Jahon | 23:29 / 26.02.2025
5420
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh yon berdi: Zelenskiy resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolagani Vashingtonga borishi kutilmoqda

Ukraina va AQSh o‘rtasidagi mineral resurslar bo‘yicha kelishuv aftidan urushni tugatishda burilish nuqtasi bo‘ladi. Ushbu kelishuv atrofida yangi tafsilotlar paydo bo‘ldi.

AQSh Ukrainaga yon berdimi?

Financial Times shu kunlarda kelishuvga oid yangi tafsilotlarni e’lon qildi. Unda aytilishicha, Kiyev va Vashington kelishuv shartlari bo‘yicha kelishuvga erishgan. Nashrning yozishicha, AQSh kelishuvning eng mojaroli qismi – Ukraina 500 milliard dollarlik resurslarni berishi kerak degan joyini olib tashlashga rozi bo‘lgan. Ya’ni kelishuv masalasida Vashington Kiyevga yon bergan.

Financial Times suhbatdoshlari Ukraina AQSh bilan muzokaralarda kelishuvni ancha real ko‘rinishga keltirishga erishgani haqida aytgan. Qayd etilishicha, bu kelishuv imzolanishi AQSh bilan munosabatlar keng yo‘nalishda davom etishini ta’minlaydi. Jurnalistlar hujjatning oxirgi variantini o‘qib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Unda aytilishicha, Vashington va Kiyev Ukrainadagi mineral resurslardan tushadigan kelajakdagi daromadlar evaziga maxsus fond tashkil qilib, pulni bo‘lishadi. Ushbu fond asosan Ukrainadagi loyihalarni moliyalashtirishga qaratiladi.

Shuningdek, kelishuvdan Ukraina budjetiga pul olib kelayotgan resurslar bo‘yicha joyi ham olib tashlangan. Ya’ni Amerika Ukrainadagi neft va gaz sohalariga tegmaslikka rozi bo‘lgan.

Ammo kelishuvda hozircha Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha hech narsa deyilmagan. AQSh ushbu fonddan qancha ulush olishi ham keyingi muzokaralar davomida belgilanishi qayd etilgan. Aftidan, bu hal qiluvchi detallar Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuvda aniqlashtiriladi. Zelenskiy 28 fevral kuni Vashingtonga borib, Tramp bilan uchrashishi kutilmoqda.

«Ularga Javelinʼni men berganman»

AQShning milliarder prezidenti Donald Tramp Kiyev sezilarli yon berilgan bo‘lsa-da, u taklif qilgan kelishuvga rozi bo‘lgani haqida xabarlar fonida butunlay boshqacha gaplarni ayta boshladi. Zelenskiy jurnalistlar oldiga chiqib, men ukrainlarning o‘n avlodi to‘laydigan kelishuvni imzolamayman, degan vaqtida Tramp uning manziliga qanday tahdidlar qilganini eslang. Endi Tramp Ukraina kelishuv doirasida 350 milliard dollarga, juda katta harbiy yordamga va urushni davom ettirish huquqiga ega bo‘lishini aytmoqda.

E’tibor bering, Tramp Rossiya bilan kelishuv bo‘lmaguniga qadar Ukrainaga harbiy yordam yuborilaverishini aytdi. Axir Bayden ma’muriyati davrida ajratilgan qurollar hamon Ukrainaga yetkazib turilibdi.

Yana Tramp tankka qarshi Javelin raketalarini aynan u Ukrainaga berganini aytdi. «Ukrain askarlari juda jasoratli, lekin bizning qurollarsiz bu urush juda tez tugagan bo‘lardi. Aslida ularga Javelinʼni men berganman, ular Javelin bilan ko‘p tanklarni yo‘q qilishdi», dedi Tramp.

Ana shunaqa gaplar. Bugungi dunyo siyosati har qancha chigal bo‘lmasin, juda katta pul o‘rtaga chiqqanda siyosat ham, prinsiplar ham «chekkaga chiqib jimgina tamaki tutatadi». Hali bu yerda Putin Trampga Rossiyada nodir metallar qazib olishni taklif qilmoqda. Xullas, qiziq ishlar boshlanyapti. Bizni kuzatishda davom etsangiz, muhim voqealardan bexabar qolmaysiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid