«Barsa» va «Atletiko» o‘yinida 8 ta gol urildi
0:2, 4:2, 4:4. Ispaniya Kubogi yarimfinalining birinchi uchrashuvi mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan biri bo‘ldi.

Photo by David Ramos/Getty Image
Ispaniya kubogi. Yarimfinal. Birinchi o‘yin
«Barselona» – «Atletiko» – 4:4
Gollar: Pedri 19 , Kubarsi 21, Inigo Martines 41, Levandovski 74 — Alvares 1, Grizmann 6, Liorente 84, Serlot, 90+3 (4:4).
«Barselona» – Shensni, Kubarsi, Balde, Inigo Martines , Kunde, Pedri (Garsiya 85), Yamal, Olmo (Gavi 68), de Yong, Torres, (Levandovski 68), Rafinya (Fermin Lopes 85)
«Atletiko» – Musso, Ximenes, Langle, Galan (Mandava 55), Gallaher (Molina 60), de Paul (Serlot 68), Barrios, Liorente, Grizmann (Korrea 68), Alvares, Simeone (Lino 55).
«Barselona» va «Atletiko» Ispaniya Kubogi yarimfinalining ilk uchrashuvida muxlislar uchun shou uyushtirib berdi. Ikki jamoa jami sakkiz gol urdi — bu o‘yin ancha vaqtgacha yodda qoladi.
Kataloniyaliklar klubi bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Gavi va Robert Levandovskini zaxirada qoldirdi. Frenki de Yong va Ferran Torres esa ilk daqiqalardan maydonda harakat qildi. «Atletiko» darvozasida Xuan Musso paydo bo‘ldi. Bu Ispaniya Kubogi uchun odatiy kartina, Yan Oblak bu turnirdagi o‘yinlarda doimo zaxira o‘rindig‘ida qoladi. Oxirgi vaqtlarda zaxira futbolchisiga aylanib qolgan Konor Gallaher ham shu kuni boshlang‘ich tarkibdan o‘rin oldi.
«Barselona» futbolchilari o‘yin startini o‘ta muvaffaqiyatsiz o‘tkazishdi. Oltinchi daqiqaga kelib tabloda 0:2 hisobi porlayotgandi. Voysex Shchensni Xulian Alvaresning ilk zarbasini to‘sib, to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yubordi. Ammo ilk standart vaziyat mehmonlar uchun omadli bo‘ldi. Antuan Grizmann to‘pni oshirdi, Kleman Langle uni olis ustun tomon o‘tkazib berdi, u yerda bo‘sh qolgan Alvares esa yaqin burchakni osonlik bilan ishg‘ol etdi. Bu vaqtda o‘yinning 47-soniyasi o‘tib borayotgandi.
Bir necha daqiqa o‘tib esa Xulian assistent vazifasini bajarib berdi. U bu vaziyatda raqib himoyachilari ortiga ochilgan Grizmanni to‘p bilan ta’minladi, fransuz esa Baldeni bolalarcha aldab o‘tib, darvozabonga ham imkoniyat qoldirmadi. «Barsa» o‘z uyida oltinchi daqiqaga kelib ikki to‘p farqi bilan hisobda ortda borishi 123 yildan buyon kuzatilmagandi. «Atletiko» bilan o‘yinda bunday holatga tushish — har qanday raqib uchun hukm bo‘lishi mumkin, ammo ko‘k-anorranglilar tezda o‘ziga kelishdi. Avvaliga Ferran Torres yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, ammo Musso uning niyatini «o‘qidi».
«Barsa»ga ham muvozanatni tenglashtirish uchun bir necha daqiqa yetarli bo‘ldi. Mezbonlar raqib himoyasidagi zaif nuqtani topishdi. Xavi Galan Yamalni to‘xtatish uchun ishonchli nomzod emasligi oldindan ko‘rinib turgandi, unga Gallaherning yordamga kelishi ham yetarli bo‘lmadi. Aynan ingliz yarimhimoyachisi qanotda xatoga yo‘l qo‘ydi, shundan keyin Kunde jarima maydoni markazidan darvozani o‘qqa tutgan Pedrini golli pas bilan ta’minladi. Keyin esa «Atletiko» darvozasi qarshisidagi standart vaziyat ish berdi. Pau Kubarsi to‘p uchun kurashda Pablo Barriosdan ustun kelib, Rafinyaning uzatmasini golga aylantirdi. Bir oy oldin 18 yoshga to‘lgan markaziy himoyachi «Barsa»ning asosiy jamoasidagi 62-o‘yinida ilk golini nishonladi.
Keyin esa Ferran yana bir qulay vaziyatni ko‘kka sovurdi — u mehmonlar xatosidan foydalanib qulay vaziyatga chiqib bordi, ammo darvozabonni ham aldab o‘tganidan keyin juda kuchsiz zarba berdi va Ximenes bo‘sh darvozaga yumalab ketayotgan to‘pga yetib qoldi. «Barsa» baribir tanaffusgacha uchinchi golini urdi. «Atletiko» himoyachilari yana bir standart vaziyatda o‘ta bo‘sh harakat qilishdi. Bu safar Inigo Martines olis ustun yaqinida mutlaqo bo‘sh qoldirildi va boshda aniq zarba yo‘lladi.
Flik ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida maydonga Gavi va Levandovskini tushirdi. Va polshalik hujumchi murabbiyning ishonchini oqladi. Robertga maydonga tushganidan keyin gol urish uchun uch daqiqa yetarli bo‘ldi. Lekin bu golda asosiy ishni Lamin Yamal bajardi. Ko‘k-anorranglilarning texnikasi eng kuchli futbolchisi shunday uzatma berdiki, Levandovskidan shunchaki bo‘sh darvoza qarshisida to‘pga teginib qo‘yish qolgandi. Va u xato qilmadi — 4:2.
Ammo bu hali hammasi emasdi. «Atletiko» asosiy vaqt tugashiga olti daqiqa qolganida o‘yinga intriga qaytardi. Bu mavsumda «matraschilar» — so‘nggi daqiqalar qiroli va Ispaniyaning eng irodali jamoasi. Simeone ixtiyorida eng sermahsul va keng zaxira o‘rindig‘i bor, bu esa tizimli ravishda ish bermoqda. Uning sevimli futbolchisi — Korrea — uzoq yillardan buyon asosiy tarkib futbolchisiga aylana olmadi, ammo u tengi yo‘q joker. Seshanba oqshomida ham u maydonga tushdi va o‘z atrofiga raqib futbolchilarini jamlab, markazda bo‘sh qolgan Liorenteni to‘p bilan ta’minladi.
Keyin esa zaxiradan tushgan boshqa futbolchilar ham o‘zini ko‘rsatdi. Qo‘shimcha daqiqalarda Samuel Lino pas berdi, Aleksandr Syorlot esa o‘z vaziyatidan foydalandi. 2024 yil dekabrida ham aynan ushbu norvegiyalik Ispaniya chempionati doirasida «Barsa»ga qarshi safar o‘yinining qo‘shimcha daqiqalarida «Atletiko»ga g‘alaba (2:1) keltiruvchi golni urgandi.
Endi aprelda Madridda — javob uchrashuvi o‘tkaziladi. Yarimfinalning ikkinchi juftligi — «Real Sosiyedad» va «Real» esa bugun birinchi o‘yinni o‘tkazishadi.
Mavzuga oid

13:53 / 10.03.2025
«Real» «Barsa»ga yetib oldi, «Roma»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

10:50 / 09.03.2025
«Siti» muhim o‘yinda yutqazdi, «Barselona»da fojia. Kun o‘yinlari

03:05 / 06.03.2025
«PSJ» «Liverpul»ga alamli tarzda yutqazdi, «Barsa» 10 kishi bo‘lib g‘alaba qozondi

12:16 / 05.03.2025