk mashinasi haydovchisi hozirdan yetishmayapti. Bundan tashqari, chilangar, santexnik, payvandchi, qurilish guruhi rahbarlari, avtobus haydovchisi, suvoqchi, elektrik, traktor haydovchisi, quruvchi-montajchilarga talab borgan sari ortib bormoqda.

Afg‘onistonda internet qimmatlab ketdi

2025 yil yanvardan oshgan internet narxlari Afg‘onistonda internetdan foydalanish imkoniyatini yanada bo‘g‘moqda.

Kobul aholisi mamlakatda internet-paketlar qimmatligidan shikoyat qilib, Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligini internet narxlarini pasaytirishga chaqirdi.

Ular internet narxi uning sifatsizligiga mos kelmasligini aytadi va arzonroq narxlar bilan birga xizmatlarni yaxshilashni talab qilishyapti. Bu haqida mahalliy nashr – Tolonews alohida material e’lon qilgan.

 “Internet narxi oshdi va uni pasaytirish kerak, chunki odamlarning iqtisodiy ahvoli o‘ta zaif. Narx pasaysa, internetdan foydalanish biroz ortardi”, - deydi kobulliklar.

Afg‘onistonda internet narxi qo‘shni davlatlarnikidan karrasiga yuqori. Telekommunikatsiyalarni tartibga solish boshqarmasi mamlakatda internetdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash va narxni pasaytirish ustida ish olib borayotganini e’lon qildi.

Avvalroq Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi Afg‘oniston bo‘ylab 488 kilometr optik tolali kabel yotqizish loyihasi ma’qullangani haqida xabar bergan edi.

Vazirlik shuningdek, ayrim viloyatlarda optik tolali tarmoqqa ulanish ishlari davom etayotgani, boshqa viloyatlarda esa yaqinda ish boshlanganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid